Sharlie Ebdoning hujumlardan so'ng chiqqan birinchi soniBugun “Sharli Ebdo (“Charlie Hebdo”) haftanomasi tahririyatiga hujum qilinganiga bir hafta bo’ldi.

“Allohu akbar” deb hayqirgani aytilayotgan kishilar binoga kirib granatomyotdan otgan va jurnalning to’rt nafar eng mashhur karikaturachisini oldirgan. Yana sakkiz odam, shu jumladan, politsiya vakillari qurbon bo’lgan.

Bu hodisa haqida yozmagan ommaviy axborot vositasi qolmadi. Muhokamalar qizg’in.

E’tibor so’nggi yillarda va hatto bugun, hujumlardan bir hafta o’tib haftanomaning bosh sahifasida chop etilgan va Muhammad payg’ambarni kulgiga olgan suratlarda.

Shu o’rinda darhol qayd etish joiz: haftanoma boshqa, islom yoki musulmonlarga aloqasi bo’lmagan mavzularni ham yoritib keladi va ularni ham kulgili asnoda tasvirlaydi.

Ko’plar darhol 2006-2007-yillar hodisalarini yodga oldi. O’shanda Daniyaning bir gazetasi Muhammad payg’ambarni hajviy holatda tasvirlab qator karikaturalarni bosgan edi. Buni haqorat deb qabul qilgan musulmonlar avval Daniyada, so’ngra dunyoning boshqa mamlakatlarida ko’chalarga chiqqan. G’azab va norozilik shu qadar kuchli bo’lganki, begunoh odamlar nobud bo’lgan.

Parijda ham nafaqat “aybdor”lar, ya’ni karikaturalar mualliflari, balki haftanomaga aloqasi bo’lmagan odamlar o’ldi.

Xo’sh, bu voqealarni qanday baholash kerak?

Dunyo ikkiga bo’linganday.

Bir tarafda so’z erkinligini himoya qilayotganlar, shu jumladan, menga o’xshagan jurnalistlar.

Boshqa tarafdan, payg’ambarni hech qanday shaklda tasvir etish mumkin emasligini bilgan, karikaturalarni ko’rib, ranjigan siz bilan menga o’xshagan musulmonlar.

Har ikkala qutbda keskin qarashdagi odamlar bor. Bir tomonda islomni faqat qora bo’yoqlarga bo’yashga odatlanganlar. Boshqa yoqda terrorchilarni qoralab chiqqan musulmon ulamolar.

Bir tarafda so’z erkinligi demokratik jamiyatning uzviy qismi, deganlar. Boshqa tarafda, nahotki, jurnalistlar 1,5 milliard musulmonni haqorat qilganini tushunmayapti, deb savol berayotganlar.

Mening fikrim quyidagicha.

Jurnal yoki gazetadagi material shaxsiyatimni pastga urdi, degan odamlar shu gazetani sudga bersin. Sud ishni hal qilib, hukm chiqarsin. Demokratik siyosiy tizim, xususan, ko’pfikrlilik tamoyiliga asoslanadi. “Sharli Ebdo”da ishlaydigan har bir jurnalist uchun bu yashash, nafas olish bilan baravar huquq.

Ular haqiqatan mas’uliyatsizlik qildi, degan fikrda jon bor. Chunki karikaturalar musulmonlarning or-nomusini yerga urishini jurnal xodimlari yaxshi tushungan. Qolaversa, Fransiyada Yevropa mamlakatlari orasida eng katta musulmon jamoa yashashini ham biladi.

Lekin rasmlar uchun inson hayotiga qasd qilish noto’g’ri. Bu masalada fikrim qat’iy.

Nima sababdan Pokiston yoki Nigeriyada o’nlab va hatto yuzlab odam o’lib ketayotganida aynan Parij hodisalariga katta e’tibor qaratilmoqda, degan fikrga javobim, to’g’rirog’i, sharhim mana bunday: gap shundaki, Parij voqeasi musulmonlarga va islom diniga munosabatni keskin o’zgartiradi. Salbiy tarafga o’zgartiradi. Huddi 2001-yil 11-sentabr fojeasi kabi.

Yevropaliklar nuqtai nazari qanday deb o’zimizga savol bersak, bir narsani tushunamiz. “Sharli Ebdo”ga hujum aslida dunyodagi eng qadimgi demokratiyalardan biri, Beshinchi Respublikadagi asosiy tamoyillaridan biri – so’z erkinligi va ko’pfikrlilikka raxna soldi. Bu shunchaki alohida bir jurnalga hujum emas. G’arbliklar buni butun sivilizatsiyaga hujum, insoniyat erishgan yutuqlarga hujum, deya ko’rmoqda.

Aynan shu bois hujumlardan so’ng dunyo rahbarlari Parijdagi birdamlik yurishida Fransiya Prezidenti Fransua Olland bilan yelkama-yelka turdi. Aynan shu sababdan “Sharli Ebdo”ning yangi soni, hujumlardan bir hafta o’tib ilk bor bosmadan chiqqan sonida yana Muhammad payg’ambar tasviri bor.

Bugun biror guruh jurnalni haqorat uchun sudga bersa, sud hukmni jurnal foydasiga chiqargan bo’lardi. Demak, bundan buyon musulmonlar payg’ambarning qiyofasi bosilaverishiga o’rganishga majburga o’xshaydi. Qolaversa, Fransiyaga aynan erkinlik, tenglik va yangi imkoniyatlar deb ko’chib borgan musulmonlar u yerda bir necha asrdan buyon hukm surayotgan qonun-qoidalarga bo’ysunib yashashi to’g’ri emasmi?

Yana bir gap. U yoki bu mavzuni yoritishni man etish kerak, degan fikr yangraganida men doim xavotirga tushaman. Chunki bu chegarani kim va qanday belgilaydi? Taqiqlangan mavzular ko’payishidan qo’rqaman. Jurnalistman. Erkin jamiyat a’zosiman. Huquqlarimni toptashlarini istamayman. Senzuraga, tabiiy, qarshiman. Masalan, mening bu maqolamni ham hech kim avvaldan o’qimadi, buyurtma bermadi. “Amerika Ovozi” veb sahifasida chiqayotganiga qaramay, bu tashkilot fikrini aks ettirmasligi mumkin. AQSh pozitsiyasini ham. Shunchaki, shaxsiy fikr. Mulohazalarimni madaniy yo’l bilan bildirish imkoniga egaligimdan xursandman. Siz ham bildiring, azizim. Balki gaplarimga qo’shilmassiz. Shuni bildiring. Haqoratsiz, hurmat bilan.

Gaplashamiz.