Matbuot va erkinlik himoyasida turgan jurnalistlar

Posted November 29th, 2016 at 2:22 am (UTC+0)
Leave a comment

Jan Dundar mukofotni qabul qilar ekan, "Egilmaymiz" yozuvi bilan chiqqan "Jumhuriyet" gazetasi nusxasini namoyish qildi

Jan Dundar mukofotni qabul qilar ekan, “Egilmaymiz” yozuvi bilan chiqqan “Jumhuriyet” gazetasi nusxasini namoyish qildi

 Kuni kecha bir yigit bilan gaplashib qoldim. U vataniga qayta olmayotganini, onasini ko’rmaganiga bir necha oy bo’lganini aytdi. Sabab – otasining jurnalist ekani, gazetada yozgan maqolalari hukumatga ma’qul kelmaganida.Aziz gapdoshim, u yigit qayerlik ekan, deb savol bergan bo’lsangiz ajab emas. U avtoritar tuzumlar avj olgan Markaziy Osiyo mamlakatlaridan emas. U turk. Otasi – “Jumhuriyet” (Cumhuriyet) gazetasining bosh muharriri Jan Dundar.

2015-yil may oyida Dundar boshqargan gazetada Turkiya xavfsizlik xizmati Suriyaga qurol-aslaha yuborishga uringanini iddao qilivchi reportajlar “Erdog’an yo’q degan qurol mana” sarlavhasi ostida chop etilgan. Shundan so’ng 26-noyabr kuni Dundar va hamkasbi Erdem Gul davlat sirini fosh etish, josuslik va terror guruhiga yordamlashish ayblari bilan  hibsga olingan. Sal kam 100 kun qamoqda o’tirganidan keyin, shu yilning fevral oyida u ozodlikka chiqarilgan. Sud mart oyida boshlangan. 6-may kuni Dundar sud zalidan chiqqanida bir odam unga ikki marta o’q uzgan. Rafiqasi, men gaplashgan yigitning onasi, Jan Dundarni qutqarib qolgan. Sud uni 5 yil va 10 oyga ozodlikdan mahrum etgan. Bu qarorni appelyatsiyaga bergan Dundar yakuniy hukmni kutib o’rtirmay, Germaniyaga chiqib ketdi. Shundan buyon vataniga qaytolmaydi. Qaytsa qamalishi tayin. Hayotiga ham tahdidlar ko’p. Ularni “Twitter” va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda kuzatishingiz mumkin. Rafiqasi esa Turkiyada, Turkiya rasmiylari uning pasportini olib qo’ygani sababli mamlakatdan chiqolmaydi, umr yo’ldoshini va o’g’lini ko’rolmaydi.

Bu – bir paytlar Markaziy Osiyo respublikalariga qaraganda ancha hur bo’lgan Turkiyadagi matbuot va jurnalistlarga oid hozirgi vaziyat. So’nggi oylarda, aynqisa iyulda amalga oshmay qolgan davlat to’ntaruvidan keyin jurnalistlarga qarshi ta’qiblar ancha kuchaydi. Hozirda panjara ortida qolayotgan muxbirlar soni 146 odamga tengligi aytilmoqda.

23-noyabr kuni Nyu-Yorkda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi Jan Dundarga o’zining Matbuot erkinligi xalqaro mukofotini taqdim etdi. Mukofotni qabul qilar ekan, Jan Dundar “men jurnalistlar uchun dunyodagi eng katta qamog’idan keldim” deb aytdi Turkiyani nazarda tutib.

Bu paytgacha bizning mintaqadan ushbu mukofotni olgan jurnalistlar nomini keltirsam, mukofot kimga berilishi haqida tasavvurga ega bo’lasiz:

– 2012-yilda qirg’izistonlik o’zbek jurnalist va inson huquqlari faoli, 2010-yilgi millatlararo to’qnashuvlar chog’ida fuqarolar huquqlarini himoya qilgan va huquq-tartibot organlaridagi korrupsiyani fosh etgan va shu bois 2010-yildan buyon qamoqda qolayotgan Azimjon Asqarov;

– 2005-yilda o’zbekistonlik jurnalist, Andijondagi qatliomni bevosita kuzatgan va yoritgan muxbir Galima Buxorboyeva.

