Yuk tashish/ko’chirish biznesini ochish sirlari haqida

Posted June 17th, 2013 at 11:51 pm (UTC+4)
Leave a comment

Timur Plavan asli Rossiyadan. To’rt yil oldin otasi bilan Virjiniyaning Sterling shahrida yuk tashuvchi kompaniya ochgan. Timur bu biznes bilan shug’ullanmoqchi bo’lganlarga o’z maslahatlarini beradi.

Biznes g’oya

“Amerikada odamlar hamisha bir joydan boshqa joyga ko’chib yuradi. Uy xarid qilgandan keyin ashyolarini ko’chirishga ehtiyoj tug’iladi. Buni o’zimiz uchun yaxshi biznes deb, kuchimizni sinab ko’rishga ahd qildik. Bungacha bir necha ish bilan shug’ullanib ko’rgan edik. “Toma-toma ko’l bo’lur” deganlaridek, bir oz pul jamg’arib, yaqinda yana bir yuk mashinasini sotib oldik”.

Biznes turi

“Bu xizmatni bizneslar va aholiga ko’rsatish mumkin. Ba’zida odamlar erinib, narsalarini bir joydan boshqa joyga tashishni istamaydi. Shunda bizga murojaat qilishadi. Biz kelib, buyumlarini qutilarga joylaymiz, qimmatroq mebel bo’lsa, yo’lda shikast yetmasin deb, uni maxsus material bilan o’raymiz. Manzilga yetgach, hamma narsalarni korobkalardan chiqarib, buyurtmachi aytgan joyga joylaymiz. Ba’zida shahar ichida, ba’zida bir shahardan boshqa shaharga, bir shtatdan boshqa shtatga ko’chishga to’g’ri keladi. Yuridik shaxslar, kompaniyalar bilan ham xuddi shunday ishlaymiz”.

Boshlang’ich kapital

“Boshlang’ich kapital yuk mashinasini sotib olishga va reklamaga yetishi kerak. 10-20 ming dollar bilan boshlasa bo’ladi. Yangi mashina sotib olish shartmas, ammo uning ahvoli yaxshi bo’lishi kerak, chunki ish vaqtida buzilib qolsa, buyurtmachi oldida izza bo’lasiz”.

Ishchi kuchi

“Bu biznesni kamida ikki kishi bo’lib boshlash mumkin, lekin eng yaxshisi kamida to’rt xodim bo’lishi kerak. Yukni qadoqlash, tashish kerak, bu ish jismoniy kuch talab qiladi. Ayrim odamlar ko’pga chidamaydi. Tez charchab qoladi. Ish qizigan payt shunday bo’lsa, yana buyurtmachining oldida yuzingiz qizaradi, shuning uchun bunday ishga jismonan kuchli va ishonchli odamlarni jalb qilish kerak”.

Biznesni ro’yxatga olish

“Bu biznesni boshlash uchun yuk mashinasini Transport vazirligi ro’yxatidan o’tkazish kerak. Ular mashinaning ahvolini tekshiradi. U o’t o’chiruvchi moslama bilan jihozlangan bo’lishi, har ikki yonida kompaniya nomi bitilgan ma’lumot turishi lozim. Vazirlik haydovchilar malakasini tekshiradi, ularning esa o’z navbatida yuk mashinasini haydashga ruxsat beruvchi guvohnomasi bo’lishi kerak. Kompaniyada sug’urta bo’lishi shart. Shundan so’ng sizga maxsus raqam va ruxsatnoma berishadi”.

Sarmoyani chiqarish muddati

“Agar ish to’g’ri yo’lga solinsa, hamma xarajatlarni bir yilda oshig’i bilan chiqarsa bo’ladi”.

Reklama

“Reklamaning turli yo’llari bor. Internetda ayrim saytlar e’lonlarni bepul joylashtiradi, ammo bunday reklama bilan ko’p mijoz topaman, deb o’ylamang. Boyroq mijozlar bilan ishlayman desangiz, reklama qiladigan maxsus agentlikni yollaysiz. Chunki ko’chmoqchi bo’lgan kompaniyalar ham aynan shunday agentliklarga murojaat qiladi. Bundan tashqari, har xil tashkilot va kompaniyalar idoralariga kirib, firmangiz haqidagi ma’lumotni tarqatishingiz mumkin. Internetda o’z saytingiz bo’lsa ham yaxshi. Chunki ko’p odamlar bugun internet orqali yumushlarini bajaradigan bo’lib qolgan. Veb-sahifangizga xizmat turlari va narxlar haqida batafsil ma’lumot qo’yishingiz mumkin. Bir-ikki yil yaxshi ishlasangiz, sobiq mijozlaringiz sizni boshqalarga tavsiya qila boshlaydi”.

Revyu ahamiyati

“Vashington atrofida raqobat kuchli. Chunki ko’plar bu ishning daromadli ekanini tushunib yetgan. Ayrimlar bu sohada kim uchundir ishlab, tajriba orttirib, so’ng o’z kompaniyasini ochgan. Lekin biznesni to’g’ri yo’lga qo’ya bilsangiz, ishingizni a’lo bajarsangiz, mijozning ko’nglini ololsangiz, buyurtma har vaqt topiladi. Eng muhimi mijozdan ishingizni baholashini so’rash. Bu ishda revyular muhim rol o’ynaydi. Buyurtmachi ko’ngli to’lib, mehnatingizni a’lo baholashi kerak. Chunki bunday xizmatga ehtiyoji bor odamlar va kompaniyalar internetda mijozlardan ijobiy izohlar olgan firmalar bilan ishlashni afzal ko’radi”.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

MUALLIF HAQIDA

Odil Ruzaliev “Amerika Ovozi”da 2005-yildan beri ishlaydi. Diktor va prodyuser. AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) xalqaro aloqalar sohasida magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekiston TV 1-kanalida ingliz tilida FCN (First Channel News) yangiliklar ko'rsatuvining muallif-boshlovchisi bo’lgan. O'zbek, ingliz va rus tillarida chop etilgan qator maqolalar muallifi.