Pitsburgdagi tadbirkor o’zbek ayoli – Tamilla Bobojonova

Posted September 17th, 2013 at 11:12 pm (UTC+4)
Leave a comment

Haftaning o’rtasi…Grin-Tridagi salonga damba dam mijoz kirayapti. Uzoq yillik kliyentlar, deya tushuntiradi Tamilla Bobojonova. U bu biznesni qo’lga olganiga bir yil bo’ldi.

“Azaldan yoqtirgan soham edi. Nyu-Yorkda ikki yillik kosmetolog, stilist (esthetician) kurslarini tamomlaganman”, – deydi u.

Uch farzandning onasi bo’lmish Tamilla biznesni ham, uyni ham eplayotgan pitsburglik chaqqon o’zbeklardan. Bu ishni ochishda unga suyanchiq bo’lgan, moliyaviy madad bergan – turmush o’rtog’i. Nyu-Yorkda olgan bilimini avvaliga Pitsburgdagi go’zallik salonlarida mahkamladi.

“10 yil oldin Pitsburgga ko’chganimizdan keyin o’qish va salonda ishlash uchun imkon paydo bo’ldi. Raqobat nima ekanini bildim, bellashdim. O’z biznesimni boshqarishga tayyor ekanimni his qilgach, mana shu joyni ochdik”, – deydi u.

Tamilla har qanday biznesda muammolar bo’ladi, deydi.

“Go’zallik salonini ochgandan keyin mijozlarni jalb qilish, reklama qilish kerak. Men internetda oldiniga sahifa ochdim va narxlarni, boshqa ma’lumotni joyladim, chegirmalar taklif qildim. Internetdagi qidiruv saytlaridan topib kelishadi bizni”, – deydi Tamilla Bobojonova.

Raqobat kuchli. Tevarak-atrofda boshqa salonlar qolishmayapti. “Lekin har bir odam mijozlarga boshqacha yondashadi”, deydi u. “Nimamiz bilandir uning ko’ngliga yo’l topsak, saqlab qolamiz”.

Uning yumushini yengil qilgan shuki, salon uzoq yillardan berib ishlaydi. Tamilla bor biznesni sotib olib, uni boshqarishga kirishdi. Eski mijozlar hisobiga ishi baroridan kelayapti.

“Ya’ni men noldan boshlaganim yo’q, 26 yildan beri sodiq mijozlarim bor”, – deydi u.

Go’zallik salonini ochish uchun qancha sarmoya kerak?

“Siz katta daromad olmoqchi bo’lsangiz, sarmoya ham katta bo’lishi kerak. Agar avvaldan ishlab turgan bir biznesni qo’lga olaman, desangiz unda osonroq va ko’p pul kiritish shart emas. Avvaliga kichik miqdorda sarmoya joylanishi mumkin va u yog’i sizning uquvingizga bog’liq”, – deydi Tamilla.

Uning aytishicha, bu kasbda o’zbekistonliklar yo’q hisob. Chunki sohada ishlash uchun ikki imtihondan o’tish, litsenziya olish zarur. Jarayon oson emas.

“Til bilmaslik eng katta to’siqlardan biri. Lekin qilsa bo’ladigan ish va kosmetolog, stilistlar orasida biznikilar ham ko’payadi, degan umiddaman”, – deydi u.

Tamilla to’ylarda xizmat ko’rsatish bobida O’zbekistonda alohida malaka oshirib qaytish niyatida. Kelin libosi, kosmetika, yasan-tusan bobida yangi g’oyalar bilan qaytishim va Amerika bozorida o’z o’rnimni topishim aniq, deb hisoblaydi u.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

MUALLIF HAQIDA

Odil Ruzaliev “Amerika Ovozi”da 2005-yildan beri ishlaydi. Diktor va prodyuser. AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) xalqaro aloqalar sohasida magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekiston TV 1-kanalida ingliz tilida FCN (First Channel News) yangiliklar ko'rsatuvining muallif-boshlovchisi bo’lgan. O'zbek, ingliz va rus tillarida chop etilgan qator maqolalar muallifi.