22-fevral kuni O’zbekistonda 18 yillik tutqunlikdan so’ng Muhammad Bekjon ozodlikka chiqarildi. Bir hafta o’tib, 1-mart kuni Jamshid Karimov ham jami 10 yildan keyin ozod etildi. Ikkovi – jurnalist. O’zbekiston hukumatini tanqid qilgani uchun jazolangan. Biri qamalgan, ikkinchisi majburan ruhiy kasalxonaga yotqizilgan.

Muhammad Bekjon hamkasbi Yuzuf Ro’zimurodov bilan birgalikda Kiyevda “Erk” gazetasini chiqargan davrda Ukrainadan o’g’irlab kelingan va davlatga qarshi faoliyatda ayblanib qamalgan edi. (Ro’zimurodov hamon panjara ortida).

U besh aka-ukadan biri. Erk demokratik partiyasi yetakchisi, 1991-yilda Islom Karimov barobarida prezidentlikka da’vo qilgan Muhammad Solihning ukasi. Rashid va Komil Bekjonlar ham jazo muddatlarini o’tab chiqqan. Muhammad Solihni O’zbekiston sudi davlatga qarshi faoliyatda, xususan, 1999-yil 16-fevraldagi portlashlarni uyushtirganlikda ayblab, sirtdan sud qilgan va 15 yil qamoq jazosiga hukm etgan. O’sha davrda tasodif bilan O’zbekistonda bo’lmagan Solih qamalmagan, lekin 1993-yildan buyon vatandidan yiroqda yashashga majbur.

Uning hayotiga qasd qilingan, eng so’nggisi – bundan ikki yil avval Turkiyada. Aybi esa aslida Islom Karimovga muxolif bo’lganida edi.

Jamshid Karimovning taqdiri ham fojeali. Prezident Islom Karimovning jiyani bo’lgan bu inson haqiqatgo’y va erksevarligi uchun aziyat chekdi. Umrining qariyb 10 yili – birinchi muddat 2006 -yildan 2011-yil noyabrigacha, ikkinchisi 2012-yil yanvaridan 2017-yil 1-martigacha – “jinnixona”da o’tdi. Jamshid Karimov qizining aytishicha, “qotillar va jinoyatchilar” bilan bir xonada “davolangan”.

Ularning ozodlikka chiqqani, albatta, quvonarli hol. Biroq hayoti – fojea.

Ikkovining salomatligi ham “ketgan”. Muhammad Bekjonning tishlari deyarli qolmagan, bir qulog’i eshitmaydi, “zona”da sil kasaliga chalingan. Jamshid Karimov ozib ketgan, ko’zi yaxshi ko’rmaydi, oshqozon va ichaklari ishdan chiqqan, parhez qilishga majbur, hassaga tayanib yuradi.

Muhammad Bekjon qamoqdan chiqqanidan so’ng xorijda yashaydigan farzandlari bilan gaplashganini aytib, kenja qizi ovozini esdan chiqargani haqida hikoya qildi. Uyi musodara etilgani sababli akasinikida turishga majbur. Xorijga chiqishga ruxsat yo’q.

Bu ikki siyosiy tutqun ismlari Nyu-Yorkda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi Prezident Shavkat Mirziyoyevga shu yil yanvar oyida yo’llagan ochiq maktubida qayd etilgan. Xalqaro tashkilot O’zbekistonning yangi rahbaridan ular va hibsda qolayotgan yana uch nafar jurnalist – Yusuz Ro’zimurodov, Solijon Abdurahmonov va Dilmurod Sayyidni ozod etishni so’ragan edi. Bundan tashqari, ma’lumotlarga ko’ra, AQSh Davlat kotibi muovini Tomas Shennon  ham o’tgan yil kuzida O’zbekistonga qilgan rasmiy tashrifi chog’ida Mirziyoyevdan aynan shuni – panjara ortidagi jurnalistlarni ozod etishni so’ragan.

Bekjon va Karimov ozodlikda. Ammo yana kamida uch jurnalist panjara ortida qolmoqda. Buning ustiga, inson huquqlari himoyachisi Yelena Urlayeva majburan ruhiy kasalxonaga yotqizildi. Bu ham uning uchun birinchi “davolanish” emas.

Ayni vaqtda Dilmurod Sayyidni muddatidan avval salomatligi og’irligi sababli ozodlikka chiqarish haqidagi “Ezgulik” inson huquqlari tashkiloti yo’llagan ariza Jazoni ijro etish boshqarmasi tomonidan rad etildi.

O’zbekistondagi vaziyatni yaqindan kuzatayotgan odam bunday xabarlarni eshitar ekan, prezident o’zgarganidan keyin vaziyat ijobiy tarafga o’zgarmoqda, deb aytolmaydi. Bir paytlar bolsheviklar dohiysi, Sovet Ittifoqining ilk rahbari Vladimir Lenin aytganidek, “bir qadam olg’a, ikki qadam ortga” tashlanayotgan ko’rinadi. Ming afsus. Zotan, qamoqda keksaygan va salomatligini yo’qotgan insonlarni ozodlikka chiqarish – insonparvarlik alomati. Hatto ular haqiqatan ham jinoyat sodir etgan bo’lsa-da. Bu jurnalistlar esa shunchaki ishini bajargani, korrupsiya va poraxo’rlik haqida maqola yozgani uchun qamalgan.

Jurnalist va inson huquqlari faollarini ozod etish O’zbekiston demokratik qadriyatlarga sodiq ekanidan darak berardi. Katta ramziy ahamiyatga ega bo’lardi, “zarari” esa 0 ga baravar.  Chunki bu siyosiy tutqunlarning kelajakda hukumatga qarshi faoliyat yuritishi ehtimoli yo’q. Afsuski, O’zbekistonning yangi rahbariyati buni hali tushunib yetmagan ko’rinadi. Umid qilishda davom etamiz.

Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?

Gaplashamiz.