Rossiyadagi voqealar haqida nima deysiz?

Posted October 19th, 2013 at 3:54 am (UTC+0)
Leave a comment

Moskvada Qurbon hayiti namozi, 15-oktabr, 2013 (REUTERS)

Biryulyovodagi voqealar va ular ketidan Rossiyada avj olgan millatchilik va tazyiqlar hech kimni befarq qoldirmadi. Quyida muxlislarimizdan kelgan maktublar.

Siz ham fikr bildiring, bizga yozing. Qiziq gap, chuqur tahlil bo’lsa, albatta chop etamiz. 

“Rus muxolifatining namoyondalaridan bo‘lmish Aleksey Navalniy Markaziy Osiyo va Kavkazorti davlatlari bilan viza tartibini joriy qilish uchun imzo to‘plashni boshlabdi. Bunga 13-oktabr kuni Biryulevoda yuz bergan voqealar sabab, yana ham aniqrog‘i bahona sifatida ko‘rsatilmoqda. Umuman olganda, bu mehnat muhojirlariga qarshi qilinayotgan birinchi harakatlar emas. So‘nggi yillarda kavkazlik va osiyolik “mehmon”larga munosabat ancha keskinlashgani ham, Rossiyada millatchi kuchlarning faollashgani ham hech kimga sir emas.

Navalniyning bu tashabbusi nima bilan yakunlanishi haqida biror narsa deyish qiyin. Albatta, agar Rossiya Markaziy Osiyo bilan viza tartibini joriy qilsa, bu u yerda ishlayotgan ko‘plab vatandoshlarimizga o‘zining salbiy ta’sirini yetkazishi tabiiy. Shaxsan men bunday qonun qabul qilinishiga ishonmayman. Rossiya uchun bu geosiyosiy nuqtai nazardan foydali qaror emas.

To‘g‘risi, meni bu narsalar ko‘p o‘ylantirgani yo‘q. Meni millatimizning bugungi umumiy ahvoli ko‘proq o‘ylantiradi. Biryulyovo voqealaridan keyin migrantlar, xususan markaziy osiyolik mehnat muhojirlari haqida internetda ham, TVda ham xo‘p va ko‘p gapirildi. Ruslarning aksarining gaplarini eshitar ekanman, shaxsan menda, bu gaplar millatchilik ruhiga yo‘g‘irilgan va bizning xalqlarimizga nisbatan past nazar bilan aytilgandek taassurot uyg‘ondi.

So‘nggi yillarda, afsuski, ruslarda xalqimizga nisbatan qoloq, yovvoyi, faqat qora ishlar qilishga yaraydigan odamlar degan qarash shakllanib ulgurdi. “Nasha Russia” ko‘rsatuvi ham mening nazarimda mana shuning yaqqol misoli. Eng achinarlisi, ko‘pchilik mehnat muhojirlarimiz bunday qarashga qarshi emas. O‘sha Jumshud bilan Ravshanning ham ashaddiy muxlislari. Nahotki ular janob Galustyan ikki tojik yigiti misolida butun Markaziy Osiyo xalqlari ustidan kulayotganini tushunmasa? Bilmadim, balki, men zamonaviy san’at, yumor va kulguni tushunmay qolgandirman…

Nazarimda, tirikchilik g‘ami odamlarimizda o‘z-o‘ziga hurmat tuyg‘usining unutilishiga sabab bo‘lgandek. Pul berishsa bo‘lgani, har qanday ishga rozimiz. “Yangi o‘ris”larning kamsitishlariga ham chidaymiz, shunisiga ham shukur qilamiz. Shunaqa xalqmiz, deb qo‘yamiz…

Ularni ham to‘g‘ri tushunish kerak. Chunki ular o‘z vatanida ham bunday kamsitishlar ostida yashashga o‘rganib qolishgan. Ehtimol, shu sababdan dalada paxta terishdan o‘rislar qo‘lida ishlashni afzal bilishar? Har qalay, xo‘rlasa ham yotniki uncha bilinmaydi-da.

Mustaqillikdan keyin bizga va’da qilingan buyuk kelajak qani, deb savol bergim keladi. Bir asr Rossiya uchun hom ashyo bazasi bo‘ldik, endi boyliklarimizni o‘zimiz ishlatamiz, deyishgandi. Bu boyliklarning birortamizga bugun foydasi tegayaptimi? Hali hanuz erta bahordan kech kuzgacha hamma paxtada. Xullas, mustaqillik biz kutgan buyuk kelajakni berganiga ozgina shubham bor. Bizga buyuk kelajak kerakmi o‘zi? Bizga risoladagidek bugunni yaratib bering, shuni o‘zi kifoya. Odamlarimiz o‘z vatanida ishlasin, odamga o‘xshab yashasin, to‘ylar qilsin…

Vaholanki, televizorni yoqsangiz bizning qanday buyuk millat ekanligimiz haqidagi lavha va ko‘rsatuvlarni ko‘rib, biz dunyodagi eng buyuk xalq bo‘lsak kerak, degan taasurot qoladi. Davlat boshliqlarimizning nutqlarida ham doim qanday baxtli zamonda yashaganimiz haqida ko‘p gapiriladi. Haqiqiy hayotda esa yarmimiz paxta dalalarida, qolganimiz Moskva ko‘chalarida tongdan shomgacha qora terga botib ishlaymiz.

