This photograph taken in Paris Friday Dec. 2, 2016 shows stories from USA Daily News 24, a fake news site registered in Veles, Macedonia. An Associated Press analysis using web intelligence service Domain Tools shows that USA Daily News 24 is one of roughly 200 U.S.-oriented sites registered in Veles, which has emerged as the unlikely hub for the distribution of disinformation on Facebook. Both stories shown here are bogus. (AP Photo/Raphael Satter)

Internetda yangilik o’qiganingizda uning rost yoki yolg’onligini qayerdan bilasiz, aziz gapdoshim? U yoki bu voqea haqida ma’lumot ko’rsangiz, uning haqiqat ekanini aniqlash uchun qanday mezonlarni qo’llaysiz?

Hozirgi davrda buning deyarli imkoni qolmadi. Yolg’on gap va xabarlar, qisman rost yoki batamom uydirma ma’lumotlar shu qadar ko’pki, haqiqatning ahamiyati ham yo’qoldi.

Ana shunday xulosaga kelgan Oksford lug’ati tuzuvchilari 2016-yil so’ngida mashhur lug’atga “post-truth” so’zini kiritishga qaror qildi. Ingliz tilidagi bu so’z “haqiqatdan keyin” ma’nosini beradi.

Ushbu lug’atga har yili muomalada keng qo’llangan so’zlardan eng ommalashgan va mustaqil so’z sifatida alohida maqomga erishgan so’z kiritiladi. Bundan oldingi yillarda “emoji” va “selfi” kabi so’zlar ham Oksford lug’atidan o’rin olgan edi. Biroq aytganim “selfi” va “emoji”lar zamonaviy texnologiyalarning rivojlanishi oqibatida ommalashgan bo’lsa, “post-truth” siyosiy hayot bilan bog’liq.

Britaniyada Yevropa Ittifoqidan chiqish masalasi referendumga qo’yilishidan oldin va referendum davrida bu masala muhimligi ayon bo’ldi. AQShdagi prezidentlik uchun poyga paytida esa yanada dolzarblashdi.

Saylovdan oldin qaysi xabar rost, qaysisi yolg’on ekanini ajratishga ko’plar qiynaldi. “Klinton yolg’onchi, serverni atayin uyida saqlagan” der ekan, “300 mingdan ziyod elektron xatlari qani?” deya savol berdi Donald Trampni qo’llab-quvvatlagan ommaviy axborot vositalari. Muhokamaga boshqa mamlakatlar OAVlari ham qo’shildi:

“Klinton ahvoli og’ir, ammo haqiqat yashirilmoqda”, deya bong urdi Rossiya gazetalari. “Klinton kop’i bilan uch oy yashaydi”, dedi Tramp g’alabasini istagan Putin nazoratidagi veb sahifalar.

Makedoniyadagi bir guruh o’smirlar esa soxta xabar tarqatar ekan, reklama orqali kattagina pul ishlagani ma’lum bo’ldi. Soxta xabarlarni o’qigan odamlar oqibatda Tramp uchun ovoz bergani bu o’smirlar uchun kutilmagan voqea bo’ldi, chunki, ma’lumotlarga qaraganda, ular faqat pul haqida o’ylagan. Biroq bu misol soxta xabarni haqiqiysidan ajrata olmaydiganlar nihoyatda ko’pligini isbotlab berdi.

Ayrim siyosatchilar esa faktlar haqida gapirish o’rniga odamlar qo’rquvlari va xavotirlarini yanada kuchaytiradigan bayonotlar berar ekan, “muammolaringizni men hal qilaman” qabilida gapirdi, saylovchilarning hissiyotlarga berilishiga hissa qo’shdi. Bunday vaziyatda haqiqat ahamiyatsiz bo’lib qoldi. Haqiqatni emas, balki odamlar nimani eshitishni istasa, shuni gapirgan siyosatchilar ko’proq ovozlarga sazovor bo’ldi. Shuning uchun ham “haqiqatdan keyin”gi davr boshlandi, deya xulosa qildi Oksford lug’ati va qator boshqa mutaxassislar.

Qolaversa, OAV roli va o’rni ham o’zgarmoqda. AQSh saylovlari paytida “Facebook” ijtimoiy tarmog’i orqali rekord sonli soxta ma’lumot tarqatildi. Ko’plar yangiliklarni aynan “Facebook”dan olar ekan, ularga chippa-chin ishondi. Yana bir misol: AQSh prezidenti etib saylangan Donald Tramp matbuot anjumanlari o’tkazish o’rniga elektorat bilan “Twitter” orqali muloqot qilmoqchi.

Biz, sovet davrida yashagan odamlar uchun bu fenomen yanada qiziq. Chunki sovet gazetalarida haqiqatning o’zi yo’q edi. Nomi “Pravda”, ya’ni haqiqat bo’lgan kundalik gazetasida eng uydirma gaplar yozilardi – plan bajarilishi kabi aslida erishilmagan iqtisodiy yutuqlar haqida, “yovuzlik imperiyasi” deb atalgan AQSh va boshqa kapitalist mamlakatlarda xalqning “ayanchli” ahvoli haqida, kommunizm kabi jannatdek davr haqidagi gaplarni topardingiz “Pravda” va boshqa sovet OAVda…

Sovet imperiyasi haqiqatni xalqqa ayta bera olmagani uchun ham quladi. So’nggi 25 yil davomida  O’zbekiston matbuotini ko’zdan kechirgan bo’lsangiz, bu yerda ham haqiqatni topish qiyin bo’lganini bilasiz. Televideniye, ayniqsa “Axborot” kabi dasturlarni ko’rgan kishi “shunday jannatmakon o’lkada yashar ekanman-a” degan hayolga borishi mumkin edi-ku, biroq voqelik diktorlar chizgan manzaradan farq qilishini tushunardi.

Qizig’i shundaki, sovet davrida ham, mustaqillik davrida ham bu gaplarni yolg’onligini bilganlar ham bor, ularga chippa-chin ishonganlar ham kam emas. Buni minglab odamlarni shunchaki erkin fikr bildirgani uchun qamagan Islom Karimov vafot eganida minglab odamlar o’kirib yig’laganida ko’rdik.

Xullas, haqiqatdan holi dunyo siz bilan biz uchun yangilik emas. Biroq internetdan foydalanadigan, ijtimoiy tarmoqlarda muntazam “o’tiradigan” odamlar ko’payar ekan, haqiqatni emas, yolg’onni gapiradigan va bu bilan o’z manfaatlarini ilgari suradigan siyosatchilar-u guruhlar ko’payaveradi. Ularga ishonadiganlar soni ham oshaveradi, zotan ikkisining orasidagi farqni ham anglash qiyinlashmoqda.

Szi nima deysiz, aziz gapdoshim?

Gaplashamiz.