O’zbeklik va o’zlik

Posted December 1st, 2013 at 6:40 pm (UTC+0)
3 comments

Uzbek identity

Nyu-Yorkda o’zbeklar juda ko’p. Shu qadar ko’pki, bir-birini ko’rganida ilgarigidek so’rashib, tanishish o’rniga o’zini ko’rmaganga oladigan, bir-birini begona odamdek qabul qiladigan bo’lgan. Bu tabiiy, chunki vatandoshlar bir-biri bilan tanishgani sari ayrim hollarda o’zbek bo’lishdan boshqa umumiy jihat yoki qiziqish yo’qligini ham tushunadi odam. Lekin muloqot doim bir xil.

-      Amerikaga kelganingizga qancha bo’lgan?

-      “Green card” mi yoki boshqa…?

-      Qayerda turasiz?

Har bir suhbatda beriladigan asosiy savol: “Asli qayerliksiz? O’zbekistonning qayeridan?”

Masalan, toshkentliklar bilan samarqandliklar bir-birini ajratadi. Boshqa yerdan kelganlar ham birinchi navbatda kelgan viloyati yoki shahrini aytadi. Bu ham tabiiy hol. Aytaylik, chet elda bir-birini uchratgan amerikaliklar ham odatda asli qaysi shahar yoki shtatdan ekanini aytadi. Bu haqida gaplashadi. Madaniy ma’noda, masalan, mamlakat sharqi va g’arbi bir-biridan ancha farq qilishini AQShda yashagan odam yaxshi tushunadi. Lekin biz o’zimizni boshqacha tanishtirishimiz. Bu yerda gap “identity” yoki o’zbek tilida “o’zlik” haqida ketyapti.

Amerikalik yoki fransuz xorijga chiqqanidagina emas, vatanda ham birinchi navbatda amerikalik va fransuz. Biz uchun o’zbek bo’lishdan avval vodiylik, xorazmlik yoki toshkentlik ekanimiz muhim. Chetda yurganimizda ham bu birlamchi omil.

Buning tarixiy sabablari bor. Hozirgi O’zbekiston chegarasi 1920-yillarda sovet boshqaruvi tomonidan belgilangan. O’zbek SSR hududiga Buxoro amirligi, Qo’qon va Xiva xonliklariga tegishli yerlar kirgan, vaholanki u yerda yashagan elatlar o’zini umumiy o’zbek deya ta’riflamagan. Nafaqat urf-odatlar, balki tilda ham jiddiy farqlar bo’lgan.

Sovet davrida O’zbekiston aholisi orasida o’zlik haqida gap ketganida bir-birini ajratish davom etgan. Masalan, poytaxt Toshkentga turli viloyatlardan kelgan talabalardan tortib to davlat idoralarida ishlovchi odamlargacha o’zini kelib chiqishga qarab tanishtirgan. SurQash (Surxandaryo va Qashqadaryo) yoki FAN (Farg’ona, Andijon, Namangan) degan norasmiy tushunchalar ishlatilgan.

Lenin va Stalinning millat haqidagi nazariyalarini olg’a surgan olimlar Sovet Ittifoqi parchalanmay yana 20-30 yil turganida o’zbeklar ham o’zini farg’onalik yoki samarqandlik demay, o’zbek deya boshlagan bo’lardi, deb biz, talabalarga, tushuntirgani yodimda. Bu taxmin to’g’rimi yoki yo’q, endi hech kim aytolmaydi. Ahamiyati ham yo’q.

O’zbekiston mustaqil bo’lganiga, yangi davlat sifatida dunyo siyosiy xaritasida o’z o’rnini topganiga mana 22 yil bo’ldi. Lekin o’zbeklar hanuz yagona o’zlikka ega emas. (Qo’shni mamlakatlar hududida azaldan yashab kelgan o’zbeklar haqida gapirmayman. Bu alohida mavzu).

O’zbekistonliklar birinchi navbatda bir-birini toshkentlik yoki samarqandlik ekanini payqaydi. Bir-birimizni shunga qarab qabul qilamiz, shunga qarab xulosa chiqaramiz.  Ayrimlarimiz bir-birimizga insoniy fazilatlar emas, kelib chiqishimizga qarab ijobiy yoki salbiy baho beramiz.

Men bu yerda millat deganida nima tushunilishi haqida gapirmayman. Yoki G’arb ijtimoiy va siyosiy fanlarida katta ahamiyatga egaligi sababli chuqur o’rganiladigan “identity” masalasini ham ko’tarmayman. Bu haqda Wikipedia dan tortib jiddiyroq manbalarda ham o’qishingiz mumkin.

Nyu-York ko’chalarida bir-birimizni ko’rib, tanishganimizda “O’zbekmisiz? O’zbekistonning qayeridansiz?” deb qiziqqanimizda, shu insonga munosabatimizni uning javobi belgilamaydigan vaqt qachon kelarkin, deya o’ylanayapman. Toki o’sha savollar ham, javoblar ham inglizchada aytganda, “small talk” bo’lib qolsin.

Siz nima deysiz?

Gaplashamiz.