Bugungi dolzarb masalalardan biri, fikri ojizimcha, millatning singan ruhini tiklash. Unga o‘ziga ishonch tuyg‘usini, o‘z yeriga, vataniga egalik, uning taqdiri uchun javobgarlik hissini shakllantirishdan iborat. Buning uchun bizni qullik sari emas, hurlik sari yetaklaydigan yangi zamonning Cho‘lpon, Qodiriy, Fitrat va Behbudiylari kerak.

Vatanimiz va millatimiz bor bo‘lsin. Omon bo‘ling.

Hurmat va ehtirom ila,

Shermuhammad”

Qirg’iziston

***

Msokvaning Biryulyovo tumanida yuz bergan qotillik tergov qilinar ekan, 1000 dan oshiq migrant ishchi ushlandi, 14-oktabr, 2013 (REUTERS)

“Mehnat muhojirlarining aksariyatini noqonuniy maqom va sektorlarda qolib ketishiga va ba’zida mavjud qonunchilikni buzishiga, hatto jinoyat sodir qilishiga turtki bo’layotgani – Rossiyadagi siyosiy-ijtimoiy va huquq-tartibot organlari tizimi.

Dunyo tajribasi shuni ko’rsatadiki, muhojirlarning hulk-atvori ko’p hollarda qabul qiluvchi mamlakatlarda qanchalik qonunlar hurmat qilinishi, siyosiy, ijtimoiy va huquq-tartibot organlariga, umuman davlat idoralariga fuqarolarda ishonch bor-yo’qligi – mana shu faktorlarga karab ijobiy yoki salbiy tarafga o’zgaradi. Qabul qiluvchi mamlakatdagi jamiyatda hukmron umumiy millatchilik kayfiyati ham muhojirning hulk-atvoriga ta’sir qiladi, bu ham muhim faktor. Afsuski Rossiya hozirgi kunda ushbu faktorlar jihatidan yutqazyapti…

Muhojirlar uchun til, umumiy tarix va o’xshash madaniyat tomonlaridan qulay ekaniga qaramay, Rossiya yuqoridagi faktorlar jihatidan ancha yutqazyati. Masalan, nega xuddi shu muhojirlar AQSh yoki Yevropa davlatlarida o’sha jamiyatga moslashadi, ijobiy tomonga o’zgaradi (o’zgarishga majbur ham)? Chunki ushbu mamlakatlardagi muhit yuqorida aytilgan faktorlar jihatidan Rossiyadagi ahvoldan keskin faqr qiladi, ya’ni qonun ustuvorligi, korrupsiya darajasining pastligi, jamiyat ichida millatchilik kayfiyati ba’zi guruhlarda sezilsa ham davlat boshqaruv mexanizmlari va qonunlar bunday kayfiyatlarning tarqalishiga va xavfli darajaga o’tib ketishga qo’ymaydi.

Muhojirlar Rossiya uchun ham, muhojirlarning vatanlari uchun ham birdek muhim va kerak. Rossiyadagi muhojirlarning hulk-atvori Rossiyadagi bugungi kundagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatning oynadagi aksidir, shuning uchun ularning hulk-atvori Rossiyadagi ahvolning o’zgarishi bilan bog’liq. Shuning uchun taklif qilinayotgan huquq-tartibot chora-tadbirlarini kuchaytirish, viza tartibini joriy etish va kuch ishlatish salohiyatiga ega idoralarga ko’proq urg’u berish ushbu muammoning yechimiga olib kelmaydi. Muammoning yechimi Rossiyadagi umumiy ijtimoiy-siyosiy ahvolning liberallashuvida, ya’ni ijobiy tarafga o’zgarishidadir”.

Ezgu tilaklar bilan,

Suhrob Ismoilov

O’zbekiston/AQSh

***

Aziz gapdoshim, mavzu har birimiz uchun muhim. Siz nima deysiz?

Gaplashamiz.

 

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Inter-Gap haqida

Gap, gap, gap… Biz, o’zbeklar uchun gap – ijtimoiy tadbir. Erkak va ayollar alohida yoki birgalikda juda bo’lmaganda oyiga bir marta yig’ilib, “gap o’ynaydi”. Gapga qo’shilgan odamlar bir-birining uyi yoki restoranda mehmon bo’lishadi. Xarajatini ham ko’tarishadi. Mezbonga berilgan pul nafaqat dasturxon xarajatlarini qoplashi shart, balki qo’shimcha daromad ham bo’lishi lozim. Gapdan maqsad aynan shu. Moliyaviy maqsad. Ijtimoiy jihatiga kelsak… Ha, miriqib gaplashish, muloqot qilish, u yoq, bu yoqdan eshitilgan xabarlar bilan o’rtoqlashish, fikr almashish. Ha, bunisi tushunarli, Inter-i nimasi, dedingizmi? Internet davrida yashayapmiz. Pichoqqa ilinadigan har bir gap internetga chiqadi. Biz ham “Amerika Ovozi” da siz bilan gap o’ynashga qaror qildik. Qo’lda bir piyola choy bilan gapdan olamiz. Men mezbon ekanman, gapni boshlab beraman. Siz qo’shiling, fikr-mulohaza bildiring. Xarajati yo’q. Tez ishlab turgan internetingiz bo’lsa bas. Sizga katta rahmat va Inter-GAPga marhamat.

TV dasturlar