San’atkor ovozi balandroq yangrashi kerak

Posted July 8th, 2013 at 3:53 am (UTC+0)
2 comments

Jennifer Lopez, Los Angeles (REUTERS)

Pop yulduzi Jennifer Lopezning Turkmanistonga borib, prezident Qurbonguli Berdimuhammedov uchun “Happy Birthday to You!” qo’shig’ini kuylashi haqida o’tgan hafta Markaziy Osiyoni doimiy ravishda yoritib boradigan ommaviy axborot vositalari ham (jumladan, biz ham), Turkmaniston qayerdaligini ungacha aniq bilmaganlari ham rosa yozdi.

Jahon yulduzlari orasida mashhurlik va, demak, gonorarlari bilan birinchilardan bo’lgan Jennifer Lopez ismi uning o’zi kutmagan holda diktator rejimi baravarida tilga olindi. Ammo, nazarimda, bu hodisaning oqibatlari faqat ijobiy bo’ldi. Hatto JLo uchun ham.

Xonandaning inson huquqlari tashkilotlari tanqidiga uchraganini uning o’ziga qattiq botganiga shubham yo’q. Yordamchilari-yu agentlari ham validol yutgan bo’lsa kerak, yo bo’lmasa ishini qo’qotgandir. Xo’p, bularini salbiy oqibatlarga kirita qolaylik.

Lekin intervyularining birida “Men hech qachon siyosatga aralashmayman” degan xonanda o’zi istamagan holda dunyo mamlakatlaridan kamida bittasi haqida ozmi ko’pmi ma’lumot oldi, to’g’rimi? Yangi bilim olishni kim salbiy deb baholaydi?! Demak, bu birnichi ijobiy natija. Lekin eng muhimi emas.

Qolganlari muhim.

Inson huquqlari faollari uchun bu voqea oqibatlari ijobiy bo’lganiga shubha yo’q. Axir e’tibor Turkmanistonda inson huquqlari oyog’-osti qilinayotganiga qaratildi.

Matbuot ham bundan foyda ko’rdi. Turkmaniston haqidagi maqola yoki reportajni kim o’qiydi? Jennifer Lopez desangiz-da, seksi xonandaning suratlarini chiqarsangiz-chi? Farqni payqadingizmi, aziz gapdoshim? Jurnalistmiz-da, matbuot “qora-oqini” yaxshi tushunamiz. Rus tilida “zhyoltaya pressa”, ingliz tilida “tabloid” deganlarining bozori chaqqonligini ham hammamiz yaxshi bilamiz.

Mashhur yulduzni Turkmaniston sahnasida ko’rgan sanoqli mansabdorlarning kayfiyatini o’ylasak, yana bir kaaatta ijobiy natija bo’lganini anglaymiz. Har holda xursandchilik yaxshi narsa-da.

Yana bir gap. Jiddiy gap.

San’atkor mas’uliyatli bo’lishi lozim. Qancha mashhur bo’lsa, mas’uliyati ham shuncha katta.

JLo atrofidagi shov-shuv nafaqat uning o’zi, balki boshqa yulzudlarga saboq bo’lsin. Kelasi safar taklif tushsa, xonanda o’z agentidan “qancha to’lasharkan”, deb so’raganidan keyin “qanday mamlakat ekan o’zi u yer”, deya qiziqsin.

Sting bilmagan holda O’zbekistonga bordi. Inson huquqlari xalqaro hamjamiyati uni nishonga olganidan keyin Qozog’istonga borish taklifini rad etdi.

Xillari Suonk Checheniston prezidenti Ramzan Qodirov sharafiga uyushtirilgan konsertda qatnashgani uchun – tanqidlardan keyin (!) – uzr so’radi.

Bundan bir necha oy oldin bir video ko’rgandim. Jahon turnesiga otlanayotgan JLo boradigan mamlakatning har biridan bir nafar jurnalistni tanlab, ular bilan Skype orqali suhbatlashgan, konserti haqida gapirib berish uchun. Rossiyadan Kseniya Sobchak tanlangan.

