Nyu-Yorkda yashayotgan o’zbek geyning dil izhori

Posted October 24th, 2016 at 12:41 pm (UTC+0)
5 comments

U bilan Nyu-Yorkning Manhetten dahasidagi qahvaxonalardan birida uchrashdik. Undan avvaliga bir necha hafta elektron pochta orqali yozishdik, ko’rishish uchun vaqt topishga harakat qildik. Elektron maktublardan birida u menga “agar kelasi hafta uchrasholmasak, undan keyin men ta’tilga ketaman, turmush o’rtog’im bilan”, deb yozdi. Yozishma rus tilida olib borilayotgani sababli ruschada “s suprugom” deb yozdi, erkak kishini nazarda tutib.

Qizig’i shundaki, uchrashganda salom-alikdan keyingi suhbatni AQShda yashaydigan ikki o’zbek nimadan boshlasa, u ham shundan boshladi. Nyu-Yorkka kelganingizga qancha bo’ldi, deb so’radi mendan. So’ngra odatdagi savollar: shaharning qaysi qismida turasiz, oilangiz bilan kelganmisiz, O’zbekistonda qayerda yashagansiz, u yerda qarindoshlar qolganmi va h.k.

“Ta’til qanday o’tdi? – deb so’radim undan. – Turmush o’rtog’im bilan otpuskka boraman, dedingiz, demak turmush qurgansiz?”

Salimjon (keling, uni shunday deb atayman) o’z hikoyasini boshladi.

AQShdagi hayot haqida

AQShga kelgach siyosiy boshpana so’ragan, arizada O’zbekistonda geylar doim tahqirlanishi, besoqolbozlik hatto jinoyat kodeksi bo’yicha jazolanishinini sabab qilib ko’rsatgan. Arizasi bo’yicha qaror hali qabul qilinmay turib, bir amerikalik erkak bilan tanishgan va turmush qurgan. Bu asnoda AQShda qonuniy maqomga ega bo’lgan. Hozircha ishsiz. Nima ish bilan shug’ullanmoqchisiz desam, “Uber” haydamoqchiman, dedi kirakashlik taksini nazarda tutib.

Ammo asl orzusi jurnalist bo’lish ekan. Biroq orzuimga erishganimcha yo’q, dedi u menga.

Gey bo’lish haqida

Salimjon O’zbekistonda turli lavozimlarda ishlagan, hatto harbiy tizimda ham xizmat qilgan. “U yerda geyligimni hech kim bilmasdi. Harbiylarning bunga munosabati, ayniqsa, yomon”, – deydi u.

Gey ekaningizni qachon tushungansiz, deb so’rayman.

“Taxminan 10 yoshligimda, – deydi u. – Boshqa o’g’il bolalar yoqa boshlagan menga. Qizlar meni qiziqtirmasdi. Lekin bu hissiyot bilan ko’p kurashdim, kattaroq bo’lganimda qizlar bilan uchrashib ham ko’rganman, [jinsiy] aloqada ham bo’lganman. Chunki men o’zimni o’zgartirmoqchi edim. Bu jarayondan har bir gey o’tadi, – deydi u. – O’zbekistondami, AQShdami, barcha jamiyatlarda gey odam qiyinalib yashaydi. Yuz foiz baxtli bo’la olmaydi”, – deydi u menga.

Bu orada o’zining AQShda tug’ilib, ulg’aygan turmush o’r’tog’i ham yoshligida qiynalganini hikoya qiladi.

“Katta bo’lganimdan keyin buni o’zgartirish mumkin emasligini tushundim. Geyligimni qabul qildim”, – deydi.

“Ota-onangiz, oila a’zolaringiz-chi?” – deya so’rayman undan.

“Onam va opam bilishadi. Onamga aytganimda hayron qolmadi. Anchadan beri buni gumon qilib yurgan ekan o’zi. Ona yuragi baribir sezadi”, – deydi u.

Otasi va akalariga bu faktni oshkor etmaslikni undan onasi iltimos qilgan. Erkaklarda buni tushunish qiyinroq, deydi Salimjon.

AQShda turmush qurganini ham faqat onasi va opasiga aytgan.

“Ular mening baxtli bo’lishimni istashadi”, – deydi u.

O’zbekistonda gomoseksuallar ahvoli

Bu masalada ham batafsil gaplashdik. Salimjonning aytishicha, O’zbekistonda gey bo’lish hayot uchun haqiqiy tahdidga aylanishi mumkin.

Avvalambor, u yerda boshqalar bilan tanishish qiyinligini aytadi.

“Asosan internetda, maxsus vebsaytlar orqali tanishardim. Bunday onlayn tanishuv xizmat saytlarida odam kam emas, ammo hammasi soxta suratlar ortida. Shuning uchun siz muloqot qilayotgan odamning qiyofasi qandayligini bilolmaysiz. Agar uchrashishga qaror qilsangiz, men falon rangdagi ko’ylakda, qo’limda falon narsa bo’ladi, deb kelishasiz. Xuddi josuslardek. So’ngra kelishilgan joyga borib, avval uzoqdan mo’ralaysiz, ko’rinishi yoqmasa, oldiga borishingiz shart emas. Agar yoqtirsangiz, tanishasiz”.

