blank

About VOA | Biz bilan bog'laning

Dushanba, 21 May 2012AQShda o’qishdan so’ng ishga qolish imkoniyatlari kengaytirildi

Ma’lumki, Ixtiyoriy amaliyot o’tash (OPT – Optional Practical Training) dasturi bo’yicha F-1 vizasi bilan ta’lim olgan xalqaro talabalar o’qishlari bitgandan so’ng AQShda yana 12 oygacha qolib ishlashlari mumkin. Buning uchun amaliyot maosh to’lanadigan va o’z sohalariga aloqador bo’lishi lozim.

Mamlakat Xavfsizligi Departamenti yaqinda e’lon qilgan ma’lumotga ko’ra, OPT bo’yicha o’qishdan so’ng AQShda qolib ishlash mumkin  bo’lgan sohalar soni oshirilgan.

Yangi qo’shilgan o’qish sohalari, asosan, ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika yo’nalishlarini qamrab oladi. OPT uchun ruxsat olish mumkin bo’lgan sohalarning to’liq ro’yxati bilan quyidagi manzil orqali tanishishingiz mumkin:

O’qishdan so’ng bir yilgacha AQShda qolib ishlash mumkin bo’lgan sohalarning toliq ro’yxati (PDF).

Ro’yxatda yangi qo’shilgan sohalar nomi qora bilan ko’rsatilgan. Agar siz o’qigan soha STEM (Aniq fanlar, Texnologiya, Muhandislik  va Matematika) dasturidagi yo’nalishlardan birida bo’lsa, o’qishdan so’ng ishlash muddati jami 29 oygacha berilishi mumkin.

Davomi »

Dushanba, 14 May 2012BMT Bosh Kotibi bilan uchrashishni istaysizmi?

BMT Bosh Assambleyasi zali, Nyu-York, AQSh. (UN Photo)

BMTning O’zbekistondagi ofisi veb-sahifasining yozishicha, BMT Ta’lim Ta’siri (UN Academic Impact) hamda Vashingtondagi Brukings instituti BMT Bosh Kotibi uchun eng yaxshi nutq tanlovini e’lon qiladi. Tanlovda dunyoning istalgan davlatidan oliy o’quv yurti talabasi bo’lgan yosh yigit-qizlar ishtirok etishi mumkin.

Eng yaxshi nutq egasi deb topilgan uch talaba AQShning Nyu-York va Vashington shaharlariga tashrif buyurish hamda BMT Bosh Kotibi Pan Gi Mun bilan uchrashish umkoniyatini qo’lga kiritadi. Eng yaxshi yozilgan nutq BMT Bosh Assambleyasining navbatdagi sessiyasida Bosh Kotib tomonidan o’qiladi.

Inson huquqlari Umumjahon deklaratsiyasining 28-moddasi har bir insonga haq-huquqlari to’la himoyalangan va qadrlangan xalqaro jamiyatda yashash huquqini beradi. Shu nuqtai nazardan, butun jahon bir-biriga chambarchas bog’liqdir.

Barchaning haq-huquqlari to’la ta’minlangan va qadrlangan global fuqarolik jamiyatini qurish uchun nimalar qilmoq lozim? Vatandoshimiz bo’lmagan boshqa xalqlar oldida qanday burch va mas’uliyatlarimiz bor? Global muammolarga boshqa xalqlar bilan birgalikda yechim qidirar ekanmiz, qanday haq-huquqlarga egamiz?

Davomi »

Dushanba, 07 May 2012AQSh elchixonasi xodimi: “Viza uchun bo’ladigan suhbatdan biz nima kutamiz?”

Yaqinda tanishlarimdan biri talaba vizasi uchun AQSh elchixonasida bo’ladigan suhbat haqida maslahat so’rab qoldi. Hujjatlari joyida bo’lsa, AQShda o’qish va yashash uchun lozim bo’lgan mablag’ni ko’rsata olsa, vizani muammosiz oladi, deb umumiy javob berdim. Bu narsani deyarli hamma yaxshi biladi. Ammo shunday holatlar ham bo’ladiki, ba’zilar, hatto hujjatlari joyida bo’lishiga va o’qish uchun yetarli mablag’i borligiga qaramasdan suhbatdan vizasiz quruq chiqadi. Buning sababi nimada? Suhbat jarayonida rasmiyatchilikdan boshqa yana nimalar so’raladi va bu savollarga qanday javob berish kerak?

Shu savollarga javob topish maqsadida AQSh Davlat Departamentining rasmiy veb-sahifalarini biroz kovlashga to’g'ri keldi. Natijada mavzuning rasmiyatchilikdan tashqari, ammo viza olish jarayoniga bevosita ta’sir qiladigan ayrim jihatlari haqida ma’lumotlar topdim. Olgan xulosam shu bo’ldiki, viza uchun o’tkaziladigan suhbat faqat hujjatlar tekshiriladigan rasmiyatchilikdan iborat bo’lmasdan, balki viza uchun talabgor shaxsning ovozini eshitish, uning kimligini bilish ham suhbatning muhim bir qismi ekan.

