O’zbeklar – xizmatkorlar xalqimi?

Posted February 5th, 2016 at 3:33 pm (UTC+0)
Leave a comment

Uzbeks in NYC

Yaqinda Nargiz Zokirovaning “Facebook” ijtimoiy tarmog’idagi sahifasiga ko’zim tushdi. Rossiya shaharlarining birida o’tkazgan konsertidan keyin bir rus ayol xonanda oldiga kelib “sendakalar uyimda xizmatkor bo’lib ishlaydi” degan. “Facebook”da ayolning rasmi ham keltirilgan va gapirayotganida mast ahvolda bo’lgani, o’zbek xonandaga qarata shisha bokal uloqtirgani aytilgan.

O’zbeklarning ish deb xorijga, asosan, qo’shni Qozog’iston va Rossiya kabi mamlakatlarga ketishi so’nggi yillarda odatiy hol bo’lib qoldi. Hammamiz “gastarbayter” so’zini yaxshi bilib oldik. Mehnat muhojirlariga o’zga o’lkalardagi salbiy munosabatdan tortib bu holatning O’zbekiston iqtisodi uchun ahamiyatigacha – mavzuning turli jihatlari haqida bizning sahifalarimizda ko’p o’qigansiz, aziz gapdoshim. Darhaqiqat, xorijga ish izlab ketgan o’zbekistonliklar orasida malaka talab qilmaydigan va kam maosh to’lanadigan ishlarda ishlaydiganlar ko’p. Erkaklar qurilishda, ayollar esa uy yig’ishtirishda. Xullas, xizmatkorlar.

Lekin bu faqat chet elga hujjatsiz ketganlarga taalluqli emas. Gap shundaki, Amerikaga qonuniy yo’l bilan, ya’ni “green card” olib kelgan o’zbek va tojiklar ham malaka talab qilmaydigan ishlarda ishlaydi. Ko’pgina ayollar qariyalarga qaraydi, “home attendant”, o’zbekchasiga “xomatan”lik qiladi. AQShda bunday o’zbekistonlik ayollar juda ko’p.

Men yaqinda Bruklindagi bir maktabga borganimda 2-3-sinfda o’qiydigan bir guruh samarqandlik bolalar bilan gaplashib qoldim. “Onang qayerda ishlaydi” degan savolimga olti o’g’il va qiz boladan bari “kampirda” deb aytdi. Men avval tushunmadim. Keyin bilsam, bolalar “onam kampirga qaraydi” demoqchi ekan.

Buning ham noto’g’ri joyi yo’q. Amerikaga kelganlar ko’p hollarda shunday ishlardan boshlaydi. Mening grek va portugaliyalik o’rtoqlarimning buvilari ham bundan 60-70 yil avval Nyu-Yorkka ko’chib kelgach “xomatan”lik qilgan. Qolaversa, mashhur rus aktrisasining Amerikada “hojatxona yuvgani” yoki sovet davrida dissident yozuvchi va shoirlarning vatandan badarg’a qilinib, Nyu-Yorkda taksi haydagani haqida kitoblar yozilgan, qo’shiqlar bastalangan.

Biroq meni xavotirga soladigan masala – o’zbeklarning AQShda “kampirga qarashi” emas, bunday ishni yillab qilishi va imkoniyatlarga to’la mamlakatda boshqa hech narsaga intilmasligi.

Qizi 10-sinfda o’qiydigan bir ayol bilan gaplashib qoldim. U ham “xomatan”. Qizining o’qishni uddalay olmayotgani sababli maktab o’qituvchilaridan doim shikoyat eshitar ekan. “Haftasiga yetti kun ishlayman, bolalarimni deyarli ko’rmayman. Darsiga yordam berolmayman. Vaqtim bo’lsa ham, til bilmayman”, dedi ona. “Nimaga besh kun ishlab, ikki kun bolalar bilan birga bo’lmaysiz”, desam “Samarqanddan qarz olib kelganmiz. Qaytarish kerak. Pul kerak”, – dedi.

