O’zbeklar va tarixiy xotira

Posted March 2nd, 2016 at 5:55 pm (UTC+0)
Leave a comment

Bundan qariyb 10 yil avval Germaniyada Boymirza Hayit vafot etgan. Turkiston va Markaziy Osiyo bo’yicha mutaxassis, tarixchi, qator kitob va maqolalar muallifi Ikkinchi Jahon urushi paytida Turkiston legionida xizmat qilgan. Urush tugagach, u Germaniyada qolib, yangi hayot boshlagan, oila qurgan, ilmiy faoliyatini davom ettirgan.

Men u kishini hech qachon uchratmaganman, lekin 2004- yoki 2005-yilda uning O’zbekiston hukumatiga yo’llagan ochiq xati haqida eshitganimni yaxshi eslayman. O’shanda yoshi 90 larga borgan Boymirza Hayit ko’p vaqtdan beri betobligi sababli vataniga borishni istab, O’zbekiston rahbarlaridan mamlakatga kirishga ruxsat so’ragan. Kindik qoni to’kilgan joyda tuproqqa qo’yilishni orzu qilgan ekan. Ammo iltimos javobsiz qoldi. 2006-yil oktabrida Boymirza Hayit Germaniyada hayotdan ko’z yumdi va Kyoln shahri qabristonida dafn etiladi.

O’sha hodisani eslashimning sababi bor, aziz gapdoshim.

Yaqinda Germaniyada bo’lib qaytdim.

Nemis do’stlarim uyida mehmon bo’lar ekanman, ko’plab oilaviy fotoalbomlarni ko’rdim. Ba’zi rasmlarda hozirgi davr aks etsa, boshqalarida o’tmish gavdalanardi. Oq-qora suratlar. Do’stlarimning Birinchi jahon urushi, Ikkinchi jahon urushida qatnashgan qarindoshlari. Ayrimlarini ko’rib, hayratga tushdim. Chunki ular yoshligimizdan yaxshi tanish (sovet filmaridan) nemis fashistlari formasida edi. Nemis do’stlarim Adolf Gitler rahbarligidagi Uchinchi reyx armiyasi Vermaxtda xizmat qilgan qarindoshlari xotirasini – ularning faoliyati yaxshi yoki yomon bo’lganidan qat’i nazar – qadrlashadi. Rasmlarda tasvirlangan odamlarning o’tmishda sodir etgan xatolarini nemislar yaxshi tushunadi, sabablari va oqibatlarini to’la anglab yetgan va tarixdan saboq olgan. Lekin unutgani, ularning bo’lganini inkor qilayotgani yo’q.

Albatta, bugun Germaniya aholisi orasida fashist qarashlariga ega odamlar va hatto neo-natsist guruhlar bor. Aynan shundaylar yaqin sharqlik qochqinlarning Germaniyaga ko’chib borishiga qarshi, Kansler Angela Merkelni bunday “kelgindilar”ga nisbatan siyosati uchun tandiq qilmoqda. Lekin aksariyat germaniyaliklar qochqin va muhojirlarning mamlakatga kelishiga e’tiroz bildirmaydi. Buni so’rovlar ham ko’rsatib turibdi.

Men e’tiboringizni boshqa masalaga qaratmoqchiman, aziz gapdoshim. Tarixiy xotiraga.

Ikkinchi jahon urushi davrida fashistlar sodir etgan jinoyatlar haqida hech kim nemislardan yaxshiroq bilmasa kerak. Nemislar uchun o’sha yillar, ayniqsa, yahudiylar (Xolokost), lo’lilar va boshqa guruhlarga nisbatan olib borilgan siyosat – nafaqat fojea, balki sharmandalik, nomus. Buni ular bilan gaplashganingizda sezasiz. Va eng muhimi – ular o’sha jinoyatlar uchun mas’uliyatni o’z zimmasiga olgan.

Bundan bir necha oy oldin Isroil rahbari Ikkinchi jahon urushiga musulmonlar muftiysi sababchi bo’lgan, deya bayonot bergani esingizdami? Benyamin Netanyaxu yahudiylarni qirib tashlash aslida Adolf Gitler rejasi bo’lmagan, unga bunday g’oyani 1940-yillar boshida u bilan Berlinda uchrashgan Isroil muftiysi bergan, deya ta’kidladi. O’shanda, yodingizda bo’lsa, Angela Merkel “Xolokost uchun mas’uliyat yolg’iz Germaniya bo’ynida”, deb aytgan edi.

