Chinakam qish bilan tanishuv

Posted January 28th, 2014 at 12:07 am (UTC-4)
Leave a comment

Qish hamma joyda deyarli bir xil: oppoq qor, qalin kiyinib olgan odamlar, sirpanchiq yo’llar, arang harakatlanayotgan mashinalar, uyingizning tomidan naq yerga qadar osilib turgan muzlar… Toshkentda do’stlar yig’ilishib qolsak (qish payti), albatta, birrov bolalikni eslab qorbo’ron o’ynardik.

Amerikada, avvalgi suhbatlarimizda aytib o’tganimday, qorbo’ron o’ynayotgan yoshlarni deyarli ko’rmaysiz. Bunga bu yurtlardagi qorning qo’lga mutlaqo “o’rganmasligi” sabab emas, shunchaki, bu yerda bunday odatning o’zi yo’q. Har narsada ehtimoliy xavfni ko’rishga odatlangan amerikaliklar qorbo’ronda ham insonga zarar etkazishi mumkin alomatlarni ko’radi. Ya’ni, siz otgan qor, albatta, kimgadir ziyon yetkazishi va alaloqibat sizni sudga, kattaroq chiqimga, boring ana, hatto mundayroq muddatga ozodlikdan mahrum bo’lishga olib kelishi mumkin. Ayniqsa, qorbo’ron nishoni qizlar va yoki ayollar bo’lsa.

Bir safar, adashmasam 2008-yilimidi, Toshkentda ancha qalin qor yog’di. Fotoapparatimni qo’lga oldim-u ko’chaga otildim. Mustaqillik maydonida yoshlar qorbo’ron o’ynashini, yigitlar qizlarni qor bilan siylashayotganini rosa suratga olgandim. Bu yerda bunaqasi yo’q.

MDH davlatlaridan kelib qolgan uch-to’rtta yoshlar o’zaro uzoq qit’adagi odatni eslab qorbo’ron o’ynadik, ana shu payt qiziq voqea bo’ldi. Bir-birimizga qorkoptoklar uloqtirayotganimiz maydonning qoq o’rtasida to’rtta qoratanli qiz paydo bo’ldi. Ular hech bir hadiksiz shartta “jang” maydonini yorib o’tardi. O’zbekistonda buni tasavvur qilish qiyin, to’g’rimi? Qaysi qiz bunga jur’at etadi, axir “bombardimon” bo’ladi-yu. Bu qizlar esa… qaytaniga biz sabr bilan, o’yin buzg’ichlarning o’tib ketishini kutib turdik. Aytgancha, qor qalinroq yog’adigan payt, mahalliy televideniyeda maxsus ogohlantiruvchi eshittirishlar uyushtiriladi, maktablar, korxonalar va hatto do’konlar yopiladi. Ya’ni odamlar uyiga qamalib, qor biroz erib olishini kutishadi. Chang’i uchishlar, qormomo yasashlar qayoqda. Qalinroq qor yog’ishi haqidagi e’lon bo’lgach, hamma do’konlarga yuguradi, dunyoning yeguligini sotib oladi. Amerikalik tanishlarim aytmoqchi, qiyomat boshlandi degan payt ham, amerikaliklar magazinlarga borib yegulikni jamlab oladi. Nima bo’lsa bo’lsin, ammo oshqozonga zarar yetmasligi kerak!

Hamma ana shu tarzda uyida yashirinib, televizor tomoshasi bilan band bo’lgan payt faqat maxsus munitsipal xizmatlar yo’llarni qordan tozalaydi. Qor yog’averadi, bu xizmatlar tozalayveradi… Aynan shu xizmatlarning tinim bilmay ko’rgan choralari o’laroq mashinalar harakatlanuvchi yo’llar qordan holi bo’ladi. Ammo piyodalar yo’llari, ba’zan qolib ketadi…

Amerikada, ko’pchiligimiz axborotlarda ko’rganimizday, mashinalarning to’qnashib ketishi hollari ko’p bo’ladi. Albatta, bu ko’ngilsizliklar hech kim qish payti mashinani qanday boshqarish kerakligini bilmagani bois sodir bo’lmaydi. Shunchaki, hamma narsaga ko’nikib, moslashib ulgurgan amerikaliklar yo’llarni tozalovchi xizmatlar albatta o’z ishini chiroyli darajada ado etib bo’lgan deb ishonadi va mashinalarini juda katta tezlikda boshqaradi. Natijada yo’l tozalovchi xizmatlar tozalab ulgurmagan va yoki tozalashni hayoliga ham keltirmagan joylarda pand yeydi.

Yangi yilning ilk oyi, aytib o’tish joiz, ko’pchilik amerikaliklar va ular qatori bizlar uchun ham ancha tashvishli keldi. Dastlab bizning shtat ham, boshqa bir qator shtatlar qatori qaqshatqich sovuqni boshdan o’tkazdi. Shtat o’ziga kelib ulgurmay hammayoqni qor bosdi. Aksar hamshaharlar bu yerlar uchun bunaqangi qor odatiy hol ekanini aytishadi. Shu bois bo’lsa kerak, odamlar orasida sarosima sezilmaydi.

Avval ko’p eshitganim “amerikacha vahima”ni umuman ko’rmadim. Hammasi odatdagiday. Faqat ko’chada politsiya ko’proq, intizom kuchliroq, zero yo’llar biroz sirpanchiq…

Kasbga oid kasallik bo’lsa kerak, fotoapparatni oldim-u, vaziyatni imkon qadar muhrlashga kirishdim. Aytish joiz, amerikaliklar suratga tushib qolish masalasiga juda ehtiyotkorona qarashadi. Shu bois shartta-shartta rasmga olish borasidagi xayollar qanday paydo bo’lgan bo’lsa, shunday g’oyib bo’ldi. Ammo ayrim “yutuqlar” bor va quyida ularni sizning ixtiyoringizga havola etaman. Ob-havo haqda ma’lumot berib boruvchi telekanalda aytilishicha, bugun tunda yomg’ir aralash qor yog’adi, keyin biroz tanaffusdan so’ng yana qor yog’adi…

Shu topda, odam bahorni juda sog’inganini sezdim…

1

2

3

4

5

67

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

BLOG HAQIDA

muhojirlar shaharchasi2

Garchi blogimizni "Muhojirnoma" deb nomlagan bo'lsak-da, u alohida muhojirning kechinmalari va yoki sarguzashtlari haqida bayon qiluvchi sahifa emas. Bu ma'lum ma'noda muhojirotni o'z tanasida tatib ko'rgan insonlarning kundalik daftariday. Sahifa Amerika bilan tanishish, uning ijtimoiy-ma'naviy hayotini o'rganish, qolaversa bu mamlakatga kelish va undagi ayrim “imkoniyatlar”dan foydalanishni ko'zlayotgan minglab o'zbekistonliklar uchun ma'lumotnoma vazifasini o'tashni maqsad qilgan. Unda nafaqat Amerika, balki butun dunyodagi muhojirlar hayotiga oid ma’lumot va kechinmalarni berib borishni niyat qilganmiz.
Bizni kuzatib boring.

Kalendar

January 2014
M T W T F S S
« Dec   Apr »
 12345
6789101112
13141516171819
20212223242526
2728293031