Xorijda yashaydigan o’zbeklar va o’zbek tili

Posted October 26th, 2015 at 5:11 pm (UTC+0)
1 comment

45D52D39-DBFC-4B7A-9D5A-B6C9D04BFD88_w974_n_s

21-oktabr kuni o’zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 26 yil to’ldi.

Xorijda yashagan odamning ona tiliga munosabati boshqacha bo’ladi. Vatanda yurib, sezmagan narsalarni sezadi kishi, tilning qadriga yetadi.

Xorijda yashayotgan o’zbek oilalari uchun ona tili sofligini saqlab qolish juda qiyin.

Bu barcha elat va millatlarga mansub immigrantlar duch keladigan muammo. Ayniqsa, Qo’shma Shtatlarga xos. Turli mamlakatlardan kelib, bu yurtda qo’nim topgan muhojirlar tezda ingliz tilini o’rganishga harakat qiladi, jamiyatga qo’shilishga, ish topishga urinadi. Orzusi – ozod va farovon hayot kechirish, muvaffaqiyatga erishish, farzandlari baxtini ko’rish. Umumbashariy maqsadlar.

Bu yerga yoshligida ko’chib kelgan bolalar uchun ona tilini saqlab qolish yanada qiyin.

Amerikada o’zbeklar ko’p. Ular orasida sof o’zbek tilida gapiradigan bolani topish oson emas. Hammasi, ayniqsa, bir-biri bilan muloqot qilganida ingliz so’zlarni qo’shadi yoki faqat ingliz tilida gapiradi.

Ota-onam meni, so’ngra ukamni rus maktabiga berishgan. Katta opam va akam o’zbek maktabida o’qishgan, ammo qarangki, o’sha paytda SSSRning bir qismi bo’lgan O’zbekiston poytaxti Toshkentda yaxshi o’zbek maktablari kam bo’lgan ekan. Onam o’zi o’qituvchi bo’lgani sababli farzandlarini yuqori malakali mutaxassislar ishlaydigan va puxta, chuqur bilim beradigan maktabda o’qitishga alohida e’tibor qaratgan ekan. Opam va akam mahallamizning boshqa bolalari bilan birga jazirama issiqda ham, qahraton qishda ham tramvayda to’qqizta bekatlik masofada joylashgan Gospitalniy (hozirgi Mirobod) bozori qo’ynidagi maktabga qatnagan.

Meni maktabga berish vaqti kelganida onam ukam tug’ilishi sababli olgan onalik ta’tilidan so’ng ishga qaytgan. O’qishga olib borib, olib keladigan odam bo’lmagan. Shu sababli meni ko’chaning boshida joylashgan rus maktabiga berishgan. Uch yil o’tib ukam ham birinchi o’qituvchim qo’lida o’qidi.

Ko’p o’tmay uyda ukam bilan ikkovimiz o’zaro ruscha gaplashadigan bo’ldik. Bir kuni ishdan vaqtli qaytgan dadam bizni o’yin paytida rus tilida muloqot qilayotganimizni eshitib qolib, urishib berganlar. “Mening uyimda faqat o’zbekcha gaplashish mumkin”, – deganlari yaxshi esimda.

Bir-ikki yil o’tib, hali sovetlar davlati parchalanmagan bo’lsa-da, O’zbekistonda mustaqillik ruhi kuchaydi va onam o’sha rus maktabida birinchi o’zbek sinfini ochishga muvaffaq bo’ldi. Atrofdagi mahallalarda uyma-uy yurib, “o’zbek sinfi ochilyapti, maktabga chiqadigan bolalar bormi?” deb so’radi, ro’yxat tuzdi. Ota-onalar farzandlarini olib keldi, xalq rahmat aytdi, qariyalar duo qildi. Keyinchalik onamning bu mehnatini hukumat ham nishonli orden va unvonlar bilan e’tirof etdi. Undan beri mana 30 yilcha vaqt o’tdi.

Shu bilan birga, tanishlar va qarindoshlarimiz orasida farzandini rus maktabiga berganlar kam emas. Lekin aksariyati bolalarga mening dadamdek qat’iyat va talabchanlik bilan yondashmaganidan hanuz pushaymon. Chunki bugun katta bo’lgan farzandlari, ulardan keyin rus maktabida o’qigan nevaralari o’zbek tilini yaxshi bilmaydi, ona tilida kitob o’qimaydi, o’zbek adabiyotini faqat rus tilida o’qiy oladi.

Shaxsiy tajribam bilan o’rtoqlashishimning sababini tushungan bo’lsangiz kerak, aziz gapdoshim. Bolaning ona tiliga munosabatini ota-ona shakllaydi. Ota-ona talabisiz bola o’zi uchun qulay yo’lni tanlaydi: maktabida ingliz tilida gapiryaptimi, demak siz bilan ham ingliz tilida so’zlashishni osonroq deb biladi. Bu tabiiy.

