Kremlga qo’l kelayotgan vaziyat

Posted February 2nd, 2017 at 2:35 pm (UTC+0)
Leave a comment

Ukrainadagi Avdeyevka shaharchasida hukumatga tegishli tanklar. 1-fevral 2017-yil

Ukrainadagi Avdeyevka shaharchasida hukumatga tegishli tanklar. 1-fevral 2017-yil

Butun dunyo e’tibori AQSh Prezidenti Donald Trampda, u qabul qilgan farmonlar va ularning ijrosida. Ayniqsa, musulmonlarga oid farmon va uning ijrosi dunyo bo’ylab katta diqqat va hatto tanqid bilan qarshilandi, mamlakat ichida namoyishlarga sabab bo’ldi. Jahon ommaviy axborot vositalarida farmon ta’siri, u haqida berilgan rasmiy bayonotlar va farmon ta’siriga uchragan muhojirlar haqida ma’lumot serob.

Bu vaziyatdan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o’z manfaatiga erishish uchun foydalanayotganga o’xshaydi. Shanba kuni AQShda Tramp farmonidan norozilik namoyishlari boshlanib ketdi, yakshanba kuni esa Ukraina sharqida janglar jadallashdi.

Putin 2014-yilda Qrimni Rossiya hududiga qo’shib olib, Ukraina sharqida harbiy harakatlarni qo’llab-quvvatlayotganidan xabaringiz bor, aziz gapdoshim. Hududda Rossiya tayanchiga ega ayirmachilar ikki hududda Ukrainadan mustaqillik e’lon qilib, ularni Donetsk Xalq Respublikasi va Lugansk Xalq Respublikasi deb e’lon qildi. Rossiyadan tashqari bu “respublikalar”ni hech kim tan olmagan. Xalqaro hamjamiyat Qrimni ham, Ukraina sharqini ham Ukrainaga tegishli deb keladi va Rossiyaning harbiy harakatlarini xalqaro huquq tamoyillariga zid, deb Kremldan u yerga askar va qurollar yubormaslik, ayirmachilarni dastaklamaslikni talab qiladi. Rossiya esa Qrimning Ukrainadan ajralib, Rossiyaga qo’shilishi yarimorol xalqi irodasi bo’lgan, ular o’z firkini referendum orqali bildirgan, deb keladi. Donbassda esa qo’shinlari yoki qurollari borligini inkor etadi.

Ukraina askarlari aholiga bepul ovqat tarqatmoqda. Odamlar suv, gaz va chiroqsiz qolgan. Avdeyevka, 1-fevral 2017-yil

Ukraina askarlari aholiga bepul ovqat tarqatmoqda. Odamlar suv, gaz va chiroqsiz qolgan. Avdeyevka, 1-fevral 2017-yil

G’arb, xususan AQSh Ukraina chegaralari o’zgarmasligi kerak, degan fikrda. Har holda sobiq Prezident Obama fikri shunday edi.

Donald Trampning AQShda hokimiyatga kelishiga xakerlar xurujlari orqali hissa qo’shgani aytilayotgan Rossiya respublikachi prezident bu masalada qat’iyat bildirmaydi, deya umid qilmoqda. Tramp saylovoldi kampaniyasi davomida shaxsan Putin haqida ijobiy fikr bildirgan bo’lsa-da, Rossiyaning Ukrainaga nisbatan siyosatini ochiqchasiga yo yaxshi, yoki bo’lmasa yomon deyishga shoshilmayapti. Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilish xohishini ham hozircha bildirmadi. Tramp asosan ichki masalalar bilan band. Tashqi masalalarda esa faqat Meksika bilan devor qurish va’dasiga qo’li tegdi, xolos.

Bu vaziyatdan, yuqorida aytganimdek, Putin foydalanishga qaror qildi va Ukraina sharqida harbiy harakatlarni jadallashtirdi.

Bu haqdagi ilk xabarlar 29-yanvarda paydo bo’ldi. Askarlar xalok bo’lgani xabar qilinmoqda. Tinch aholi orasida talafotlar borligi aytilmoqda.

Vaziyat shu qadar og’irki, 30-yanvar kuni Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko Germaniyaga tashrifini tugatmay turib, Kiyevga qaytdi. Ukraina rasmiylari mamlakat sharqidagi vaziyatni “gumanitar fojea bo’sag’asida” deb baholadi. 31-yanvar kuni Kiyev talabi bilan BMT Xavfsizlik Kengashi Ukrainadagi vaziyatni yopiq eshiklar ortida ko’rib chiqdi.

Odamlar oziq-ivqat va gumanitar yordam uchun navbatda kutmoqda

Odamlar oziq-ovqat va gumanitar yordam uchun navbatda kutmoqda

Donetsk yaqinidagi Avdeyevka shaharchasi suv, gaz va elektr ta’minotisiz qolgan. Snaryadlar “yomg’ir”i yog’moqda.

BMT Xavfsizlik Kengashi, NATO va Yevropa Ittifoqi sharqiy Ukrainadagi vaziyatdan jiddiy tashvish bildirdi va taraflarni otash kesim kelishuviga rioya qilishga da’vat etdi.

1-fevral kuni Uchtomonlama kontakt guruhi zudlik bilan Minskda yig’ildi. Ukraina, Rossiya va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti vakillari janglarni to’xtatish masalasini muhokama qildi.

Rossiya va Ukraina bir-birini ayblashda davom etmoqda.

Bugungacha G’arb da’vatlariga quloq solmagan Putin AQSh ichki vaziyat bilan ovoraligidan foydalanib o’z “o’yini”ni yana davom ettirmoqda. Ukrainaliklar esa suv, gaz va chiroqsiz qolgan, ko’zi to’rt bo’lib, gumanitar yordam kutmoqda.

Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?

Gaplashamiz.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Inter-Gap haqida

Gap, gap, gap… Biz, o’zbeklar uchun gap – ijtimoiy tadbir. Erkak va ayollar alohida yoki birgalikda juda bo’lmaganda oyiga bir marta yig’ilib, “gap o’ynaydi”. Gapga qo’shilgan odamlar bir-birining uyi yoki restoranda mehmon bo’lishadi. Xarajatini ham ko’tarishadi. Mezbonga berilgan pul nafaqat dasturxon xarajatlarini qoplashi shart, balki qo’shimcha daromad ham bo’lishi lozim. Gapdan maqsad aynan shu. Moliyaviy maqsad. Ijtimoiy jihatiga kelsak… Ha, miriqib gaplashish, muloqot qilish, u yoq, bu yoqdan eshitilgan xabarlar bilan o’rtoqlashish, fikr almashish. Ha, bunisi tushunarli, Inter-i nimasi, dedingizmi? Internet davrida yashayapmiz. Pichoqqa ilinadigan har bir gap internetga chiqadi. Biz ham “Amerika Ovozi” da siz bilan gap o’ynashga qaror qildik. Qo’lda bir piyola choy bilan gapdan olamiz. Men mezbon ekanman, gapni boshlab beraman. Siz qo’shiling, fikr-mulohaza bildiring. Xarajati yo’q. Tez ishlab turgan internetingiz bo’lsa bas. Sizga katta rahmat va Inter-GAPga marhamat.

TV dasturlar