Nemislar o’z tarixini – qora sahifalarini ham, yorug’larini ham yaxshi eslaydi. Chunki faqat shunday qilib o’tmishdagi xatolarni takrorlashning oldini olsa bo’ladi.

O’zbekiston tarixi so’nggi yuz yil ichida ko’p marta o’zgardi. Qayta yozilganda ham ayni hodisalar talqini ba’zida 180 gradusga o’girildi. Oq qora deyildi, qora esa oq. Mustaqillik davrida gazeta va jurnallarda Ulug’ vatan urushi (Ikkinchi Jahon urushi) faxriylari rasmlari bosilsa, ularni o’zgartirib, orden va medallari ustidan qora bo’yoq bilan bo’yab qo’yish amaliyoti haqida ham eshitganmiz. Qahramonlardan, g’oliblardan uyalish davri boshlandi.

Shu bilan birga tarixning ayrim sahifalari na matbuotda yoritiladi, na tarixchilar tomonidan o’rganiladi. Masalan, sovet davrida Turkiston legioni a’zolari, shu jumladan, Boymirza Hayit, vatan xoinlari deb atalgan bo’lsa, hozir o’sha shaxslar haqida hech narsa deyilmaydi. Aytgancha, 1917-yilda Namanganda, o’zbek oilasida tug’ilgan Boymirza Hayit haqida “Vikipediya”da ingliz, turk va rus tillarida maqolalar bor ekan-ku, lekin o’zbek tilida yo’q.

Ildizsiz daraxt ko’karmaydi, gullamaydi. Inson ham shunday. O’tmishini, ota-bobolarini bilishi, yaxshi bo’lsa faxrlanishi, yomon bo’lsa, esda tutishi kerak. Bunda nafaqat tarixchilar, balki siyosatchilar fikri muhim. Qolaversa, tarixni g’oliblar yozadi degan gap bor. Aynan rahbarlar boshqalarga o’rnak bo’lib, tarix haqida, o’tmish haqida ochiqchasiga gapira boshlashi kerak. Tarixiy xotira saqlanib qolsin, uzilmasin, talqin va baholar o’zgartirilmasin.

Shunda eski oilaviy fotosuratlarni qo’lga olib, biz ham farzandlarimiz va nabiralarimizga oila tarixini bemalol hikoya qila olamiz. Vatan nimaligini tushuntiramiz, vatanparvar bo’lishni o’rgatamiz. Chunki vatan ota-onadan boshlanadi. Bola qanday bo’lmasin, ona uni doim bag’riga bosadi. Qing’ir ish qilsa ham, tushunadi, kechiradi. Vatan ham shunday bo’lishi kerak.

Siz nima deysiz?

Gaplashamiz.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Inter-Gap haqida

Gap, gap, gap… Biz, o’zbeklar uchun gap – ijtimoiy tadbir. Erkak va ayollar alohida yoki birgalikda juda bo’lmaganda oyiga bir marta yig’ilib, “gap o’ynaydi”. Gapga qo’shilgan odamlar bir-birining uyi yoki restoranda mehmon bo’lishadi. Xarajatini ham ko’tarishadi. Mezbonga berilgan pul nafaqat dasturxon xarajatlarini qoplashi shart, balki qo’shimcha daromad ham bo’lishi lozim. Gapdan maqsad aynan shu. Moliyaviy maqsad. Ijtimoiy jihatiga kelsak… Ha, miriqib gaplashish, muloqot qilish, u yoq, bu yoqdan eshitilgan xabarlar bilan o’rtoqlashish, fikr almashish. Ha, bunisi tushunarli, Inter-i nimasi, dedingizmi? Internet davrida yashayapmiz. Pichoqqa ilinadigan har bir gap internetga chiqadi. Biz ham “Amerika Ovozi” da siz bilan gap o’ynashga qaror qildik. Qo’lda bir piyola choy bilan gapdan olamiz. Men mezbon ekanman, gapni boshlab beraman. Siz qo’shiling, fikr-mulohaza bildiring. Xarajati yo’q. Tez ishlab turgan internetingiz bo’lsa bas. Sizga katta rahmat va Inter-GAPga marhamat.

TV dasturlar