Ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan surat: Markaziy Osiyo yetakchilari qizg’in suhbat ustida, Riyod, Saudiya Arabistoni.

O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Saudiya Arabistoni va Turkmanistonga tashriflari chog’ida olingan suratlar internetda keng tarqaldi.

Kaspiy dengizi bo’yida Mirziyoyev turkman hamkasbi bilan birga sport kiyimida velosiped mindi va kemada uchdi, sport zalini borib ko’rdi.

Riyodda olingan suratlarda esa Mirziyoyevning Qozog’iston va Tojikiston prezidentlati bilan yonma-yon o’tirib, suhbatlashayotgani, qah-qah otib kulayotganini ko’rish mumkin. Yana bir suratda Mirziyoyev Emomali Rahmon bilan yonma-yon qo’l ushlashib o’tiribdi.

Uch katta-katta erkakning kichik bir divanga zo’rg’a siqqani, so’ngra ikki erkakning qo’l ushlashgani boshqa holda kulgili ko’rinar edi. Lekin bu holda Markaziy Osiyoni yaxshi bilgan, O’zbekistonning so’nggi chorak asr davomidagi qo’shnilariga nisbatan siyosatidan xabardor bo’lgan odam kulmayapti. Xursand bo’lyapti. Chunki mintaqada yaqin qo’shnichilikka zarurat borligini hamma yaxshi biladi. Qator muammolar aynan do’stona rishtalar, prezidentlar orasidagi mustahkam va iliq aloqalar orqali hal bo’lishi mumkinligini yaxshi tushunadi. Mirziyoyev O’zbekiston milliy manfaatlarini ko’zlagan holda Nazarboyev, Rahmon hamda boshqa mintaqa rahbarlari bilan do’stona aloqalarga asos solayotganidan xalqlar yutsa yutadiki, hech yutqazmaydi.

Markaziy Osiyoni Sovet rahbari Iosif Stalin o’tgan asrning 20-yillarida beshta davlatga nihoyatda sun’iy ravishda bo’lgan edi. Bu bo’linish natijasida qardosh xalqlar orasidan chegaralar tortildi. Ular bir davlatning boshqa-boshqa respublikalari bo’lgan davrda bu ajralish kundalik hayotga katta ta’sir qilmagandir balki. Ammo 1991-yilda Sovet davlati parchalanib, Markaziy Osiyoning besh respublikasi mustaqil davlat maqomiga erishgach, chegara punktlari ochildi, viza rejimlari joriy etildi va ayrim – talash – hududlarda hatto minalar o’rnatilib, o’nlab odamlar nobud bo’ldi. Savdo-sotiqdagi to’siqlar, suv kabi zaxiralarni talashish haqida gapirmasa ham bo’ladi. Vaholanki, O’zbekiston ichidagi mutaxassislar ham, xorijlik ekspertlar ham mintaqaviy intergratsiyadan Markaziy Osiyo mamlakatlari yutardi, deb keladi.

Endi esa O’zbekistonda Islom Karimov vafot etib, hokimiyatga Mirziyoyev kelgach, yangi imkoniyatlar ochilmoqda. Bu imkoniyatlar ulkan. Ulardan foydalanish kerakligini Mirziyoyev yaxshi tushungan bo’lsa kerak, chunki u prezident sifatida qasamyodga keltirilganidan yarim yil o’tib, u mintaqaga e’tibor qaratdi, xuddi marafonchidek Qozog’istonga bordi, Turkmanistonga esa bir emas, ikki marta tashrif buyurdi, dolzarb muammolarni muhokama qildi. Qirg’iziston prezidenti bilan ham hamkorlik haqida gaplashgan edi. Tojikiston bilan O’zbekiston orasida aviaparvozlar yo’lga qo’yildi. Karimov davrida buni tasavvur qilib ham bo’lmasdi.

Tashqi siyosat bobidagi “marafon”ning yana bir qismini Mizriyoyev “uzoq xorij” davlatlari bilan yugurdi: Riyodda uning AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan ham salom-alik qilayotgani tasvirlangan suratlarni o’zbekistonliklar internetda ko’p ulashmoqda. O’zbekiston rahbari AQSh prezidenti bilan so’nggi marta qachon yonma-yon turgan? Buni ko’p yoshlar eslolmasa ham kerak.

Turkmaniston va Saudiya Arabistoniga tashriflardan sal avval Mirziyoyev Xitoyga borib, “Bir makon, bir yo’l” sammitida ko’pgina davlatlar rahbarlari bilan uchrashdi, ko’p milliard dollarlik shartnomalar bilan qaytdi . Xalqaro rahbarlar jamoasiga qo’shildi. (Darvoqe, Mirziyoyev rafiqasining go’zalligi va latofatligi ham internetda o’zbekistonliklar tomonidan ko’p muhokama qilindi, o’zbeklar Ziroatxon Hoshimova-Mirziyoyevadan faxrlandi. Ayniqsa, hozirgi oilaviy ahvoli haqida ko’p mish-mishlar yuradigan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, xalqaro uchrashuvlarda doim o’g’li Kolyani olib yuradigan Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko yonida Mirziyoyevning rafiqasi bilan qo’l ushlashib yurib ketayotgani ko’plarga ma’qul keldi).

Umumiyat-la, bu tashriflarni rasmlar orqali kuzatar ekan, nafaqat O’zbekiston, balki qo’shni respublikalar xalqlari ham Markaziy Osiyodagi aloqalar iliqlashishidan umid bildirmoqda. Buni internetdagi, ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlardan tushunish oson.

Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?