Muxolifatning nima keragi bor?

Posted November 17th, 2014 at 7:15 pm (UTC+0)
Leave a comment

Kuni-kecha O’zbekistondagi ilk muxolif harakat – “Birlik”ning birinchi yig’ini bo’lib o’tganiga 26 yil to’lgani haqida o’qidm.

O’qidim-u bundan bir necha yil avval BMT O’zbekistonda bir seminar o’tkazgani esimga tushdi. O’shanda chet eldan taklif qilingan yuqori malakali mutaxassis O’zbekiston davlat idoralaridagi “piar” (PR), ya’ni jamoatchilik bilan ishlovchi xodimlariga omma va matbuotga muomalani o’rgatayotgan edi. Shunda Tashqi ishlar vazirligining “piarchi”si, yoshi 25 larda bo’lsa-da, kattagina qorni va allakimlardan o’rgangan salobat bilan gapirishidan yoshi ellikdan oshgan kishini eslatgan “yigit” avval ingliz tilida emas, rus tilida gapirajagini ma’lum qildi-da, so’ngra “muxolifat deganlari dushman, ular respublikamizga faqat yomonlik tilaydi”, deya gapira ketdi. 1999-yilgi Toshkentdagi portlashlarni bunga misol tariqasida keltirdi. Ishonch va hatto tushunib bo’lmaydigan g’azab bilan gapirayotgan o’sha yigitcha meni hayratga solgan edi. Uning davlat targ’iboti natijasida yaxshigina “yuvilgan” miyasiga faqat “kerakli” fikrlar solinganiga shubham yo’q edi. Targ’ibot shu darajada samarali ekan-da, degandim o’shanda o’zimga.

Yana bir misol. Shu yil 4-noyabr kuni AQShda Kongressga saylov bo’lib o’tganining ertasiga Nyu-Yorkdagi bir maktabda O’zbekistonga aloqasi bo’lmagan mavzuda ma’ruza o’qishga bordim. 10-sinf o’quvchilari bilan ancha suhbatlashdim. So’ngra O’zbekistondan Amerikaga ko’chib kelgan, 1-2 yildan buyon shu maktabda o’qiyotgan yigit-qizlar bilan gaplashib qoldim. Ular na saylov nimaligini, na saylov o’tkazishdan maqsadni bilar ekan.

Muxolifat so’zi aksariyati uchun yot. Bir yigit esa muxolifat deb davlatga qarshi chiqqan kuchlar tushuniladi, qabilida gapirganidan keyin mening yana ko’nglim cho’kdi.

Muxolifat deganida ma’lum shaxslar emas, falonchi harakatu tugunchi partiya emas, avvalambor fikrlarning ko’pligi tushuniladi. Bundan chorak asr avval “Birlik” va so’ngra “Erk” O’zbekistonda o’zining ilk qadamlarini qo’yayotganida Sovet Ittifoqida “fikrlar plyuralizmi” va “ko’p partiyaviylik” degan iboralar qo’llana boshlagan edi. Plyuralizm aynan shu ko’p fikrlilikni anglatadi. Hokimiyat cho’qqisida turganlarning fikriga muqobil fikrlarning borligi, rahbarlar siyosatini tanqid qilib, o’zga variant taklif etish – demokratiyaning o’zagi. Saylov – bu, joiz bo’lsa, subprodukt, ya’ni ikkilamchi mahsulot. Ko’pfikrlilikning ifodasi. Shunchaki saylov o’tkazish bilan tizim demokratik bo’lib qolmaydi. Mamlakatda mingta partiya bo’lsa-yu, lekin ularning bari parlamentda ayni fikr bildirsa, demak demokratiyaning o’zi yo’q.

O’zbekistonda o’zga fikrlovchilar bor, lekin ular o’z fikrini bildira olmaydi. Buning uchun na siyosiy, na huquqiy shart-sharoitlar yaratilgan. O’zbekistonda kelasi oyda parlamentga saylovlar bo’lib o’tadi. Ular haqida yana gaplashamiz.

Muhimi shundaki, muqobil fikr bildirilmas ekan, rahbarning adashishi ehtimoli oshadi. Muxolifat roli ham aynan shunda – hokimiyat cho’qqisidagi rahbarlarning adashishiga yo’l qo’ymaslikda. Aynan shu sababdan demokratik davlatlarda bir saylovda o’ng kuchlar g’alaba qozonsa, undan keyingisida xalq so’l kuchlarga ovoz beradi, odatda. Chunki hokimiyatda turgan har bir kuch xatoga yo’l qo’yadi, qancha uzoq tursa, xato ham shuncha ko’p bo’ladi.