Sobchak Jennifer Lopezdan Vladimir Putin haqida tanqidiy qo’shiq kuylagani uchun repressiyaga uchragan “Pussy Riot” guruhi qizlari taqdiri haqida savol berdi. “Madonna ularni qo’llab-quvvatladi, siz nima deysiz”, – deganida JLoning “Pussy Riot” haqida umuman eshitmaganligi ayon bo’ldi. JLo “men siyosatga aralashmayman” , – degan edi o’shanda.

Mana endi Turkmanistonga borib, istamagan ravishda siyosatga aralashib qoldi. Uzr so’radi, tushuntirdi.

Bu siyosatga aralashish emas. Bu fuqaroning fikri, pozitsiyasi, ovozi. Yulduzning ovozi oddiy odamlarnikidan qattiqroq yangrashi kerak. Faqat qo’shiq aytganda emas.

Nima deysiz?

Gaplashamiz.

 

2 Responses to “San’atkor ovozi balandroq yangrashi kerak”

  1. Shermuhammad says:

    To‘g‘risi, nimaga arzimagan shu ish buncha shov-shuvga sabab bo‘lganiga tushunmadim. Chet ellik, xususan, AQShlik san’atkorlarning nodemokratik davlat boshliqlari yoki yuqori mansabli shaxslari tug‘ilgan kunlari yoki to‘ylariga kelishi kecha yoki bugun paydo bo‘lib qolgan narsa emas-ku. Keyingi yili ham Qurbong‘uli Berdimuhammedovning tug‘ilgan kuniga JLo’dan ham qolishmaydigan san’atkor tashrif buyursa, hech ham ajablanmayman. Yana bir gap. Nimaga odamlar JLo’ning ishiga aralashib, uning qayerda konsert berishini nazorat qilishmoqchi?! U qo‘shiqchi, kim pulini to‘lasa, o‘sha uchun kuylaydi. Bu pullar qaysi yo‘l bilan topilgani esa, uni umuman qiziqtirmaydi. Bu uning ishi emas. Qolaversa, nima uchun hamma JLo inson huquqlari va demokratiya kuychisi bo‘lishi kerak, degan fikrda, hayronman. AQSh siyosatini chet elda targ‘ib qilish vazifasi yuklatilmagan unga, axir. Balki u umuman bu qadriyatlarga tupurar? Bu ham uning ishi, uning huquqi.

Leave a Reply

Inter-Gap haqida

Gap, gap, gap… Biz, o’zbeklar uchun gap – ijtimoiy tadbir. Erkak va ayollar alohida yoki birgalikda juda bo’lmaganda oyiga bir marta yig’ilib, “gap o’ynaydi”. Gapga qo’shilgan odamlar bir-birining uyi yoki restoranda mehmon bo’lishadi. Xarajatini ham ko’tarishadi. Mezbonga berilgan pul nafaqat dasturxon xarajatlarini qoplashi shart, balki qo’shimcha daromad ham bo’lishi lozim. Gapdan maqsad aynan shu. Moliyaviy maqsad. Ijtimoiy jihatiga kelsak… Ha, miriqib gaplashish, muloqot qilish, u yoq, bu yoqdan eshitilgan xabarlar bilan o’rtoqlashish, fikr almashish. Ha, bunisi tushunarli, Inter-i nimasi, dedingizmi? Internet davrida yashayapmiz. Pichoqqa ilinadigan har bir gap internetga chiqadi. Biz ham “Amerika Ovozi” da siz bilan gap o’ynashga qaror qildik. Qo’lda bir piyola choy bilan gapdan olamiz. Men mezbon ekanman, gapni boshlab beraman. Siz qo’shiling, fikr-mulohaza bildiring. Xarajati yo’q. Tez ishlab turgan internetingiz bo’lsa bas. Sizga katta rahmat va InterGAPga marhamat.

TV reportajlar