Ayol prezident? Amerikaliklar nima deydi?

Posted August 13th, 2013 at 4:12 am (UTC+0)
Leave a comment

Xillari Klinton – AQSh sobiq prezidenti Bill Klintonning rafiqasi va sobiq davlat kotibasi. Xonim 2008-yilda prezidentlik uchun jon-jahdi bilan kurashgan, lekin Oq Uyni Barak Obamaga boy bergan. 2016-yilda yana harakat qiladimi? Hozircha, lom-mim demayapti.

Davlat rahbarini demokratik yo’l bilan saylash amaliyotining davomiyligi jihatidan birinchilardan bo’lgan AQShda hali ham ayol prezident bo’lmagan.

Shu kunlarda “Nyu-York Tayms (The New York Times) ham, “”Vashington Post” (The Washington Post”) ham Xillari Klintonning 2016-yilgi poygada qatnashish-qatnashmasligi masalasini ko’tarmoqda. Aksariyat kuzatuvchilar “to’xtang, shoshmang, hali vaqt bor, Davlat kotibasi lavozimida ter to’kkan Klinton xonimga sal dam beraylik”, deyishiga qaramay, nafaqat savolga javob izlayotganlar, balki “Klintonni prezidentlikka!” deb norasmiy kampaniya boshlab yuborganlar ham ko’p.

Sobiq prezidentning rafiqasi va sobiq davlat kotibasi hozircha Oq Uyni nishonga olish-olmasligi yuzasidan o’z qarorini e’lon qilmagan. Nafaqat yuqori darajadagi  professionalizmi, balki ambitisiyalari bilan ajralib turadigan Klinton xonimni shaxsan taniydiganlar uning hokimiyat cho’qqisiga chiqishiga, har holda da’vo qilishiga shubha qilmayapti.

Qizig’i shundaki – gapning boshida aytganimdek – shu kungacha ayol kishi bu davlatda rahbar bo’lmagan. Bu borada AQSh nafaqat Britaniya, Germaniya, Kanada, Avstraliya va Irlandiya, balki Hindiston va Pokistondan ham ortda.

Lekin bu yuqori lavozimga bir necha ayol da’vo qilgan. Kamida 35 xonim Oq Uyni egallashga uringan. Birinchisi 1870-yilda! Garchi u davrda AQShning ikkitagina shtatida xotin-qizlar ovoz berish huquqiga ega bo’lgan bo’lsa-da. Qiziq-a?! Viktoriya Vudxall ismli ayol o’z kampaniyasida xotin-qizlar huquqlari, birinchi navbatda, ovoz berish huquqini targ’ib qilgan.

Boshqa nomzodlar haqida batafsil bilmoqchi bo’lsangiz, mana bu yerni bosing. Ma’lumot ingliz tilida. Ingliz tilini bilmasangiz ham bosing. U dovyurak ayollar suratlarini ko’rishning o’zi ham qiziq. Orasida qora tanli, hatto yapon ayollarini ko’rib men hayratga tushdim.

Klintonning 2016-poygada qatnashish-qatnashmasligi kechi bilan 2014-yilda ma’lum bo’ladi. Prezident kampaniyasi bu mamlakatda erta boshlanadi. Shaxsan men Xillari Klintonning Oq Uyga prezident sifatida qaytmoqchiligiga ishonaman.

Arbobning qarori qanday bo’lishidan qat’i nazar AQShning keyingi rahbari ulkan muammolarni hal etish salohiyatiga ega bo’lishi kerak. Iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash, o’rta sinf saflarini kengaytirib, uni kuchaytirish kabi masalalar har bir fuqaroning ovoziga ta’sir qiladi.

Vashington Post”ning yozishicha, nomzodning jinsi yoki qay oiladan ekani muhim emas. Gap uning iqtidori va irodasida.

Xulosa sifatida bir iqtibos keltirsam.

1914-yilda prezidentlikka da’vo qilgan ayol, Belva Lokvuddan bir muxbir “Bir kunmas bir kun Oq Uyni ayol egallashi mumkinmi?” deb so’raganida u “Bu faqat uning xizmatiga bog’liq bo’ladi. Hech qanday harakat hech bir nomzodni faqatgina ayolligi uchun Oq Uy sohibasi qilolmaydi”, degan ekan.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Inter-Gap haqida

Gap, gap, gap… Biz, o’zbeklar uchun gap – ijtimoiy tadbir. Erkak va ayollar alohida yoki birgalikda juda bo’lmaganda oyiga bir marta yig’ilib, “gap o’ynaydi”. Gapga qo’shilgan odamlar bir-birining uyi yoki restoranda mehmon bo’lishadi. Xarajatini ham ko’tarishadi. Mezbonga berilgan pul nafaqat dasturxon xarajatlarini qoplashi shart, balki qo’shimcha daromad ham bo’lishi lozim. Gapdan maqsad aynan shu. Moliyaviy maqsad. Ijtimoiy jihatiga kelsak… Ha, miriqib gaplashish, muloqot qilish, u yoq, bu yoqdan eshitilgan xabarlar bilan o’rtoqlashish, fikr almashish. Ha, bunisi tushunarli, Inter-i nimasi, dedingizmi? Internet davrida yashayapmiz. Pichoqqa ilinadigan har bir gap internetga chiqadi. Biz ham “Amerika Ovozi” da siz bilan gap o’ynashga qaror qildik. Qo’lda bir piyola choy bilan gapdan olamiz. Men mezbon ekanman, gapni boshlab beraman. Siz qo’shiling, fikr-mulohaza bildiring. Xarajati yo’q. Tez ishlab turgan internetingiz bo’lsa bas. Sizga katta rahmat va Inter-GAPga marhamat.

TV dasturlar