Shifokorlar Orlandoda otishmaga uchragan odamga tibbiy yordam ko'rsatmoqda

Shifokorlar Orlandoda otishmaga uchragan odamga tibbiy yordam ko’rsatmoqda

Orlandodagi gey-klubda dahshatli hujumdan ko’p otmay qotilning sobiq rafiqasi o’zbekistonlik ekani ma’lum bo’ldi.

Sitora Yusufiy 12-iyun kuni saharda 49 kishini o’ldirgan va 53 nafarini jarohatlagan Umar Matin bilan turmushi haqida jurnalistlarga gapirib berdi. Eri uni kaltaklagani haqida hikoya qilar ekan, ayol Matinning ruhiy kasal bo’lganini taxmin qildi va sobiq turmush o’rtog’ini ko’rmaganiga ko’p yil bo’lganini aytdi.

O’zbek va rus tillaridagi internet sahifalarda esa ayolning millatiga urg’u berganlar tobora ko’payib bormoqda.

Rossiya matbuoti uning o’zbekligiga e’tibor qaratdi. “Facebook”dagi jamoa esa uning asl millati haqida bahs yuritmoqda. Xuddi buning ahamiyati bordek.

Men kuzatgan bir bahs juda xunuk tus oldi: bir o’zbek “Sitora Yusufiy – tojik, ismi tojikcha”, deya ta’kidladi. Bunga javoban tojiklar o’zbeklarga tosh ota boshladi. Zotan, AQSh matbuotida ayolning millati va dini haqida hech gap yo’q. Uning O’zbekistondan Amerikaga ko’chib kelgani va Matin bilan tanishgani – hikoyaning bir qismi. “Biznikilar” esa voqeaning eng ahamiyatsiz jihatiga e’tibor qaratmoqda. Va natijada millatlararo adovat kuchayishi mumkin.

Fojea yuz berganida uni matbuotda yoritishning qonun-qoidalari, o’z “algoritm”i bor. Siz ham buni payqagan bo’lsangiz kerak, aziz gapdoshim. Avval fojea haqida qisqa ma’lumot paydo bo’ladi. So’ngra tafsilotlar ma’lum qilinadi. Statistika beriladi. Bu safar ham shunday bo’ldi. Qurbonlar soni  – 50 odam o’lgani va 53 odam jarohatlangani aytildi. Qotil huquq-tartibot organlari tomonidan o’ldirilgani xabar berildi. So’gra rasmiylar bayonotlari. Tergov ishi boshlangani haqidagi bildiruvlar. Munosabat…

Keyingi soatlar ichida jurnalistlar qurbonlar haqida ma’lumot bera boshlaydi. Chunki bu gazetani o’qiydigan yoki televizorni ko’radigan odam uchun quruq statistikani insonlarga “o’giradi”. “50 odam nobud bo’ldi”, deyilsa mavhum eshitilishi mumkin. Lekin qurbonning o’limi oldidan “oyijon, men sizni yaxshi ko’raman”, deb onasiga SMS yo’llagani hech kimni befarq qoldirmaydi. Va shunday bo’lishi kerak.

Ommaviy axborot vositasining (OAV) “sifati”ga va jurnalistning malakasi hamda ma’naviy qadriyatlariga qarab, u yoki bu gazeta va jurnal voqeani qanday yoritishi mumkinligini taxmin qilish mumkin. “Sariq” va “sariq”qa yaqin pressa insonlarning eng past hissiyotlarida “o’ynash” hisobiga reytingi, demak savdosini oshirishga harakat qiladi.

Afsuski, Rossiya OAV orasida aynan millatga urg’u berish – odatiy hol. Bundan bir necha oy oldin Moskvada enaga bo’lib ishlaydigan Gulchehra Boboqulova ishini eslang. O’shanda ayolning o’z tarbiyalanuvchisi, rus qizchaning kallasini kesgani ruhan nosog’lom ekani oqibati bo’lganini taxmin qilish qiyin emas edi. Va shunday bo’lib chiqdi. Lekin matbuot ayolning o’zbek ekanini ko’p “chaynadi”. Oqibatda Rossiyadagi o’zbeklarga munosabat yomonlashdi, enaga bo’lib ishlayotgan ayollar xatto ishini yo’qotgan hollar ham kuzatildi.

Rossiyadan farqli o’laroq, AQShda o’zbeklar haqida aniq bir stereotip shakllanganicha yo’q. Chunki Amerika uchun o’zbeklar, tojiklar va boshqa markaziy osiyoliklar – nisbatan yangi aholi guruhlari. Bu biz uchun ijobiy hol. Chunki AQShda yashayotgan o’zbeklarda mahalliy aholi orasida o’zi haqida ijobiy fikr shakllash imkoni bor. Masalan, bizga qaraganda, afg’onlar ahvoli og’irroq. Matinning millati afg’onligi aniqlangach, uning AQShda tug’ilib katta bo’lganiga qaramay, aholining ma’lum qatlami uning terrorchi ekaniga darhol ishona boshladi.

Sitora Yusufiyga qaytadigan bo’lsam, uning tergovchilarga yordam ko’rsatayotgani, jurnalistlarga ma’lumot berayotgani, albatta, ijobiy hol. Oilaviy zo’ravonlik qurboni uchun o’z qiyinchiliklari, o’zining kaltaklangani va xo’rlangani haqida ochiqchasiga gapirish oson emas. Men bu mavzuda o’tgan gal gap yuritgan edim.

Hozir e’tiborni Yusufiy yoki Matin millatiga emas, voqeaga sabab bo’lgan omillarga qaratish lozim. AQShda qurol nazorati muammosini ko’tarish, radikal mafkuraga berilayotgan yoshlar va ularni bunga itaradigan sabablarni o’rganish kerak. Qolaversa, oilaviy zo’ravonlik, zo’ravonlikka moyil odam ruhiyati hamda ommaviy qotilliklar va terrorizm orasidagi aloqalar haqida gapirish kerak.

Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?

Gaplashamiz.