 

3 Responses to “O’zbeklik va o’zlik”

  1. Равшан says:

    Киргизистонда шунча узбеклар улиб кетди, Узбекистон огзини хам очиб куймади. “Улар бизданмас, уз муаммоларини узлари хал килишсин”- дея жавоб берилди…
    “Кушни давлатларда азалдан яшаб келган узбеклар хакида гапирмайман” – дебсиз.
    Каримов Kиргизистондаги узбекларни кабул килмагандек, сиз хам гапиришни хам хохламабсиз, кушни юртлардаги узбеклар хакида…
    Мен узбекман, ота-онам хам узбек либоси ва узбек дуппи-чорсисини белга боглаб, уйланишган. Оилада узбекча гаплашамиз. Аям ва синглим, ва хатто аёлим хам давлат тилини (тожикча) билишмайди. Каттам (бобо-фаргонача шевада) кинли пичокларни белига боглаб юришарди. Туй-маъракаларимиз узбекча урф-одатлар билан утади. Лекин ушбу маколада ёзилганидек, битта ва умумий камчилигимиз бор. Душанбе якинида “Россия” жамоа хужалигида 10-та махалла бор. Лекин у махаллалар хозиргача аралашиб кетмаган. Сабаби, бир махаллада зодиёнликлар яшаса, бир махаллада олтиарикликлар яшайди, яна бир махаллада кайрагочликлар яшаса, бирида ургутликлар яшайди… (Зодиён-Олтиарик-Кайрагоч—Фаргона вилоятида жойлашган). Хуллас, Хожибой Тожибоев айтганидек, Узбекистонда водию вохалари бор, водию вохаларини ичида нохияю туманлари бор, туманларни ичида махаллаю кишлоклари бор, махалла-кишлокларни ичида кучалари бор, кучаларда уйлар бор, уйларни ичида ака-укалар уртасида деворлари бор….афсус.

    • gulnozas says:

      Bildirgan fikringiz uchun katta rahmat. Qo’shni mamlakatlarda yashaydigan o’zbeklar alohida e’tiborga loyiq katta mavzu bo’lgani sababli bu haqida gapirmayman, deb yozdim. Hozir, shu damda, shu yerda gapirmayman, dedim. Lekin bu bunday odamlar haqida umuman gapirmayman, deganim emas. Keling, hammamiz birga mavzuni muhokama qilaylik. Boshqa mamlakatlarda yashayotgan o’zbeklar ham fikr bildirsin. O’z o’zligi haqida gapirsin.
      Men O’zbekistonga qo’shni mamlakatlarning barida bo’lganman, har yerda o’zbeklar bilan muloqot qilganman, ish bilan borganimda ham do’st orttirganman. Ular orasida o’zining o’zbekligini o’zbekistonlik o’zbeklarga qaraganda kuchliroq sezadigan ko’pdan-ko’p odamlarni ham ko’rganman. Bu yerda, Nyu-Yorkda ham shunday odamlarni taniyman.
      Siz bildirgan fikrdan mavzu hammamiz uchun muhim va ma’lum ma’noda og’riqli ekani ayon bo’lyapti.
      Keling, suhbatni davom ettiramiz. Nafaqat blog doirasida, balki tashqarida ham, bir-birimiz bilan gaplashganda.
      Sizga rahmat.

  2. Nafisa says:

    Odam ekanimizdan boshqa umumiy jihat topishimiz qiyin aslida, o’zbeklik u yoqda tursin. Boshqa davlatdan kelgan muhojirga ham huddi shu savollarni beramiz. Qaysi tilda va kim bilan bo’lmasin, gaplasha olish odamning tabiati, bilimi, xohishi, charchagan-charchamagani, kayfiyati va boshqa faktorlarga bog’liq. Nima deysiz?

Leave a Reply

Inter-Gap haqida

Gap, gap, gap… Biz, o’zbeklar uchun gap – ijtimoiy tadbir. Erkak va ayollar alohida yoki birgalikda juda bo’lmaganda oyiga bir marta yig’ilib, “gap o’ynaydi”. Gapga qo’shilgan odamlar bir-birining uyi yoki restoranda mehmon bo’lishadi. Xarajatini ham ko’tarishadi. Mezbonga berilgan pul nafaqat dasturxon xarajatlarini qoplashi shart, balki qo’shimcha daromad ham bo’lishi lozim. Gapdan maqsad aynan shu. Moliyaviy maqsad. Ijtimoiy jihatiga kelsak… Ha, miriqib gaplashish, muloqot qilish, u yoq, bu yoqdan eshitilgan xabarlar bilan o’rtoqlashish, fikr almashish. Ha, bunisi tushunarli, Inter-i nimasi, dedingizmi? Internet davrida yashayapmiz. Pichoqqa ilinadigan har bir gap internetga chiqadi. Biz ham “Amerika Ovozi” da siz bilan gap o’ynashga qaror qildik. Qo’lda bir piyola choy bilan gapdan olamiz. Men mezbon ekanman, gapni boshlab beraman. Siz qo’shiling, fikr-mulohaza bildiring. Xarajati yo’q. Tez ishlab turgan internetingiz bo’lsa bas. Sizga katta rahmat va InterGAPga marhamat.

TV reportajlar