O’zbekiston: yangi saylov haqidagi eski savollar

Posted February 24th, 2015 at 4:04 am (UTC+0)
Leave a comment

AP-Karimov

Bir oydan keyin O’zbekistonda saylovlar.

Siyosiy partiyalar oliy lavozimga o’z nomzodlarini qo’ydi. Markaziy saylov komissiyasi ishni boshlab yubordi. Nomzodlar saylovchilar bilan uchrashmoqda, televideniye orqali chiqish qilmoqda.

Ayrim demokratik mamlakatlarda saylovning so’nggi bosqichida bor-yo’g’i ikki nomzod qolsa, O’zbekistonda boshdan oxirigacha ayni nomzodlar bellashadi, saylov byulletenlarida bir necha nomzod ism-familiyasini ko’rasiz.

Boshqa mamlakatlar kabi, xalqaro kuzatuvchilar O’zbekistonga ham boradi va saylov uchastkalarida saylovchilarning ovoz berayotganini kuzatib turadi.

Hammasi boshqa demokratik mamlakatlardek.

Yo’g’-e, deysizmi?

To’g’ri, farqlar ham bor.

Men tushuna olmayotgan farqlar. Shuncha yildan beri siyosatni o’rganib kelaman-ku, lekin har safar ayni savollar tug’iladi.

Eng asosiysi: O’zbekiston mustaqillikka erishganidan buyon, ya’ni salkam chorak asr, prezidentlik lavozimini egallab kelayotgan arbob qanday qilib yana prezidentlikka nomzod bo’lishi mumkin? Konstiutsiyaga ko’ra, bir odam ikki muddatdan ko’proq prezident bo’la olmaydi-ku? Ya’ni ko’pi bilan 10 yil.

Savolimga javob topaman deb internetni titkiladim. Tushunmoqchi bo’ldim. Qonularni o’rgandim. Javob topa olmadim. Hammasi yanada chalkashroq tuyuldi.

O’zbekistonga kuzatuvchi yuborishini e’lon qilgan Yevropa bu masalani sharhlaganini ko’rmadim. Demak, G’arb “g’ing” demadi. To’g’ri-da, 30 million o’zbekistonlik jim o’tirganida G’arb nima deydi?

Mayli, bu savolga tushuntirish berolsangiz, menga shu sahifa orqali yozib yuboring, aziz gapdoshim. Tushuntiring. Boshqalarni ham qiziqtirayotgandir bu masala.

Endi esa farqlarga o’tsak.

Yo’q, boshqa davlatlardagi saylovlar amaliyoti bilan O’zbekistondagisini qiyoslab o’tirmayman. Qolaversa, O’zbekistonning o’z yo’li bor. Istiqlol va taraqqiyot yo’li.

Ilgarigi saylovlar bilan bunisining farqi bormi?

Men topdim.

Birinchidan, bu safar Prezident Islom Karimovning salomatligi yomonlashgani haqida mish-mishlar tarqaldi.

Avval O’zbekiston xalq harakati Karimovning yanvar oxiridan buyon bexush ahvolda ekani haqida gap tarqatdi.

Ommaviy axborot vositalarining ba’zilari darhol buni o’z vebsaytlarida xabarladi. Qani, Karimov O’zbek TVsida chiqarmikin, deb kuzata boshlashdi. Chiqdi. Undan keyin viloyatlarga borib, saylovchilar bilan uchrashgani-yu, farmonlar imzolagani haqida ham xabar berildi.

O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasining yig’inida 6-fevral kuni so’zga chiqqani oynai jahon orqali qariyb ikki haftadan keyin namoyish qilindi. Ha, endi, bunisi detallar. Muhimi – Karimovni hamma ko’rdi. Ba’zilar quvondi, ba’zilar xo’rsindi. Ayrimlar “uf” tortdi.

Karimov salomatligi yomonlashgani haqida gaplar ilgari ham tarqalgan. Qizig’i shundaki, O’zbekistonda davlat xavfsizligi bo’lgan bu masalaga hech bir rasmiy idora hech qachon oydinlik kiritmaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda odamlar “prezident trassasiga yaqin yashaydiganlar bormi? Kortej o’tdimi?” deb bir-biridan so’rab qiziqdi. Davlat rahbari ahvolidan xabar topaman degan kishi prezident mashinalari Oq saroyga borgan-bormaganligini aniqlab bilib oladi O’zbekistonda. Ana shunday.

Yana bir farq. Bu safar prezidentlikka virtual nomzodlar paydo bo’ldi. Aniqrog’i, O’zbekiston tashqarisida yashaydigan va o’z siyosiy qarashlarini keng jamoatchilikka faqat internet orqali bildira oladigan, ko’pi bilan telefon konferensiyasida bellashayotgan va o’zini nomzod degan shaxslar. Virtual saylov komissiyasi tuzildi. “Birdamlik” harakati rahbari, AQShda istiqomat qiluvchi Bahodir Choriyev O’zbekistondagi oliy lavozimga o’z nomzodligini qo’ydi.

Bu soddalik, dedi ba’zilar. Bu ahmoqlik, dedi boshqalar. Men esa barakalla, degim keldi. Hech bo’lmasa internetda bahs-munozara bo’lsin. Axir, mamlakat ichidagi nomzodlarning siyosiy programmalari bir-biriga egizakdek o’xshaydi-ku. O’zbekiston kelajagini hozir hech kim muhokama qilmaydi. Muxolifat bo’lmasa, ko’pfikrlilik bo’lmasa, rasmiy siyosat tanqid qilinmasa, muqobil yo’l taklif qiladiganlar bo’lmasa, manqurtlar yeri bo’lib qoladi-ku O’zbekiston!

Qolgan farq va o’xshashliklarni sanab o’tirmayman, aziz gapdoshim. O’zbekistonda o’tkaziladigan saylovlar bir-biriga ikki tomchi suvdek o’xshaydi. 2000-yilmi hozir? 200? – mi? Yana qaysi yillarda saylov bo’lganini aniq eslolmayman ham. Internetni qaramadim. Bunga hojat yo’q. Nima farqi bor? Yoki bormi?

Siz nima deysiz?

Gaplashamiz.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Inter-Gap haqida

Gap, gap, gap… Biz, o’zbeklar uchun gap – ijtimoiy tadbir. Erkak va ayollar alohida yoki birgalikda juda bo’lmaganda oyiga bir marta yig’ilib, “gap o’ynaydi”. Gapga qo’shilgan odamlar bir-birining uyi yoki restoranda mehmon bo’lishadi. Xarajatini ham ko’tarishadi. Mezbonga berilgan pul nafaqat dasturxon xarajatlarini qoplashi shart, balki qo’shimcha daromad ham bo’lishi lozim. Gapdan maqsad aynan shu. Moliyaviy maqsad. Ijtimoiy jihatiga kelsak… Ha, miriqib gaplashish, muloqot qilish, u yoq, bu yoqdan eshitilgan xabarlar bilan o’rtoqlashish, fikr almashish. Ha, bunisi tushunarli, Inter-i nimasi, dedingizmi? Internet davrida yashayapmiz. Pichoqqa ilinadigan har bir gap internetga chiqadi. Biz ham “Amerika Ovozi” da siz bilan gap o’ynashga qaror qildik. Qo’lda bir piyola choy bilan gapdan olamiz. Men mezbon ekanman, gapni boshlab beraman. Siz qo’shiling, fikr-mulohaza bildiring. Xarajati yo’q. Tez ishlab turgan internetingiz bo’lsa bas. Sizga katta rahmat va Inter-GAPga marhamat.

TV dasturlar