Roza Otunbayeva matbuot erkinligi bo’yicha YXHT vakili bo’lishga loyiqmi?

Posted April 7th, 2017 at 3:12 pm (UTC+0)
Leave a comment

7-aprel – Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining (YXHT) Matbuot erkinligi bo’yicha maxsus vakili lavozimiga nomzodlarni taklif qilishning so’nggi muddati.

2004-2010-yillarda bu lavozimda Mikosh Harashti ter to’kkan. (Hozirda u BMTning Belarusda inson huquqlariga oid vaziyat bo’yicha maxsus ma’ruzachisi). 2010-yildan buyon esa lavozimni Dunya Miyatovich egallab kelgan edi. Shu yilning mart oyida uning ikkinchi va so’nggi muddati tugadi.

Hozircha bu o’rin bo’sh. 7-aprelga qadar tashkilotga a’zo davlatlar o’z nomzodlarini taklif etadi. So’ngra nomzodlar saralanib, ovozga qo’yiladi. Nomzodni tashkilotga a’zo 57 davlatning bari, ya’ni 100 foiz ovoz bilan tasdiqlashi kerak. Aks holda nomzod lavozimga tayinlanmaydi.

Nomzodlar haqida rasmiy ma’lumot yo’q. Lekin bu shaxs matbuot erkinligi uchun kurashchi, bu sohada katta tajribaga ega bo’lishi shart.

Ayrim norasmiy ma’lumotlarga ko’ra, lavozimni Qirg’izistonning sobiq muvaqqat rahbari Roza Otunbayeva ko’zlamoqda. Rasmiy Bishkek, albatta, o’z vakilining bunday nufuzli va salohiyatli lavozimga tayinlanishidan manfaatdor. Biroq Roza Otunbayeva bu lavozimga mutlaqo loyiq emas.

Sabablar esa quyidagicha:

Otunbayeva 2010-yilda Qirg’iziston janubida qirg’iz va o’zbeklar orasida qonli to’qnashuvlar boshlanganida ularga chek qo’ya olmagan zaif siyosatchi. Millatchi ham. U o’zbeklarning qirilib ketayotganini bila turib, qirg’iz millatchilarini to’xtatish borasida yetarli chora ko’rmagani sababli to’qnashuvlarda asosan o’zbeklar nobud bo’ldi – barcha qurbonlarning 75 foizi. 2010-yil yoz kunlarida uyi o’marilgan, yoqib yuborilgan, vayron qilingan, mulki talon-taroj qilinganlarning aksariyati ham o’zbeklar. Jinoyatchi tamg’asi bilan qamalganlarning aksariyati ham o’zbeklar. Bu – Qirg’iziston janubidagi 2010-yilgi voqealarni o’rganish uchun tuzilgan maxsus Xalqaro mustaqil komissiya xulosalari. Ularni rus tilida mana bu yerda o’qish mumkin. Otunbayeva komissiya xulosalarini keskin rad etgan edi.

Ikkinchi sabab: Roza Otunbayeva jalolobodlik huquq himoyachisi va jurnalist Azimjon Asqarovning umrbod qamoq jazosiga hukm etilishini shaxsan buyurgan. Xalqaro tashkilotlar, xususan, BMT Asqarovga qo’yilgan ayblar mutlaqo tasdiqlanmaganini va u begunoh ekanini tasdiqlagan. Qolaversa, buni Qirg’iziston rasmiysi ham tasdiqlagan. Quyidagi rasmga qarang. Bu – BMT komissiyasining Qirg’izistonga borib, masalani obdon o’rgangani haqida va komissiya chiqargan xulosa haqidagi hujjat. (To’la matnni mana bu yerda ingliz tilida o’qishingiz mumkin).

Hujjatda men sariq bilan belgilagan qismning tarjimasi quyidagicha:

“Observatoriyaning (BMT komissiyasi nazarda tutilgan – muallif) 2015-yil sentabr oyida Bishkek va janubiy Qirg’izistonga amalga oshirgan missiyasi chog’ida Asqarov hukm etilgan davrda Bosh prokuror bo’lgan Kubatbek Baybolovnning so’zlariga ko’ra, Muvaqqat Prezident Roza Otunbayeva sudyalarga Azimjon Asqarovni umrbod qamoq jazosiga hukm etishni buyurgan. [Baybolov], shuningdek, jinoiy ish olib borilishi natijasida Asqarov aybi isbotlanmaganini qo’shimcha qildi.”

Bu haqda Qirg’iziston matbuoti ham xabar bergan edi. Masalan, mana bu yerda.

O’zbeklarga nisbatan diskriminatsiya haqida “Fergana” axborot agentligi ham xabar bergan edi.

Jurnalist va inson huquqlari himoyachisini huquq-tartibot organlarini tanqid qilgani, odamlarga yordam bergani, qolaversa, millati o’zbek bo’lgani uchun qamatib yuborgan siyosatchi qanday qilib nufuzli xalqaro tashkilotning matbuot erkinligi bo’yicha maxsus vakili bo’ladi?

Agar rasmiy Bishkekning Otunbayevani bu lavozimga taklif etish niyatida ekani rost bo’lsa, O’zbekiston hukumati bunga qarshi chiqishi kerak. Chunki millatchi bunday nufuzli tashkilot vakili bo’la olmaydi.

Ishsiz qolgan Otunbayeva esa o’tgan yili ham YXHTning milliy ozchiliklar bo’yicha bosh komissari bo’lishga intilgan edi. Hozircha bu lavozim ham bo’sh.

Otunbayevaning YXHTda lavozim egallashi noto’g’ri bo’lishi shubhasiz. Albatta, bu “Amerika Ovozi” yoki AQSh hukumatining pozitsiyasi emas, faqatgina ushbu blog muallifining fikri.

Siz nima deysiz, aziz ggapdoshim?

Gaplashamiz.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Inter-Gap haqida

Gap, gap, gap… Biz, o’zbeklar uchun gap – ijtimoiy tadbir. Erkak va ayollar alohida yoki birgalikda juda bo’lmaganda oyiga bir marta yig’ilib, “gap o’ynaydi”. Gapga qo’shilgan odamlar bir-birining uyi yoki restoranda mehmon bo’lishadi. Xarajatini ham ko’tarishadi. Mezbonga berilgan pul nafaqat dasturxon xarajatlarini qoplashi shart, balki qo’shimcha daromad ham bo’lishi lozim. Gapdan maqsad aynan shu. Moliyaviy maqsad. Ijtimoiy jihatiga kelsak… Ha, miriqib gaplashish, muloqot qilish, u yoq, bu yoqdan eshitilgan xabarlar bilan o’rtoqlashish, fikr almashish. Ha, bunisi tushunarli, Inter-i nimasi, dedingizmi? Internet davrida yashayapmiz. Pichoqqa ilinadigan har bir gap internetga chiqadi. Biz ham “Amerika Ovozi” da siz bilan gap o’ynashga qaror qildik. Qo’lda bir piyola choy bilan gapdan olamiz. Men mezbon ekanman, gapni boshlab beraman. Siz qo’shiling, fikr-mulohaza bildiring. Xarajati yo’q. Tez ishlab turgan internetingiz bo’lsa bas. Sizga katta rahmat va Inter-GAPga marhamat.

TV dasturlar