blog_Gulnora

Kuni kecha “Gulnora Karimova” nomli epopeyaning yangi qismi tomoshabinlarga taqdim etildi. Bu safar loyihani taqdim etgan taraf – Londonda joylashgan “Davidson Ryan Dore” piar (PR) firmasi.

Firma tarqatgan suratlarda Gulnora Karimova ekani aytilayotgan ayol harbiy forma kiygan odamlar bilan tasvirlangan. Suratlardan ayolning zobitlar bilan bahslashayotganini payqash mumkin. Rasmlarga berilgan tushuntirishga ko’ra, Karimova uy qamog’ida  saqlanayotgan  hovlida rasmga tushirilgan.

Taxminlarga ko’ra, bu taniqli firmani Karimovaning Londonda yashaydigan o’g’li Islom Karimov yollagan. Maqsad – Gulnora Karimovani imij nuqtai nazaridan himoya qilish.

Firma vakilining ta’kidlashicha, Karimova 15 yoshli qizi Imon bilan uy qamog’ida. “Gulnora va qizi kunu tun ovqatsiz qolib ketmoqda”, – deya iddao qildi “Fergana” axborot agentligiga intervyu bergan firma vakili Elena Kudelko.

Uning yana ta’kidlashicha, Karimova qonun ustuvor istalgan mamlakat sudida ko’rsatma berishga tayyor, chunki unga qo’yilgan ayblovlarning bari asossiz.

Bunday iddaolar ilgari “Twitter” ijtimoiy tarmog’i orqali Karimovaning o’zidan yangragan edi. So’ngra o’g’li Islom ularni Rossiya matbuoti orqali takrorladi (bu haqda gaplashgan edik). Iddaolaru bayonotlar keng jamoatchilikka yetib bormadi, dedimi, ona-bola bu safar professionallarni yollashga qaror qildi, chamasi.

Professionallar. O’z mamlakatida hukumat bilan chiqisha olmay qolganlar manfaatlarini himoya qilgan, pixini yorgan odamlar. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, firma mijozlari orasida Qozog’iston muxolifati yetakchisi, Rossiyaning “Yukos” shirkati bo’lgan.

Shunga qaramay, bu firma vakili darrov qovun tushirib qo’ydi-yov. O’sha “ona-bolaga sutkalab ovqat berilmayapti”, degan gapini aytaman-da. Jaa oshirvordiz, Kudelko xonim. Biz o’zbeklar uchun oshirib-toshirib gapirish odat. Lekin biz ham miyig’imizda kuldik bu gapni o’qib. Kavkaz asirasi, ha, yo’g’-e, O’zbekiston asirasi bo’libdi-da Gulnora. Mashhur filmdagidek, uni qo’riqlayotganlar shashliku sho’rvalarni o’zi yeb, hisobotida “ovqatlarni rad etdi, Anhorga uloqtirdi”, deb yozdimikin?

Gulnora shundoq ham mana bir necha oydan beri ko’chaga ham chiqmayotgan, hech kim bilan muloqot qilmayotgan, internetdan foydalana olmayotgan bo’lsa, uni och qoldirib, qiynashdan ne foyda? Iddao qilinayotganidek, yurak xastaligi bor qizi Imonni va Gulnoraning o’zini shifokorga ko’rsatmaslikda qanday mantiq bor?

Hozirgi vaziyatni turli taraflar orasidagi urush deb taxmin qilsak, Karimovani  xatar deb bilgan odam yoki odamlar uchun dushmanni zararsizlantirishning o’zi kifoya emasmi?

Yana bir jumboq – suratchi kim? Uy qamog’ida o’tirgan odam oldiga bir otryad zobitlar borsa-da, yarim metr yaqinlikdan ularni birov turvolib suratga olsa, Londonga yuborsa, rasmlar butun dunyoga tarqalsa? Suratchi o’zidan qo’rqmadimi? Yoki zobitlar orasida suratchi bo’lganmi?

Bu savollarga javobni o’zingiz ham yaxshi bilsangiz kerak, aziz gapdoshim.

Men esa internetda o’qiganim yana ikki masalaga e’tibor qaratmoqchiman.

Birinchisi Latviya haqida. Ma’lumotlarga ko’ra, parlament deputati politsiyaga murojaatnoma yuborib, bu mamlakatda O’zbekiston xavfsizlik xizmati xodimlari nima qilayotganini o’rganishga chaqirgan. (Bu haqda mana bu yerda rus tilida batafsil o’qishingiz mumkin).

Latviyada chiqqan maqolaga qaraganda, O’zbekistonda MXX saflarida “tozalash” bo’lib o’tgan va salohiyatli bu idoraning qator mansabdorlari hibsga olinganidan keyin ularning hamkasblari Boltiqbo’yi mamlakatiga qochishga qaror qilgan. Deputat fikricha, politsiya buning sabablarini o’rganish va Latviya uchun bunday jarayonning xatarli emasligni kafolatlashi kerak.

Yana bir ma’lumot: dunyo mamlakatlari orasida O’zbekiston Shveysariyaga eng ko’p oltin eksport qiladi. Bu davlat bojxona xizmatiga ko’ra, 2014-yil avgustida Shveysariyaga O’zbekistondan 21,5 tonna oltin olib kirilgan. Bu qariyb 901 million AQSh dollariga teng. Ikkinchi o’rinda AQSh – 13,2 tonna. Uchinchi pog’onada Britaniya – 8,6 tonna. So’ngra Germaniya – 7,4 tonna.

Bu faktlarning asosiy mavzuga nima aloqasi bor, deysizmi?

Aloqasi bor. Yopiq jamiyatda mish-mishlar ko’p bo’ladi. Taxminlar qilinadi. Haqiqatni aniqlash qiyinlashadi. Mana, Gulnora Karimova ham necha oydan beri bizga ma’lumot berib keladi. O’zi, o’g’li, mana endi, bu maqsadda yollangan maxsus firma orqali. Gaplarning qaysi biri rost va qaysi biri yolg’on ekanini hech kim aniq bilmaydi. Latviyaga ayrim o’zbekistonliklarning qop-qop pul bilan chiqib ketayotganini ham bilmaymiz. Aslida O’zbekiston xalqiga tegishli oltin Shveysariyaga olib chiqib ketilayotganini ham xorijiy manbalardan olsak olamiz, bo’lmasa bu haqda o’ylamaymiz ham. Mashhur uchta maymundek, qulog’imiz kar, ko’zimiz ko’r, hech narsa gapirmaymiz. Balki bizni laqillatishayotgandir, degan fikr ko’nglimizdan o’tadi. O’tadiyu ketadi.

Yo’g’-e. Ko’zimiz ko’r emas. “Gulnora” serialining keyingi qismini tomosha qilishga tayyormiz. Shunday emasmi, aziz gapdoshim?

Gaplashamiz.