Men demokratiya haqida “G’arb andozalari bizga mos kelmaydi”, degan fikrga qo’shilmayman. Lekin, keling, bir daqiqaga shunday deyayotganlar haq deb faraz qilaylik va o’zimizning tariximizga nazar tashlaylik. Yoshligimizda eshitib-o’qiganimiz ertaklarda podishoh ikki vaziridan fikr o’rgangan, maslahat olgan. Amir Temur tuzuklarida esa maslahatchilar alohida toifaga ajratilgan, ularni qadrlash lozimligi ta’kidlangan.

Zahiriddin Muhammad Bobur Hindistonda yaratgan imperiyada har bir podishoh xalq fikrini bevosita o’rganishi shart edi. Buning uchun maxsus zanjir har kuni erta tongda shoh qal’asidan pastga tushirilgan, oddiy odamlar esa unga o’z iltimoslari yozilgan qog’ozni bog’lab, tepaga chiqarishgan. Shoh bu arizalarni ahamiyatiga qarab yoki shaxsan o’zi ko’rib chiqib hukm chiqargan yoki vazirlaridan biriga topshirgan.

Albatta, u davrda saylov o’tkazilmagan. Qolaversa, Amerika va Yevropada ham monarxlar hukm surgan. XVIII asrning ikkinchi yarmiga borib Amerikada Britaniya hukmdorligiga qarshi, Fransiyada esa qirolga qarshi harakatlar boshlanib, respublikalar vujudga kelgan.

Bunday o’zgarish inqilob deb ataladi. Agar rahbar hokimiyatga yopishib olsa, muxolifat isyon va inqilob orqali uni ag’daradi. Bu esa qon va qurbonlar degani. Demokratiya aynan shuning uchun kerak. Qon to’kilmasligi uchun.

Muxolifat parlamentning bir qismi bo’lishi zarur. Muxolifat bu siz bilan men uchun o’z fikrimizni, noroziligimizni, e’tiroz, tanqid va takliflarimizni erkin ravishda, tinch yo’l bilan ifodalashning vositasi. Vatan xoinlari degani emas.

Aziz gapdoshim, o’sha oquvchilar mening blogimni o’qiydimi, yo’qmi, bilmayman. Qanday kitoblar, gazeta va jurnallar o’qiysizlar, deb savol berganimda o’zbek o’quvchilar jim o’tirdi. Nihoyat bir qizga murojaat qilsam, “O’zbekistonda “Hordiq”, “So’g’diyona”ni o’qirdim. Bu yerda hech nima o’qimayman”, deb aytdi.

Aftidan, o’quvchilarga yana bir ma’ruza o’qib berishim kerak – bu safar demokratiya mohiyati haqida. Maktab direktoriga qo’ng’iroq qilib ko’ray-chi.

Gaplashamiz.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Inter-Gap haqida

Gap, gap, gap… Biz, o’zbeklar uchun gap – ijtimoiy tadbir. Erkak va ayollar alohida yoki birgalikda juda bo’lmaganda oyiga bir marta yig’ilib, “gap o’ynaydi”. Gapga qo’shilgan odamlar bir-birining uyi yoki restoranda mehmon bo’lishadi. Xarajatini ham ko’tarishadi. Mezbonga berilgan pul nafaqat dasturxon xarajatlarini qoplashi shart, balki qo’shimcha daromad ham bo’lishi lozim. Gapdan maqsad aynan shu. Moliyaviy maqsad. Ijtimoiy jihatiga kelsak… Ha, miriqib gaplashish, muloqot qilish, u yoq, bu yoqdan eshitilgan xabarlar bilan o’rtoqlashish, fikr almashish. Ha, bunisi tushunarli, Inter-i nimasi, dedingizmi? Internet davrida yashayapmiz. Pichoqqa ilinadigan har bir gap internetga chiqadi. Biz ham “Amerika Ovozi” da siz bilan gap o’ynashga qaror qildik. Qo’lda bir piyola choy bilan gapdan olamiz. Men mezbon ekanman, gapni boshlab beraman. Siz qo’shiling, fikr-mulohaza bildiring. Xarajati yo’q. Tez ishlab turgan internetingiz bo’lsa bas. Sizga katta rahmat va Inter-GAPga marhamat.

TV dasturlar