Pul topish kerakligini tushunaman. Tirikchilik. Lekin men Nyu-Yorkdagi vatandoshlar orasida kuzatganim shuki, 3-4 yil o’tib erkaklar tuzukroq ishga o’tyapti. Ayollar esa xizmatkor bo’lib qolib ketyapti.

O’zbeklarning bir yig’inida bir ayol 12 yildan beri AQShda yashashini aytdi. “Nima ish qilasiz” desam “xomatanman” dedi. 12 yil – shifokor bo’lib yetishish uchun yetarli vaqt. Xo’p, shifokor bo’lmasa, hamshira yoki o’qituvchi bo’lib, allaqachon hozirgi maoshidan 2-3, balki 4 baravar ko’proq pul topishi mumkin edi. Nimaga shuni qilmadi?

Ba’zilari tilni o’rganishga qiynalganini aytadi, boshqasi “xo’jayinim qo’ymaydilar” deydi, yana boshqasi so’nggi besh yilda uch farzand ko’rgani va shular bilan band bo’lib, o’qiy olmaganini sabab keltiradi.

Aziz gapdoshim, Siz mendan qandaydir yechim kutayotgandirsiz. Fikrimcha, qadriyatlarni, hayotga munosabatni o’zgartirmay turib, masala hal bo’lmaydi.

“Yetti kun emas, besh kun ham ishlasam bo’ladi, axir qizimning o’qishi, farzandlarim bilan o’tkazadigan vaqtim topadigan pulimdan muhimroq”, demagunimizcha muammo hal bo’lmaydi.

Birin-ketin farzand ko’rish emas, balki oilani rejalashtirish, va hech bo’lmasa til kurslariga qatnash va tilni o’rganish kerak, demasak muammo hal bo’lmaydi.

Erkaklar esa “kampiringga qarayver, o’sha ish bo’ladi senga”, degandan ko’ra “ayolim hozir o’qisa, keyinchalik hatto ko’proq pul topadi-ku, oilaga osonroq bo’ladi”, demasa muammo hal bo’lmaydi.

Nimaga belarus, gruzin, ukrain va ruslar shunday qilyapti-yu, biz qilmaymiz?

Bundan bir asr avval ruslar hozirgi O’zbekiston hududiga bostirib kirgan va o’zbegu-tojiklar ustidan hukmdor bo’lgan. Mustaqillikka erishib, o’zbeklar ularga yana xizmatkor bo’lyaptimi? Nafaqat Rossiyada, balki Bruklinda ham rusiyzabon kampirlarga qarayaptimi? Shuni deb o’zbeklar Amerikaga kelyaptimi?

Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Inter-Gap haqida

Gap, gap, gap… Biz, o’zbeklar uchun gap – ijtimoiy tadbir. Erkak va ayollar alohida yoki birgalikda juda bo’lmaganda oyiga bir marta yig’ilib, “gap o’ynaydi”. Gapga qo’shilgan odamlar bir-birining uyi yoki restoranda mehmon bo’lishadi. Xarajatini ham ko’tarishadi. Mezbonga berilgan pul nafaqat dasturxon xarajatlarini qoplashi shart, balki qo’shimcha daromad ham bo’lishi lozim. Gapdan maqsad aynan shu. Moliyaviy maqsad. Ijtimoiy jihatiga kelsak… Ha, miriqib gaplashish, muloqot qilish, u yoq, bu yoqdan eshitilgan xabarlar bilan o’rtoqlashish, fikr almashish. Ha, bunisi tushunarli, Inter-i nimasi, dedingizmi? Internet davrida yashayapmiz. Pichoqqa ilinadigan har bir gap internetga chiqadi. Biz ham “Amerika Ovozi” da siz bilan gap o’ynashga qaror qildik. Qo’lda bir piyola choy bilan gapdan olamiz. Men mezbon ekanman, gapni boshlab beraman. Siz qo’shiling, fikr-mulohaza bildiring. Xarajati yo’q. Tez ishlab turgan internetingiz bo’lsa bas. Sizga katta rahmat va Inter-GAPga marhamat.

TV dasturlar