Amerikada katta bo’layotgan va aksariyat hollarda oila a’zolari va atrofidagi boshqa o’zbeklar bilan ingliz tilida muloqot qiladigan o’g’limni kuzataman. U ham menga o’xshab Abdulla Qodiriy va Cho’lponlarning go’zal asarlaridan bahramand bo’la olishini istayman. Lekin buning uddasidan chiqa olamanmi, degan xavotir bor menda.

Agar shunga erishmoqchi bo’lsam, har kuni ona tilida gapirish kerakligini unutmasligim kerak, holbuki, men uchun ham ko’pgina mavzular va vaziyatlarda ingliz tilida gapirish osonroq bo’lib qolgan.

Aziz gapdoshim, agar taqdir taqozosi bilan Qo’shma Shtatlar yoki boshqa xorijiy mamlakatda yashayotgan bo’lsangiz, farzandlaringiz ajnabiylar orasida katta bo’layotgan bo’lsa, o’zbek tilini qaysi yo’llar orqali saqlab qolishga harakat qilasiz? Qanday qiyinchiliklarga duch kelyapsiz? Fikr va mulohazalaringiz bilan o’rtoqlashing.

Men bugun bundan-da kattaroq va dolzarbroq mavzuni ko’tarmadim. O’zbekistonda o’zbek tili mavzusini. Chunki ona tilimizning ona diyorimizdagi ahvoli 26 yil o’tib ham ayanchli.

Bu haqda keyingi safar subatlashsak. Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?

One response to “Xorijda yashaydigan o’zbeklar va o’zbek tili”

  1. Valijon Xanjarov says:

    Bolalaringizga faqat ona tilingizda gapirsangiz, bola beixtiyor va tabiiy ravishda tilni o’rganadi. Agar boshqa tilda gapirsangiz yoki ikkala tilni aralashtirib gapirsangiz, bola ikki narsa tushunadi: 1) ingliz tilining ona tilga nisbatan ma’qul (va hatto ustun) ekanligini va 2) ingliz tili sizga tushunarli ekanligini. Aspirant bo’lib yurgan paytlarimda ingliz tilini yaxshi biladigan lekin o’z qizi bilan faqat ruscha gaplashadigan bir rus ayol bilan tanishdim. Nega boshqalarga o’xshab inglizcha gapirishga urg’u bermaysiz? – deb so’raganimda, u: “qizim uchun emas, o’zim uchun ona tilimda gapiraman. Qizim 12 yoshga kirgandan keyin men qancha yaxshi bilsam ham men baribir yetolmaydigan bir darajada ingliz tilini yaxshi bilgan bo’lar va u paytdan e’tiboran o’rtoq tilimiz qolmaydi, dardlashish uchun vosita qolmaydi” deb javob bergan edi. Eshitishimcha uning qizi hozir Jahon Bankida tarjimonlik qilar ekan.
    Menimcha adabiyotga qiziqtirish alohida va qiyinroq masala chunki atrofdagi yosh bolalar adabiyotga qiziqmayotgan (yoki maktabda shug’ullamagan) bo’lsa, bola unga qiziqishi mumkin emas.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Inter-Gap haqida

Gap, gap, gap… Biz, o’zbeklar uchun gap – ijtimoiy tadbir. Erkak va ayollar alohida yoki birgalikda juda bo’lmaganda oyiga bir marta yig’ilib, “gap o’ynaydi”. Gapga qo’shilgan odamlar bir-birining uyi yoki restoranda mehmon bo’lishadi. Xarajatini ham ko’tarishadi. Mezbonga berilgan pul nafaqat dasturxon xarajatlarini qoplashi shart, balki qo’shimcha daromad ham bo’lishi lozim. Gapdan maqsad aynan shu. Moliyaviy maqsad. Ijtimoiy jihatiga kelsak… Ha, miriqib gaplashish, muloqot qilish, u yoq, bu yoqdan eshitilgan xabarlar bilan o’rtoqlashish, fikr almashish. Ha, bunisi tushunarli, Inter-i nimasi, dedingizmi? Internet davrida yashayapmiz. Pichoqqa ilinadigan har bir gap internetga chiqadi. Biz ham “Amerika Ovozi” da siz bilan gap o’ynashga qaror qildik. Qo’lda bir piyola choy bilan gapdan olamiz. Men mezbon ekanman, gapni boshlab beraman. Siz qo’shiling, fikr-mulohaza bildiring. Xarajati yo’q. Tez ishlab turgan internetingiz bo’lsa bas. Sizga katta rahmat va Inter-GAPga marhamat.

TV dasturlar