Rossiyadagi siyosiy kurashda qo’llanilayotgan g’aroyib qurol

Posted April 29th, 2017 at 7:31 pm (UTC+0)
Leave a comment

Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy yuziga zelyonka sepilganidan keyin uning rafiqasi Yuliya faol ko’zini tozalamoqda. Moskva, 27-aprel, 2017-yil.

Rossiyada so’nggi paytlarda hukumat tarafdorlari  hamda hukumat tanqidchilari kurashida yangi qurol qo’llanilmoqda. U ham bo’lsa zelyonka. Ha, ha, yoshligimizda yiqilsak, qirilgan tizza va boshqa yoqdagi yara-chaqaga onamiz surib qo’ygan zelyonka. Yam-yashil rangdagi bu suyuqlik samarali antiseptik – mikroblarni o’ldiradigan vosita. Boshqa bir antiseptik – yoddan farqli ravishda u yarani achishtirmaydi. Lekin salbiy tarafi shundaki, u tez yuvilmaydi. Kamida bir oy surilgan joy yashil rangda bo’lib turaveradi.

Sovet Ittiqofoqida tug’ilgan har bir go’dak birinchi bo’lib tanishgan dori aynan zelyonka bo’lardi. Tug’ruqxonada yangi tug’ilgan chaqaloq kindigi kesilganidan keyin zelyonka surilardi.

Bolalarning tizza yoki tirsaklari yashil bo’lgani esingizda bo’lsa kerak. Suvchechak toshgan holda bola – va hatto katta odam – ham badani xol-xol yashil bo’lib yurardi.

Endi qarangki, Rossiyada zelyonkani hukumatni tanqid qilgan odam yuziga to’kish amaliyoti keng tarqalmoqda.

27-aprel kuni Moskvada korrupsiyaga qarshi blogpostlari bilan xalq orasida obro’ qozongan va muxolifat yetakchisiga aylangan Aleksey Navalniy yuziga zelyonka sepilib, faol kasalxonaga yetkazilgani haqida xabar qilindi.

Bu faolning 29-aprelga mo’ljallangan norozilik namoyishida ishtirok etmasligi uchun amalga oshrilgan provokatsiya ekani aytildi. Navalniyning ko’zi kuydi, deya xabar tarqaldi. Biroq jarohatga qaramay, Navalniy tarafdorlari bilan uchrashuvni o’tkazdi.

26-aprel kuni Rossiya janubidagi Stavropol shahrida blogger Ilya Varlamovga ham ikki marta hujum qilindi. Ikkalasida o’zining rasmiylarni tanqid qilishi va qiziqarli foto blogi bilan tanilgan yigitga zelyonka barobarida xom tuxum va un ham sepildi. Blogger o’zining yashil rangga bo’yalgan yuzi va sochini hammaga ko’rsatdi – blogi orqali. “Yaxshi ko’rgan futbolkamning rasvosi chiqqanidan xafaman”, dedi u va shuningdek fotoapparati ishdan chiqqanini bildirdi va politsiyaga shikoyat qildi.

Xuddi o’sha kuni Rossiyaning  boshqa qismida, Mari El respublikasi poytaxti Yoshkar-Olada mustaqil jurnalist Galina Sidorovaga ham zelyonka yordamida hujum qilindi.

Bundan oldin esa muxolifat vakili Mixail Kasyanov, adiba Lyudmila Ulitskaya ham zelnyonka “qurboni” bo’lgan.

Xo’sh, nimaga aynan yashil dori?

Taxminimcha, zelyonkani opponentlariga qarshi hujum vositasi sifatida tanlaganlar uchta sababdan kelib chiqqan:

Birinchidan, zelyonka nisbatan xavfsiz, ya’ni undan badanda jiddiy jarohat qolmaydi. Agar ko’z va og’iz/oshqozonga tushmasa, albatta. Demak, bunday hujum uchun jazo ham jiddiy bo’lmaydi.

Ikkinchidan, arzon.

Uchinchidan, nishonni “ishdan chiqarish” ma’nosida samarali. Ya’ni zelyonkaga bulg’angan yuz televideniyega chiqish yoki rasmga tushishda to’siq bo’la oladi, desa kerak uni qollaydiganlar.

Ammo Navalniy o’tgan oyda Barnaul shahrida zelyonka chaplangan yuzini katta flesh-mob kampaniyasiga aylantirdi. Faol rasmini ko’rgan tarafdorlari yuzini yashilga bo’yab rasmga tushdi va internetga joylay boshladi.

Muxolifatchi esa videorolik orqali Kremlga murojaat qildi va “yuzimning yashilligi meni to’xtatmaydi, meni hech narsa to’xtatmaydi”, – deb aytdi.

Rossiya zelyonkadan siyosiy qurol sifatida foydalanayotgan birinchi mamlakat emas. Undan oldin Ukrainada Yevromaydan muxolifat vakillariga qarshi ham qo’llanilgan.

Hujumchilar, odatda, jazoga tortilsa-da, jiddiy jazolanmaydi. Shu bois bu antiseptik dori kelajakda ham siyosiy qurol sifatida ishlatilishda davom etadi. Biroq muxolifat va mustaqil jurnalistlar zelyonkadan o’z manfaatida foydalansa, ya’ni yashil yuzini ko’rsatishdan tortinmay, aksincha, ko’z-ko’z qilsa va tarafdorlarini ham shunday qilishga undasa, bu qurol asta-sekin ishdan chiqishi mumkin.

Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?

Gaplashamiz.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Inter-Gap haqida

Gap, gap, gap… Biz, o’zbeklar uchun gap – ijtimoiy tadbir. Erkak va ayollar alohida yoki birgalikda juda bo’lmaganda oyiga bir marta yig’ilib, “gap o’ynaydi”. Gapga qo’shilgan odamlar bir-birining uyi yoki restoranda mehmon bo’lishadi. Xarajatini ham ko’tarishadi. Mezbonga berilgan pul nafaqat dasturxon xarajatlarini qoplashi shart, balki qo’shimcha daromad ham bo’lishi lozim. Gapdan maqsad aynan shu. Moliyaviy maqsad. Ijtimoiy jihatiga kelsak… Ha, miriqib gaplashish, muloqot qilish, u yoq, bu yoqdan eshitilgan xabarlar bilan o’rtoqlashish, fikr almashish. Ha, bunisi tushunarli, Inter-i nimasi, dedingizmi? Internet davrida yashayapmiz. Pichoqqa ilinadigan har bir gap internetga chiqadi. Biz ham “Amerika Ovozi” da siz bilan gap o’ynashga qaror qildik. Qo’lda bir piyola choy bilan gapdan olamiz. Men mezbon ekanman, gapni boshlab beraman. Siz qo’shiling, fikr-mulohaza bildiring. Xarajati yo’q. Tez ishlab turgan internetingiz bo’lsa bas. Sizga katta rahmat va Inter-GAPga marhamat.

TV dasturlar