Shu kunlarda internetda o’zbeklar faol muhokama qilayotgan mavzu – Alisher Usmonovning Aleksey Navalniyga video-murojaati.

O’zbekistonning Namangan viloyatida tug’ilib o’sgan, ko’p yillardan buyon Rossiyada yashaydigan milliarder 18-may kuni korrupsiya haqidagi video-blogi orqali tanilgan va so’nggi paytlarda Rossiya prezident saylovlarida qatnashish istagini bildirib kelayotgan faolga murojaat qildi.

12 daqiqalik bu video-murojaatda Usmonov Navalniy ilgari tarqatgan korrupsiyaga oid iddaolariga birma-bir javob beradi. (Videoni mana bu yerda tomosha qilish mumkin).

Eslatib o’tish joiz, aprel oyi boshida Navalniy va u boshqaradigan aksil-korrupsiya fondi Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedevga tegishgli ekani ta’kidlangan mulkka oid ma’lumotlarni “U sizlarga Dimon emas” (On vam ne Dimon) sarlavhali hujjatli filmda taqdim etgan edi. Filmda Medvedev o’zining yuqori martabasi orqali korrupsiya yo’llari bilan Rossiya va xorijda katta mulkni qo’lga kiritgani, xususan, Usmonov Medvedevga Moskvadagi Rublyovka yaqinida uy sovg’a qilgani iddao qilinadi.

Bu ma’lumot paydo bo’lgach, Alisher Usmonov Navalniyni tuhmatda ayblab sudga berdi. Sud arizani qabul qilgan va ishni ko’rib chiqish muddatini ham belgilagan – 30-may. Biroq milliarder sudni kutib o’tirmay, Navalniyga “YouTube”ga joylashtitrilgan video orqali murojaat qilishga qaror qildi.

Bunday qaror ortidagi sabablar bizga qorong’u. Ko’pgina OAV bu xususda fikrlar bildirmoqda. Bir narsa aniq – internet qanday ishlashini yaxshi tushungan Usmonov kurashda aynan internet orqali tarafdorlar orttirish mumkinligini yaxshi anglagan ko’rinadi.

Usmonov Navalniyga “sen” deya murojaat qiladi va dona-dona qilib, hozirgi maqomiga qanday erishganini tushuntiradi: boyligi og’ir mehnat mahsuli ekani; sovet davrida O’zbekistonda qamoqda o’tirgani aslida, Navalniy ta’kidlaganidek, jinsiy tajovuz uchun emas, balki tuhmat asnosida soxtalashtirilgan ish bo’lgani va 2000-yilda Oliy sud uni oqlagani; Medvedevga uyni sovg’a qilmagani, balki oldi-sotti, ya’ni biznes-tranzaksiya natijasi ekanini aytadi. U, shuningdek, o’zining baxtiyor inson ekanini aytib, murojaat so’nggida faoldan kechirim so’rashing kerak mendan, deb “tupurdim senga, Aleksey Navalniy” deydi.

Bu murojaat nihoyatda gay’rioddiy.

Rossiyada milliarderlar ko’p. Ular o’zining kamso’zligi, har holda matbuot, jurnalistlarga ko’p gapirmasligi bilan ajralib turadi. Usmonovning 12 daqiqa davomida to’xtamay gapirishini men birinchi marta ko’rishim. Bungacha rus va ingliz tilida bergan intervyularida ham jurnalistlarga ko’pi bilan ikki daqiqalik gap aytib, javob qaytarganini ko’rganman.

Ikkinchidan, uning tovushi va gapirish ohangi, qolaversa, qo’llagan iboralari muhim. Gaplari lo’nda va aniq, fikrlashi ravon, qo’l harakatlari kam. Kiygan kiyimi uy kiyimiga o’xshaydi. O’tirgan joyi ham sodda (ma’lumotlarga ko’ra, video milliarder yaxtasida olingan). Sen deb gapirishi va tupurdim deyishidan oldin o’zini fil, Navalniyni esa kichik ko’ppakka qiyoslashi videoni ko’rgan odamda kuchli taasurot qoldiradi. Umumiyat-la, avval Navalniy, so’ngra Usmonov videosini ko’rgan odamda Usmonovga ko’proq hurmat tug’ilsa ajab emas.

Internetning o’zbekzabon segmenti aynan shuni muhokama qilmoqda. Videoni minglab odamlar tomosha qildi. Usmonovdan faxrlanadigan, vatandoshimiz deydigan o’zbeklar kam emas. Navalniyni ko’plar yaxshi tanimaydi. Ismini eshitganlar ham ishini, faoliyatini yaxshi bilmaydi. Faoliyatini anchadan beri kuzatib kelayotganlar esa uning o’zbek va tojiklar haqida mensimay gapirgan, rus millatini ko’tar-ko’tar qilgan gaplarini eslaydi.

Rossiya axborot vositalari ham Usmonov video-murojaatiga katta e’tibor qaratmoqda. Bu haqda yozmagan gazeta, televideniye yoki internet sahifa qolmaydi, desak adashmaymiz.

“Meduza” nomli mustaqil nashriyot video-murojaat hamda Navalniy iddaolari haqida umumiy ma’lumot berganidan so’ng, ijtimoiy tarmoqlardagi reaksiyani o’rgandi, so’ngra Usmonovning jinoiy ishi, xususan, jinsiy tajovuzda ayblanib, qamalgani haqidagi ma’lumotlar qayerdan paydo bo’lganini o’rgandi. (Bu haqda mana bu yerda batafsil (rus tilida) o’qishingiz mumkin).

Alisher Usmonov video-murojaati uning Vkontakte ijtimoiy tarmog’i orqali e’lon qilingani va “YouTube” da joylashtirilganidan keyin Navalniy ham uni o’z videoblogida e’lon qildi. Oligarxni videoblog janridagi debyuti bilan qutlab, Navalniy bu murojaatga albatta javob berishni va’da qildi.

(Bu blogni yozayotganimda Navalniy javobi chiqmagan edi.) Demak, bu video-kurash yana davom etadi. Biz esa popkorn olib, uni tomosha qilamiz.

Xo’sh, bu g’ayrioddiy kurash haqida Sizning fikringiz qanday, aziz gapdoshim?

Yozing, gaplashamiz.