Amerikada yoshlarni tadbirkorlikka o’rgatuvchi dastur

Posted August 12th, 2014 at 8:09 pm (UTC+4)
Leave a comment

Dunyodagi ko’p mamlakatlarda yoshlar orasida ishsizlik katta muammo. Masalan, Amerika Qo’shma Shtatlarida iyul oyida bu ko’rsatkich 13 foizdan sal yuqori edi, yillik ishsizlik sur’ati esa yoshlar orasida olti foizdan ko’p. Biroq Tadbirkorlikdan saboq berish tarmog’i deb nomlangan yangi dastur yordamida kam daromadli oilalardan chiqqan yoshlar biznes yuritish sirlarini o’rganmoqda.

Sofiya Kontreras bolaligidan o’z biznesiga ega bo’lishni orzu qilgan. Yaqinda u kompaniya ochdi. Shirkat oziq-ovqat bilan shug’ullanadi. Sofiya tadbirkorlik sirlarini o’tgan yozda yangi dasturda ishtirok etib o’rgandi.

“Qanday qilib biznesni boshlash va yuritishni ko’rsatishdi. Avvaliga xaridorgir mahsulotni bilish uchun izlandim. Pupusalarni (Salvador noni) sota boshladim. Narxini ko’tardim, tushirdim, bozordagi talabni, bozor xususiyatlari, mijozlarim kimligini o’rgandim. Internet orqali ijaraga arzon bir joy topdim. Bu rayonda latinolar uchun taom taklif qiladigan boshqa oshxonalar yo’q ekan. Men uchun zap joy bo’ldi bu”, – deydi Sofiya.

Sinfda o’rta maktabning 35 o’quvchisi ta’lim olmoqda. Birinchi ikki hafta o’quvchilar biznes uchun g’oyalarni o’ylaydi, bir-biri bilan o’rtoqlashadi, fikrini o’rganadi, tanqid qiladi. Ulardan biri bir-biriga qarama-qarshi tasvir va g’oyalar tushirilgan futbolka ishlab chiqarishni taklif qildi.

“Masalan, Karl Marks va Ronald Reygan suratlarini bir futbolkaga ko’chirib, turli iqtisodiy tizimlar o’rtasidagi qarama-qarshilikni ko’rsatmoqchi bo’ldik”, – deydi u.

Har bir o’quvchi o’z g’oyasi haqida so’zlab bergach, yosh tadbirkorlar xaridor munosabatini o’rganishga kirishdi.

So’ng ular guruhlarga bo’linib odamlarning fikrini bilish uchun mahsulotini ularga ko’rsatdi.

Murabbiylar o’quvchilarning g’oyalariga sinfda tanqidiy munosabat bildiradi. Har bir o’quvchiga bittadan trener biriktirilgan.

Tadbirkorlikdan saboq berish tarmog’ining Nyu-Yorkdagi bo’limi rahbari Terri Baumanning aytishicha, yoshlarga to’g’ri murabbiylik qilish muhim.

“Biz bilan hamkorlik qiluvchi yirik korporatsiyalar dasturda ishtirok etish uchun bizni mutaxassislar bilan ta’minlab turadi. Asosiy vazifamiz tadbirkorlik yordamida yoshlarni o’zgacha fikrlashga o’rgatish, hayotga tayyorlash, yo’l-yo’riq ko’rsatishdan iborat”, – deydi Bauman.

Chinko Amerikas kafesida Sofiya Kontrerasning omadi chopmoqda, biznes yaxshi ketyapti. U biznes-reja tuzib, g’oyasini tarmoqdagi odamlar va bir guruh sarmoyadorlarga taqdim etdi. Ular rejani ma’qullab, ishni boshlash uchun unga olti ming dollar berdi.

“Onam 14 yildan ko’p menhat qildi. Hujjatlari bo’lmagani uchun unga ko’p pul to’lashmagan. Men doim o’z hissamni qo’shishga harakat qilardim”, deydi qizaloq.

Tadbirkorlikdan saboq berish tarmog’i dasturi AQSh va yana 10 mamlakatda Kontrerasga o’xshagan yoshlarga yordam beradi. Nyu-Yorkdagi markazda har yili uch ming, mamlakat bo’ylab esa 15 ming talaba biznes sirlarini o’rganadi.

Maqolalar arxivi

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *