Buxoro yahudiylari O’zbekistonni vatan deb biladi

Posted March 24th, 2016 at 4:52 pm (UTC-4)
1 comment

Sovet Ittifoqi paytida Buxoro yahudiylari o’zbek san’atida juda faol bo’lgan. Mustaqillikdan so’ng aksariyati AQSh va Isroilga ko’chib, shashmaqom va musiqa san’atini yangi vatanda targ’ib etishda davom etmoqda.

O’zbekistonda Muhabbat Shamayevani tanimaydiganlar bo’lmasa kerak. San’atkor mamlakatni salkam chorak asr oldin tark etgan bo’lsa-da, xalq uning qo’shiqlarini hanuz sevib tinglaydi.

Muhabbat Shamayeva ko’plab Buxoro yahudiylari kabi Nyu-Yorkning Kvins rayonida yashaydi. Ijodni tashlamagan. Marhum turmush o’rtog’i, O’zbekiston SSRda Xizmat ko’rsatgan artist Ilyos Mallayev asos solgan “Maqom” ansamblining faol ishtirokchisi.

Muhabbat Shamayeva O’zbekistonga so’nggi bor 2011-yilda bordi.

“Meni yaxshi kutib olishdi. Toshkentda o’zgarishlar katta. Vaqt juda tez o’tdi”, – deydi u.

“Maqom” ansamblining yana bir a’zosi – Tamara Katayeva. Mullokandov sulolasining davomchilaridan. O’zbekiston va Tojikistonda ijod qilgan.

“Biz san’atkorlar eng baxtli odamlarmiz. Chunki eng sevimli mashg’ulotimiz bilan shug’ullanamiz. Men ijodimni Dushanbe shahrida boshlaganman. O’zim Samarqandda tug’ilganman. Ota-onam Xalq maorif komissarligi qoshidagi Buxoro yahudiylari teatrida artist bo’lgan. Kasbim hamshiralik bo’lsa-da, taqdir taqozosi bilan ularning izidan ketdim. Amerikada yaratilgan “Maqom” ansambli bilan butun dunyoni, butun Amerikani aylanib chiqdik. Agar Yaratgan senga iste’dod bergan bo’lsa, uni o’z xalqingga ulashgin. Mana shu bizning missiyamiz – Yaratganning tuhfasini ulashish. Biz orqali esa odamlar o’zbek, tojik, Buxoro yahudiylari san’ati haqida o’rganmoqda”.

Yoshlarimiz ham san’atga qiziqadi, deydi Muhabbat Shamayeva. Uning qizi Nargiza Mallayeva va o’g’li Raj Mallayev ota-ona izidan borishdi.

Muhabbat Shamayeva va Tamara Katayeva Amerikada o’zbek va tojik tadbirlarida doim xizmatda.

“Hali ham sahnaga chiqayotganimiz katta baxt. Bu yerda o’zimni xuddi O’zbekistondagidek his qilaman. Atrofimda o’zbeklar, tojiklar, tatarlar, qozoqlar, koreyslar, yahudiylar, ruslar – ruschada so’zlashamiz. Amerikada ekanimni his qilmayman. Faqat shu Manxettenga borib, osmono’par binolarni ko’rganimda, nahotki Amerikadaman, deb qo’yaman. Undan tashqari holatlarda go’yoki O’zbekistondamiz – uyim, odamlar, dugonalarim. Hali ham qo’shiq aytayotganimizdan men va Tamaraxon juda baxtlimiz. Men har bir chiqishimni o’zbekcha qo’shiqdan boshlayman. Odat tusiga kirgan bu. Chunki men O’zbekiston estradasining artistiman, o’zbek san’atkoriman”, – deydi Muhabbat Shamayeva.

Ezro Malakov ham “Maqom” ansamblida kuylaydi. Ssli Shahrisabzdan. Yoshligidan maqomga qiziqadi. Katta ustalardan saboq olgan. Amerikaga 1992-yilda kelgan. Ezro Malakov o’zi tashkil etgan maxsus akademiyada yoshlarga bilimlarini ulashmoqda.

San’atkor yaqinda 75 yoshini qarshiladi. Buxoro yahudiylari jamoasi katta konsert uyushtirib berdi. 2006-yilda Ilyos Mallayevning 70 yilligi ham keng nishonlandi. Bunday tadbirlar nafaqat taniqli hofizlarning hurmati uchun, balki milliy san’atni yosh avlodga meros qilib qoldirishda ham muhimdir.

One response to “Buxoro yahudiylari O’zbekistonni vatan deb biladi”

  1. Ассалому алейкум америкалик кадрдонлар. Мухаббат Шамаевани ман хам жуда жудаям яхши кураман. Орзуларимдан бири шу буюк инсон билан енма ен утириб сухбатлашиш ва буни фотоапарат лентасига мухрлаш. Яхудийларга хурматим баланд чунки аммамни эрлари хам яхудий булганлар. Оллох насиб этса Америкага борсам ман хам яхудийлар жамиятида ишламокчиман.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

BLOG HAQIDA

muhojirlar shaharchasi2

Garchi blogimizni "Muhojirnoma" deb nomlagan bo'lsak-da, u alohida muhojirning kechinmalari va yoki sarguzashtlari haqida bayon qiluvchi sahifa emas. Bu ma'lum ma'noda muhojirotni o'z tanasida tatib ko'rgan insonlarning kundalik daftariday. Sahifa Amerika bilan tanishish, uning ijtimoiy-ma'naviy hayotini o'rganish, qolaversa bu mamlakatga kelish va undagi ayrim “imkoniyatlar”dan foydalanishni ko'zlayotgan minglab o'zbekistonliklar uchun ma'lumotnoma vazifasini o'tashni maqsad qilgan. Unda nafaqat Amerika, balki butun dunyodagi muhojirlar hayotiga oid ma’lumot va kechinmalarni berib borishni niyat qilganmiz.
Bizni kuzatib boring.

Kalendar

March 2016
M T W T F S S
« Feb   Jul »
 123456
78910111213
14151617181920
21222324252627
28293031