“Lekin ba’zida internet saytlarda gey bo’lmaganlar ham “o’tiradi”, – deydi suhbatdosh. “Ayrimlari – maxsus xizmat xodimlari. Boshqalari esa shunchaki sizni shantaj qilmoqchi bo’lgan odamlar. Ular siringizni ota-onangizga aytib berish tahdidi bilan sizdan pul talab qila boshlaydi”, – tushuntiradi u.

Bunday tuzoqqa tushmaslikning iloji bormi, deyman. U esa “elektron muloqot boshlanishi bilanoq geyni gey bo’lmagan odamdan darrov ajratish mumkin. Chunki geylar boshqacha muloqot qiladi, boshqacha so’z va iboralar ishlatadi”, – deydi.

O’zbekistondagi taniqli odamlar orasida geylar

Suhbatdosh bu mavzuga alohida to’xtaldi. Xonandalardan tortib, to televideniye suxandonlarigacha – O’zbekistonda mashhur odamlarning ismlarini keltirdi. “Ular gey, lekin bi-seksual bo’lib yashashga majbur”, – deydi. (Bi-seksual – ham ayol, ham erkaklar bilan jinsiy aloqada bo’ladigan odam).

“Yoshroqlari hali uylanmagan. Iloji boricha bu kunni kechiktirishga harakat qiladi. Oilasi esa uylanishing kerak, deb unga bosim ko’rsatadi. Boshqalarining barida oilasi, bola-chaqasi bor. Qiynalib yashaydi. Bir tarafdan, ayolini aldaydi. Boshqa tarafdan, o’z tabiatini yashirishga majbur. Yana boshqa tarafdan, qanchalik urinmasin, bu tabiatni o’zgartira olmaydi. Axir gey bo’lib tug’ilgan”, – deydi Salimjon.

U na ko’rinishi, na kiyinishi bilan boshqa yigitlardan farq qiladi. Gapirishi esa boshqalardan biroz muloyimroq. Geyligini bilmaganimda, ha, shunchaki, muloyim yigit ekan-da, deya o’ylagan bo’lardim.

Ammo qahvaxona egasi, yoshi kattaroq kelishgan erkak, oldimizga kelib, men va unga gapira boshlaganida, suhbatdoshim unga nozlanib qaraydi, kipriklarini qoqadi, jilmayadi. Shunda gey bilan suhbatlashib o’tirganimni anglayman.

 Armon

Suhbat so’ngida men undan hayotingizda bir narsani o’zgartira olganingizda, u nima bo’lardi, deb so’rayman.

U esa “geyligimni”, deydi.

Mening hayratga tushganimni ko’rib, “ha, ha, gey bo’lish juda qiyin. Agar sehrli bir dori ichib, oddiy erkak bo’lib qolganimda, haqiqatdan ham baxtiyor bo’lardim”, deydi u.

Sizning gey tanishlaringiz bormi, aziz gapdoshim? Ularga munosabatingiz qanday?

Gaplashamiz.

5 responses to “Nyu-Yorkda yashayotgan o’zbek geyning dil izhori”

  1. Да я не буду их закопать живем но все таки есть такие люди есть даже много мы предполагаем. О вкусах не спорят.

  2. Abbosali Abbosov says:

    Dear America Ovozi,

    I really loved this article and I think this is an amazing men who shared his experience. He is strong and brave. As an uzbek teenager I support LGBT rights. Love is Love and if you guys need any help. I can help with many things. Thank you so much

  3. Ман хам гейман 5 йилдан бери грин кард ойниман сехрли диерга кетиш ун. Олий малумотлиман. Таржимон. Сиесий бошпанани кандай сорашни блмаеман

    • AA says:

      Sizni Tushinib turibman, lekin qulimdan kelsa sizga yordam berardim. Faqat harakat qiling va grin karta chiqadi. Faqat yahshi tomonni o’ylang

  4. Mojobek says:

    Garmon ichish kerak yoki meditsina hozir rivojlangan hec muammo emas lekin togrisi aqlimga sigmaydi

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Inter-Gap haqida

Gap, gap, gap… Biz, o’zbeklar uchun gap – ijtimoiy tadbir. Erkak va ayollar alohida yoki birgalikda juda bo’lmaganda oyiga bir marta yig’ilib, “gap o’ynaydi”. Gapga qo’shilgan odamlar bir-birining uyi yoki restoranda mehmon bo’lishadi. Xarajatini ham ko’tarishadi. Mezbonga berilgan pul nafaqat dasturxon xarajatlarini qoplashi shart, balki qo’shimcha daromad ham bo’lishi lozim. Gapdan maqsad aynan shu. Moliyaviy maqsad. Ijtimoiy jihatiga kelsak… Ha, miriqib gaplashish, muloqot qilish, u yoq, bu yoqdan eshitilgan xabarlar bilan o’rtoqlashish, fikr almashish. Ha, bunisi tushunarli, Inter-i nimasi, dedingizmi? Internet davrida yashayapmiz. Pichoqqa ilinadigan har bir gap internetga chiqadi. Biz ham “Amerika Ovozi” da siz bilan gap o’ynashga qaror qildik. Qo’lda bir piyola choy bilan gapdan olamiz. Men mezbon ekanman, gapni boshlab beraman. Siz qo’shiling, fikr-mulohaza bildiring. Xarajati yo’q. Tez ishlab turgan internetingiz bo’lsa bas. Sizga katta rahmat va Inter-GAPga marhamat.

TV dasturlar