Muhammad Bekjon

Yakuniga yetgan oy davomida kamida ikki marta e’tiborimizni Muhammad Bekjon taqdiriga qaratish imkoniga ega bo’ldik. Birinchi marta 2-oktabr, Bekjon tug’ilgan kunida AQShning O’zbekistondagi elchisxonasi o’zining “Facebook” ijtimoiy tarmog’idagi sahifasi orqali Bekjonni 62 yoshni qarshilaganli bilan tabrikladi va unga mustahkam sog’liq tiladi. Ikkinchi marta “Human Rights Watch” tashkiloti bir hafta davomida Bekjonga bag’ishlab targ’ibot kampaniyasini olib bordi.

Muhammad Bekjon – dunyodagi eng uzoq vaqt davomida qamoqda qolayotgan jurnalist va muxolifat faoli. U 1999-yil fevral oyidagi portlashlardan ko’p o’tmay hamkasbi va safdoshi Yusuf Ro’zimurodov bilan birga Ukrainada hibsga olinib, O’zbekistonga olib kelingan va davlat tizimiga tajovuz aybi bilan sud qilingan. O’shandan buyon ikkovlon qamoqda. Bekjon O’zbekistonda bir paytlar ro’yxatga olingan yagona muxolifat partiyasi “Erk” chiqargan gazeta muharriri, Ro’zimurodov esa – muxbiri bo’lgan. Bekjon “Erk” partiyasi rahbari Muhammad Solihning ukasi. Solihning o’zi ham portlashlarni uyushtirganlik aybi bilan sirtdan sud qilingan, 1993-yildan buyon beri surgunda yashaydi. O’zbekistonga qaytolmaydi. Muhammad Bekjon kabi Solihning boshqa ukalari ham qamoqda o’tirib chiqqan.

“Human Rights Watch” oktabr oyida “Ularni ozod eting” (#FreeThem) nomli targ’ibot kampaniyasini olib bordi. Har hafta unda e’tibor panjara ortida qolayotgan bir faolga qaratildi. 17-oktabr kuni boshlangan hafta Bekjonga bag’ishlangan edi. Bu kampaniya doirasida tashkilot Bekjon turmush o’rto’g’i Nina Bekjonova bilan ham suhbatlashgan.

Afsuski, Muhammad Bekjon va Yusuz Ro’zimurodovlar O’zbekistonda panjara ortida qolayotgan yagona jurnalistlar emas. Dilmurod Saiid 2009-yildan buyon qamoqda, Solijon Abdurakhmonov esa 2008-yildan buyon. Ikkovining salomatligi ancha og’ir.

Bu mavzuni ko’tarishimdan maqsad esa aniq, aziz gapdoshim. O’zbekistonda 4-dekabrda prezident saylovlari bo’lib o’tadi. Bosh lavozimga asosiy nomzod – bosh vazir Shavkat Mirziyoyev. U vaqtincha prezident lavozimini egallaganidan buyon amalga oshirayotgan o’zgarishlar mahalliy matbuotda keng yoritilmoqda. Butun dunyo hamjamiyati ko’zlari ham O’zbekistonda. Hamma chuqur o’zgarishlarni kutmoqda. Lekin agar Bekjonga o’xshab hukumat mafkurasidan farq qiladigan fikrlarni bildirgani uchun qamalgan jurnalistlar, muxolifat a’zolari va inson huquqlari faollari hamda diniy tutqunlar ozodlikka chiqarilmasa bu o’zgarishlar haqiqiy bo’lmaydi. Ular xo’ja ko’rsinga qilinayotgani, 4-dekabrdan keyin butkul to’xtab qolishi mumkinligi ayon bo’ladi.

25-oktabr kuni 63 yashar inson huquqlari faoli Bobomurod Razzoqov ozodlikka chiqqani ma’lum bo’ldi. Bu birinchisimi va undan keyin boshqa vijdon tutqunlari ham ozod etiladimi? Yoki Razzoqov shunchaki ahvoli og’irligi sababli oilasi yoniga qaytdimi

Afsuski, shu hafta yana bir faol Samandar Qo’qonovning qamoq jazosiga yana uch yil va besh kun muddat qo’shib berilgani haqida xabar tarqaldi. Xo’sh, bu O’zbekistonda prezident o’zgarsa ham, siyosayt o’zgarmasligidan darak beradimi?

Siz nima deysiz, aziz gapdoshim? Gaplashamiz.