Jan Dundar barobarida bu yilgi mukofotga hindistonlik jurnalist Malini Subramaniam, meksikalik jurnalist Oskar Martinez va Misrda qamoqda qolayotgan fotomuxbir, Shokan ismi ostida tanilgan Mahmud Aby Zayd loyiq deb topildi.

Shuningdek, jurnalistika sohasida katta yutuqlari tufayli Qo’mitaning Byorton Benjamin nomli mukofotiga Si-En-En (CNN) telekompaniyasining bosh xalqaro muxbiri Kristian Amanpur sazovor bo’ldi.

Mukofotni qabul qilar ekan, barcha sovrindorlar so’nggi paytlarda matbuot erkinligiga tahdid kuchaygani haqida gapirdi.

“Yerning har bir burchagida millatchi, avtoritar guruhlar xilma-xillikka tahdid solmoqda”, – dedi Jan Dundar. Vatani Turkiyaga alohida to’xtalar ekan, u “turk hukumati noyob dunyoviy davlatda o’z diniy qarashlarining qabul qilinishiga majburlamoqda. Turkiyani Yevropadan uzoqlashtirmoqda. Parlamentga tupurib, universitetlar, sud tizimi va matbuotni tubdan o’zgartiqmoda. Ko’z oldimizda erkin, demokratik Turkiya yo’q qilinmoqda. G’arb esa buni sukut saqlab kuzatmoqda”, deb aytdi.
“Bugunda yaxshi jurnalist bo’lish uchun iste’dodning o’zi yetarli emas. Dovyurak bo’lish ham zarur dedi u, shuningdek.
Avtoritar tuzumlarning kuchayishiga Kristian Amanpur ham o’z nutqida alohiqda e’tibor qaratdi. “Million yilda ham minbardan turib Amerikada amerikalik jurnalistlar erkinligi va xavfsizligini saqlab qolishga da’vat etaman deb o’ylamagan edim. Ammo Tramp – haqiqiy tahdid”, dedi u yaqinda AQSh prezidenti etib saylangan va jurnalistlarga qayta-qayta do’q-po’pisalar qilib kelayotgan Donald Tramp haqida. Amanpur, shuningdek, jurnalistlarni  haqiqatni oshkor etishga intilishga da’vat etdi.
Gaplashamiz.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Inter-Gap haqida

Gap, gap, gap… Biz, o’zbeklar uchun gap – ijtimoiy tadbir. Erkak va ayollar alohida yoki birgalikda juda bo’lmaganda oyiga bir marta yig’ilib, “gap o’ynaydi”. Gapga qo’shilgan odamlar bir-birining uyi yoki restoranda mehmon bo’lishadi. Xarajatini ham ko’tarishadi. Mezbonga berilgan pul nafaqat dasturxon xarajatlarini qoplashi shart, balki qo’shimcha daromad ham bo’lishi lozim. Gapdan maqsad aynan shu. Moliyaviy maqsad. Ijtimoiy jihatiga kelsak… Ha, miriqib gaplashish, muloqot qilish, u yoq, bu yoqdan eshitilgan xabarlar bilan o’rtoqlashish, fikr almashish. Ha, bunisi tushunarli, Inter-i nimasi, dedingizmi? Internet davrida yashayapmiz. Pichoqqa ilinadigan har bir gap internetga chiqadi. Biz ham “Amerika Ovozi” da siz bilan gap o’ynashga qaror qildik. Qo’lda bir piyola choy bilan gapdan olamiz. Men mezbon ekanman, gapni boshlab beraman. Siz qo’shiling, fikr-mulohaza bildiring. Xarajati yo’q. Tez ishlab turgan internetingiz bo’lsa bas. Sizga katta rahmat va Inter-GAPga marhamat.

TV dasturlar