Bir paytlar Orol dengizi bo’lardi…

Posted October 1st, 2014 at 3:52 pm (UTC+0)
Leave a comment

Orol dengizi, 2014-yil.

Farzandingiz yoki nevarangiz bilan gaplashganda “ilgari bunday narsa bo’lmagan”, deganmisiz?

“Yoshligimda boshqacha bo’lardi”, deganmisiz? Albatta. Bunday gaplarni har qadamda aytish mumkin.

“Yoshligimda telefonni cho’ntakda olib yurmasdik. Simli bo’lardi, uyda turardi, bog’lanish uchun diskni aylantirib, raqamni terardik”.

“Ilgari pult degan narsa bo’lmagan, televizorda programmani o’zgartirish uchun har safar turib oldiga borib, qulog’ini burash kerak edi”.

Ha, bu gaplar texnologiyaga tegishli. Zamonaviy texnologiyalarga gap yo’q, hayotni yengillashtiryapti.

Armon bilan gapirganingiz-chi?

“Yaqin-yaqingacha Toshkentning Mustaqillik hiyobonida baland daraxtlar bo’lardi, yozning jazirama issig’ida soyasida o’tirish mumkin edi”.

“Kichkinaligimda ko’chalardan ariqlar o’tardi. Kattaroqlarida cho’milardik ham”.

Bunday gaplarga yana birini qo’shib gapirishingiz mumkin.

“Bir paytlar O’zbekiston g’arbida Orol degan dengiz bo’lardi. Ko’m-ko’k suvlarda oq yelkanli kemalar suzardi. Dengiz bo’yida yashaydigan odamlar baliq tutib, tirikchilik qilardi”.

Bir paytlar kattaligi jihatidan dunyo ko’llari orasida to’rtinchi o’rinda turgan Orol yo’q bo’ldi, hisob.

NASA, AQShning fazo tadqiqotlari agentligining observatoriyasi vebsaytidagi rasmlarda so’nggi 14 yil ichida Orol qanchalik kichrayganini ko’rishingiz mumkin.

Farzandlaringiz nimaga unday bo’ldi, deb so’rasa, nima deysiz?

Sovetlarni ayblaysizmi?

Haqiqatan, o’tgan asrning 60-yillarida Moskvadagi rahbarlar paxta deb Markaziy Osiyoning ikki katta daryosi suvlarini sug’orish maqsadida ishlatishga qaror qilgan. Shuni gapirasizmi?

Paxtani qishloq xo’jaligining yakka hokimi, o’zbekni esa uning quliga aylantirganini qayta-qayta gapirib, sovetlarni qoralagan va “O’zbekiston mustaqil bo’lishi kerak, shunda hammasi yaxshi bo’ladi”, deb ko’kragiga urgan, respublika mustaqillikka erishgach, bu masalaga hech e’tibor bermagan rahbarlarni ayblaysizmi?

O’zbekiston va Qozog’iston rahbarlari Orol dengizini saqlab qolish masalasida hamkorlik qilmay, Qozog’iston 2005-yilda dengizning shimoliy qismini janubiy qismidan ajratib, to’g’on qurdi. “Bu aslida dengizning janubiy qismi uchun o’lim hukmi edi. 2014-yilga borib dengizning janubiy qismi batamom quridi”, – deb yozadi NASA. Shuni aytasizmi?

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun kabi nufuzli arboblaru sanoqsiz olimlar bong urganiga qaramay, fojea davom etganini aytasizmi?

Yoki menga o’xshab Qoraqalpog’istonga borgan bo’lsangiz, u yerdagi suvning sho’rligidan og’izga olib bo’lmasligi, havosidan nafas olishga qiynalishingizni, qoraqalpog’istonliklar, ayniqsa, yoshlar bir orzu bilan yashashini, boshqa joyga ko’chib ketishni orzu qilishini aytib berasizmi?

Keyingi safar hovlingizga suv sepayotganingizda Orolni o’ylaysizmi?

Aslida bu gaplarning barini aytishimiz kerak farzandlarimizga.

Va ayb bizda, hammamizda, deyishimiz kerak emasmi? Orol dengizining qurishi olisdagi bir mavhum muammo emas, har birimizning vijdonimizdagi dog’ emasmi, aziz gapdoshim? Ko’z oldimizda asta-sekin, tabiatdagi o’zgarishlar sur’atlari jihatidan esa bir zumda, bor-yo’g’i 50-60 yil ichida yuz bergan fojeani o’ylab, qaysi birimiz kuydik? Kimning joni achidi?

Siz nima deysiz, aziz gapdoshhim?

Gaplashamiz.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Inter-Gap haqida

Gap, gap, gap… Biz, o’zbeklar uchun gap – ijtimoiy tadbir. Erkak va ayollar alohida yoki birgalikda juda bo’lmaganda oyiga bir marta yig’ilib, “gap o’ynaydi”. Gapga qo’shilgan odamlar bir-birining uyi yoki restoranda mehmon bo’lishadi. Xarajatini ham ko’tarishadi. Mezbonga berilgan pul nafaqat dasturxon xarajatlarini qoplashi shart, balki qo’shimcha daromad ham bo’lishi lozim. Gapdan maqsad aynan shu. Moliyaviy maqsad. Ijtimoiy jihatiga kelsak… Ha, miriqib gaplashish, muloqot qilish, u yoq, bu yoqdan eshitilgan xabarlar bilan o’rtoqlashish, fikr almashish. Ha, bunisi tushunarli, Inter-i nimasi, dedingizmi? Internet davrida yashayapmiz. Pichoqqa ilinadigan har bir gap internetga chiqadi. Biz ham “Amerika Ovozi” da siz bilan gap o’ynashga qaror qildik. Qo’lda bir piyola choy bilan gapdan olamiz. Men mezbon ekanman, gapni boshlab beraman. Siz qo’shiling, fikr-mulohaza bildiring. Xarajati yo’q. Tez ishlab turgan internetingiz bo’lsa bas. Sizga katta rahmat va Inter-GAPga marhamat.

TV dasturlar