O’zbekistonning yangi muhojirlari kimlar?

Posted November 23rd, 2014 at 10:23 pm (UTC-5)
Leave a comment

http://gdb.voanews.com/1F7ADDCA-553F-4E04-B0EA-3A3E774EF6FE_mw1024_s_n.jpg

Moskvadagi bozorda hujjati yo’q ishchi muhojirlar ovlanmoqda, 7-avgust, 2013-yil.

So’nggi yillardagi muhojirlik ko’lami xalqimiz turmushida, jamiyatda kutilmagan, avval biz tasavur qilishimiz qiyin bo’lgan burilishlar yasamoqda.

Bugun o’zbekistonlik muhojir bolasini sotayotgani, yurtdoshini qullikka topshirayotgani yoki boshqa bir yovvoyi jinoyat sodir etayotgani seskantirmaydi; bular kundalik voqealarga o’xshab borayotgandek.

Ehtimol, millat bugungi muhojirlik misolida navbatdagi bir evrilishni boshdan kechirayotgandir. Ehtimol, bularning hammasi faqat nochorlikdandir, nima bo’lmasin, bu oqim hozircha mavhum qolayotgani, to’lg’anish qilayotgani shubhasiz.

Mohiyat muhojirlikning millionlar bilan o’lchanayotganida emas, balki bu bosqichning mamlakat taqdirida qanday aks etishidadir.

Tarixan bunday oqim bizga begona emas, Turkiston istilosini, mintaqada Sovet hokimiyati o’rnatilishi jarayonini eslash kifoya.

Turkiston bosqini yuz minglab o’zbeklarni yurtini tashlab ketishga majbur etdi. Dunyo bo’ylab tarqagan bu vatandoshlarni bugun ham Turkiston sog’inchi ajratib turadi.

Ehtimol, bu inqilob paytida muhojirlikka yuz tutgan o’zbeklarning aksariyati o’qimishli, o’ziga to’q, boy-badavlat qatlam ekanligi, yurt bosqini ularni chorasiz qoldirgani bilan izohlanar. Mamlakat ozodlikka erishar ekan, bu vatndoshlarning aksariyati yurtda o’z o’rnini topmadi, albatta, buning obyektiv va subyektiv sabablari bor, bu o’rganish zaruriyat bo’lgan boshqa bir mavzudir.

Nazarda tutayotganimiz esa vatandagi bugungi muhojirlik. Bugun hech kim tashqi dushman bosqinidan qochib yurtni tashlab ketayotgani yo’q, odamlarni, asosan, qashshoqlik, ishsizlik, ichki zulm muhojirlikka itarmoqda, tabiiyki, ular orasida “dangasalar” yo’q.

Muhojirlik ko’lami o’zbeklarni allaqachon xorijdagi ish o’rinlari uchun o’zaro raqobatchi qilishga ulgurdi. Rossiya, Qozog’iston, Ukraina yoki boshqa bir joyda muhojirlikda kezinayotgan o’zbek boshqa bir g’arib vatandoshini ko’rib ensasi qotar ekan, bu holatni raqobat bilan izohlash yupanchdek tuyiladi.

Musofirchilikda yurgan o’zbeklarni bir-birlariga intilish vaqtlari afsonaga aylangandek, hozirgi davr bir ko’chada qo’shni yashagan yigitlarni o’zga yurtda begona qilmoqda, ba’zan hatto qarindoshlar-da muhojirlik ko’chasida bir-birlarini tanishni istashmaydi.

Va bular hammasi tabiiydek, hech kim tirikchilik ilinjidagi  iztiroblariini, alam va xo’rliklarini boshqa bir qismatdoshi bilan bo’lishmoqchi emas, ayniqsa, yaqin tanishlari bilan.

Bu, ehtimol, to’lg’anishda bo’lgan millat o’z boshidan kechrishi lozim bo’lgan achchiq sinovlardan biridir. Zotan, shunday achchiq sinovlar evazigagina xalq, millat boshqa bir bosqichga, yangi bir shaklga kira boshlaydi.

                                                                                                                                      Malik Mansur,

Ukraina

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

BLOG HAQIDA

muhojirlar shaharchasi2

Garchi blogimizni "Muhojirnoma" deb nomlagan bo'lsak-da, u alohida muhojirning kechinmalari va yoki sarguzashtlari haqida bayon qiluvchi sahifa emas. Bu ma'lum ma'noda muhojirotni o'z tanasida tatib ko'rgan insonlarning kundalik daftariday. Sahifa Amerika bilan tanishish, uning ijtimoiy-ma'naviy hayotini o'rganish, qolaversa bu mamlakatga kelish va undagi ayrim “imkoniyatlar”dan foydalanishni ko'zlayotgan minglab o'zbekistonliklar uchun ma'lumotnoma vazifasini o'tashni maqsad qilgan. Unda nafaqat Amerika, balki butun dunyodagi muhojirlar hayotiga oid ma’lumot va kechinmalarni berib borishni niyat qilganmiz.
Bizni kuzatib boring.

Kalendar

November 2014
M T W T F S S
« Sep   Apr »
 12
3456789
10111213141516
17181920212223
24252627282930