Kreml soyasidagi qotillik

Posted March 3rd, 2015 at 4:23 am (UTC+0)
Leave a comment

25741EDE-983E-4FE0-BF60-E1FD188322D6_w974_n_s

Rossiya muxolifati yetakchilaridan biri Boris Nemtsovning o’ldirib ketilishi meni hayratga soldi.

To’g’ri, Rossiyada siyosiy qotilliklar ilgari ham bo’lgan. Nafaqat siyosiy arboblar, balki qator jurnalistlar ham buyurtmaga ko’ra otib ketilganini hamma yaxshi eslasa kerak. Qolaversa, Nemtsov o’ldirilganidan roppa-rosa 20 yil avval taniqli jurnalist Vlad Listyev ham otib ketilgan edi.

Nemtsov 1990-yillarda, yoshi 30 dan endi oshganda, Boris Yeltsin prezidentligi davrida ko’zga ko’ringan. Fizika-matematika fanlari nomzodi, 1990-yillarda siyosat va iqtisod sohalarida faol bo’lgan iqtidorli yoshlardan biri edi. O’sha davrda men Nemtsov va Sovet rahbarlariga o’xshamagan, yosh, harakatchan, quvvatga to’la boshqa siyosatchilarni ko’rib, O’zbekistonda ham shundaylar paydo bo’lishini orzu qilardim.

Boris Nemtsov siyosiy sahnaga avval Novgorod oblasti gubernatori sifatida chiqdi, so’ngra vazir, bosh vazir muvoni bo’lib ishladi. Hukumat iste’fo berganida u muxolifatga o’tdi. So’ngra Irina Xakamada va Sergey Kiriyenko kabi taniqli arboblar bilan birgalikda O’ng kuchlar ittifoqini tuzdi.

Vladimir Putin prezidentligi davrida Kreml televideniye va boshqa turdagi axborot vositalarini asta-sekin o’z nazoratiga oldi. “Eski gvardiya” uchun efir vaqti ajratilmay qo’ydi.

Bizga o’xshab Rossiyadagi vaziyatni faqat OAV orqali kuzatadigan odamlar uchun Nemtsov o’z safdoshlari barobarida ko’zdan g’oyib bo’lgandek tuyuldi. Ammo hozir uning do’stu-birodarlari internetda yozayotgan gaplarni o’qisak, aslida Nemtsov faoliyatini bir daqiqaga ham to’xtatmagan.

Putin yana bir bor prezidentlik kursisiga o’tirganida rossiyaliklar norozilik bildirib ko’chalarga chiqdi. O’shanda Nemtsov yana teleekranlarda namoyon bo’ldi. Namoyishchilarni yetaklagan bu siyosatchi darrov ko’zga tashlanar edi.

Rossiyaning Ukraina bilan mojarosi boshlanganidan keyin Nemtsov kabi arboblar yana sahnaning markazidan o’rin egalladi. Nemtsov Putin rahbarligidagi korrupsiya botqog’iga botgan tizimni fosh etuvchi materiallarni chop etgan. Uning qarindoshi, rossiyalik jamiyatshunos Igor Eydmanga ko’ra, marhum o’limidan oldin Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlariga oid hisobot ustida ishlagan. 1-martga belgilangan “Bahor marshi” aksiyasidan so’ng hujjatlarni keng jamoatchilikka tadqim etishni rejalagan.

Nemtsov qotili kim? Butun dunyoni shu masala qiziqtirmoqda.

“Putin”, – deydi ko’plar. Muxolifat a’zolari va mustaqil jurnalistlardan tortib xorijiy mutaxassislargacha – bu guruhning barcha vakillari shunday fikr bildirmoqda.

“Yo’q”, – dedi Rossiya prezidenti tarafdorlari. “Putin uni ayblashlarini bilardi. Unga Nemtsov o’limidan nima foyda”, – deya ishontirishga harakat qilyapti ular.

“Putinning o’zi buyruq bergan”, – ta’kidlayapti birinchi lager vakillari. “Bu qadar mashhur arbobni prezident ko’rsatmasisiz hech kim o’ldirishga jur’at etmasdi”.

“Putin buyruq bermasa ham, qo’l ostidagi laychalari xo’jayinni suyuntirish uchun o’zboshimchalik qilib, bu ishga qo’l urgan bo’lishi mumkin”, – demoqda boshqalar.

Bahslar davom etyapti. Moskva ko’chalarini yaxshi bilganlar matbuotga tarqatilgan video va qotillik sodir etilgan joy xaritasini tahlil qilyapti. Rossiya xavfsizlik xizmati faoliyatidan xabardor odamlar KGB/FSB ning ish uslublari haqida gapirmoqda.

Lekin hamma bir fikrda yakdil ko’rinadi: Nemtsov qotilining topilishi amri mahol.

Rahbarlar xo’ja ko’rsinga tergov o’tkazib, “qotil”ni ham qo’lga tushirishi va sud qilib, jazolashi mumkin. Ammo o’sha mudhish kecha “Makarov” to’pponchisidan kim o’q uzgani, Kreml soyasida sodir etilgan qotillik ortida kim turgani hech qachon oshkor bo’lmasa kerak.

Bir faktni esa inkor etib bo’lmaydi: iqtidorli, faol, olijanob, kelishgan, to’rt farzand otasi, 55 yashar Boris Nemtsov endi yo’q. Bu o’lim, nazarimda, Rossiya siyosatida burilish nuqtasi bo’ladi. Bundan buyon Putinning G’arb bilan murosasi mutlaqo imkonsiz. Qotillikni Putin buyurganmi yoki yo’q, lekin hozir Rossiya bilan dunyo orasidagi ko’prik lovillab yonib ketgan ko’rinadi.

Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?

Gaplashamiz.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Inter-Gap haqida

Gap, gap, gap… Biz, o’zbeklar uchun gap – ijtimoiy tadbir. Erkak va ayollar alohida yoki birgalikda juda bo’lmaganda oyiga bir marta yig’ilib, “gap o’ynaydi”. Gapga qo’shilgan odamlar bir-birining uyi yoki restoranda mehmon bo’lishadi. Xarajatini ham ko’tarishadi. Mezbonga berilgan pul nafaqat dasturxon xarajatlarini qoplashi shart, balki qo’shimcha daromad ham bo’lishi lozim. Gapdan maqsad aynan shu. Moliyaviy maqsad. Ijtimoiy jihatiga kelsak… Ha, miriqib gaplashish, muloqot qilish, u yoq, bu yoqdan eshitilgan xabarlar bilan o’rtoqlashish, fikr almashish. Ha, bunisi tushunarli, Inter-i nimasi, dedingizmi? Internet davrida yashayapmiz. Pichoqqa ilinadigan har bir gap internetga chiqadi. Biz ham “Amerika Ovozi” da siz bilan gap o’ynashga qaror qildik. Qo’lda bir piyola choy bilan gapdan olamiz. Men mezbon ekanman, gapni boshlab beraman. Siz qo’shiling, fikr-mulohaza bildiring. Xarajati yo’q. Tez ishlab turgan internetingiz bo’lsa bas. Sizga katta rahmat va Inter-GAPga marhamat.

TV dasturlar