Tugayotgan yilning so’nggi kunlarida ikki davlat o’rtasidagi sovuq urush yana avj oldi. Payshanba kuni Vashington Rossiyaning 35 diplomatini “persona non grata” deb e’lon qildi va AQShni tark etishi uchun 72 soat muxlat berdi. Shuningdek, Obama ma’muriyati qaroriga ko’ra, AQSh hududidagi Rossiyaga qarashli ikki dam olish maskani yopildi. (Bu haqda batafsil ma’lumot mana bu yerda). Bu Rossiya AQShdagi prezident saylovlariga aralashgani, aniqrog’i hukumat idoralari nazoratida rossiyalik xakerlar Demokratlar partiyasiga tegishli hamda boshqa kompyuter serverlarini buzib kirgani, ma’lumotlarni o’g’irlab, tarqatgani va bu bilan saylovda Rossiya bilan aloqalarning tiklanishi tarafdori Donald Trampning g’alabasini kafolatlagani uchun jazodir.

Diplomatiya qonun-qoidalariga ko’ra, bir tarafning boshqasiga nisbatan bunday harakatidan keyin boshqa taraf ayni qadamni qo’yadi. Buni bilgan mutaxassislar Moskvadan ham amerikalik diplomatlarni mamlakatdan chiqarib yuborish kabi qarorni kutgan edi. Ammo bunday bo’lmadi. Avval Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Moskva hamda Sankt-Peterburgdagi 35 nafar amerikalik diplomat mamlakatdan haydalajagini aytdi. Ammo ko’p o’tmay Prezident Vladimir Putin aslida bunday qilinmasligini bildirdi.

Rossiya matbuoti talqinicha, bu bilan Putin o’zini bag’rikeng insondek namoyish qildi, o’zini yosh bolaning janjaliga javoban shunchaki yelkasini qisib qo’ygan katta odamdek tutdi. Yana o’sha putinparast matbuot Obamaning zaifligini va qo’lidan boshqa narsa kelmasligini ta’kidladi.

G’arbda ham bu diplomatik o’yin Putin hisobiga tugadi, deya fikr bildirdi ayrimlar. Xo’sh, aslida-chi?

Albatta, aslida Vashington qadami qanday oqibatlarga olib kelishini vatq ko’rsatadi. Ammo uch haftadan keyin Oq uyni Trampga bo’shatib berishi kutilayotgan Barak Obama qadami ortida hissiyot emas, hisob-kitob borligiga shubha yo’q. Saylovdan keyin sal kam ikki oy o’tdi. Bu vaqt ichida Obama o’z  razvedkachilaridan xakerlik hujumlarini isbotlovchi dalillarni talab qilgani aniq. Bu haqda mana bu yerda batafsil o’qishingiz mumkin. AQSh prezidenti jiddiy dalillarsiz bunday diplomatik chora ko’rmasligi aniq. Qolaversa, Obama bu qadamni kelajakni o’ylab qo’yganiga ham shubha yo’q. U bunday “jazo” yordamida Putin bilan apoq-chapoq bo’lishga tayyor turgan Trampni qiyin ahvolga tushishini istagan bo’lishi mumkin.

Diplomatiyada, xuddi shaxmat o’yinidagi kabi, har bir qadam obdon o’ylanadi, “dushman” tarafning unga javobi variantlari qanday bo’lishi ham hisoblanadi, oqibatlar bashorat qilinadi. Obama Putindan ayni chorani kutgan bo’lsa ajab emas. Va bu ma’noda Putin undan-da ayyorroq yo’l tutdi. Obamaning yaqinda prezidentlikdan ketishini yaxshi tushungan Rossiya rahbari aloqalarni bundan buyon Tramp bilan quramiz, degandek bo’ldi.

Lekin buyuk strateg Napoleon Bonapart aytganidek, jangda mag’lubiyatga uchrash mumkin, muhimi – urushda g’alaba qozonish. Bugungi vaziyatni oladigan bo’lsak, bu diplomatik “jang”ni Putin 1, Obama esa 0 ochko bilan yakunladi. Biroq bu Putin “urush”da yutdi degani emas. Qolaversa, AQSh Rossiyadan hamon barcha ko’rsatkichlar bo’yicha ustunligicha qolmoqda.

Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?

Gaplashamiz.