AQSh Davlat Departamentining DipNote deya ataladigan rasmiy blogida Hindistondagi AQSh elchixonasining Konsullik bo’limi vakili Monika Shiy shu haqda o’z tajribasini o’rtoqlashadi. “Oyna ortidan nazar: AQShning vizalar ofisidan talaba vizasi bo’yicha maslahat” deya nomlangan blogpostda rasmiy mulozim viza uchun suhbat o’tkazishdan asosiy maqsad AQShga borish istagida bo’lgan shaxs bilan yuzma-yuz ko’rishish hamda uning o’z og’zidan nima maqsadda AQShga bormoqchi ekanini eshitishdir, deydi.

Davomi »

Yakshanba, 29 Aprel 2012Talabalar saylov uchun qanchalik muhim?

Prezident Barak Obama Chapel Hildagi Shimoliy Karolina Universiteti talabalari bilan uchrashuvda. 24-aprel, 2012-yil. (AP Photo/Carolyn Kaster)

O’tgan hafta prezident Barak Obama AQShning uch nufuzli universitetiga tashrif buyurdi. Tashriflar ish safari sifatida belgilangan bo’lsa ham, saylov arafasida prezident Shimoliy Karolina, Kolarado va Ayova shtatlaridagi yosh saylovchilar e’tiborini qozonishga urinmoqda. Chunki saylov taqdirini hal qilishda ushbu shtatlar muhim ahamiyatga ega.

Talabalar bilan uchrashuvda Obama o’qish uchun davlatdan olinadigan qarzlarga to’lanadigan foiz miqdorlari kamaytirilishi kerakligi haqida gapirdi.

Ma’lumki, AQSh hukumati kam ta’minlangan oila farzandlariga oliy o’quv yurtlarida o’qiy olishlari uchun turli grant va qarz berish dasturlari orqali moliyaviy yordam ko’rsatadi. Ularning ayrimlari, masalan, “FAFSA” dasturi qaytarib berilmaydigan grantlar ajratsa, ba’zilari foiz miqdori kam bo’lgan qarz hisoblanadi. Ushbu davlat dasturlarida qarzlarni qaytarish uchun qo’yilgan foiz stavkalari qarz beruvchi xususiy moliya kompaniyalari stavkalaridan ancha past bo’lgani uchun ko’plab amerikaliklar o’qish uchun davlatdan pul olishga harakat qiladi.

Demokratlar, jumladan, prezident Obama talabalar o’qish uchun olgan qarzlarga to’lov foizlarini kamaytirish haqida oldindan gapirib keladi.

Masalan, 2006-yilgi Kongress saylovlarida demokratlar talaba qarzlari uchun foiz stavkalarini ikki barobar qisqartirishga va’da bergan edi. Saylovdan so’ng parlamentda ko’p o’rinlarni qo’lga kiritgan demokratlar va’dalarini qisman bajarishdi: Hukumatning Stafford federal qarz dasturidan pul olgan talabalarning foiz to’lovlari 6,8 foizdan 3,4 foizga tushirildi. Va’daning qisman bajarilgani shu ediki, foizlar butunlay emas, balki faqat 2012-yillning 1-iyuligacha kamaytirildi, xolos.

2012-yilning 1-iyuli yaqinlashar ekan, agar yuqoridagi qonunning amal qilish muddati uzaytirilmasa, hukumatdan o’qish uchun qarz olgan talabalarning yillik to’lovlari ikki barobarga oshadi.

Obamaning saylov kampaniyasidan o’rin olgan masalalardan biri shu. U kollejlarda talabalar bilan o’tkazgan uchrashuvlarida aynan shu masalani ko’tarib, talaba qarzlari uchun to’lovning past holda qolishini qo’llab quvvatlashini ta’kidlab kelmoqda.

Davomi »

Dushanba, 23 Aprel 2012AQShning nufuzli universitetlari bepul ta’lim kurslarini taqdim etmoqda

Professor Anant Agarval Massachusets Texnologiya instituti tomondian tashkil qilingan bepul "Sxemalar va elektronika" kursidan ta'lim beradi. Surat AQSh Ta'lim departamenti saytidan olindi.

AQShning Stenford universiteti, Massachusets Texnologiya instituti (MTI) kabi bir necha nufuzli oliy o’quv yurtlari bepul “onlayn” kurslarini taqdim etmoqda. Tajriba tariqasida ilk bor tashkil etilayotgan mazkur darslar dunyoning barcha davlatlaridagi talabalar uchun ochiq. Qizig’i shundaki, ushbu kurslarda o’qish bepul va ularni muvaffaqiyatli tamomlaganlar maxsus diplom bilan taqdirlanadi.

Internet orqali dars materiallarini bepul va erkin tarqatishga mo’ljallangan “Ochiq darsxona” (Open courseware) deya nomlanuvchi elektron tizim bundan o’n yilcha muqaddam MTI tomonidan tashkil etilgan edi. Shundan so’ng yuzlab boshqa kollej va universitetlar ham dars materiallarini internetga barcha uchun bepul va ochiq qo’yish amaliyotini yo’lga qo’ydi. Bugunga kelib MTI va Stenford universiteti ushbu amaliyotni yangi bosqichga ko’tarishga qaror qildi. Ular endi nafaqat kursda o’tiladigan materiallarni, balki darsning o’zini ham bepul taqdim etishmoqda.

Stenfordda kompyuter bo’yicha ikki mutaxassis dastlab “Sun’iy zukkolik faniga kirish” (Introduction to Artificial Intelligence) nomli bepul “onlayn” kurs tashkil etdi. Dunyoning 190 dan ortiq mamlakatidan jami 160 mingdan ziyod talaba kursga yozildi. Ko’ngillilar yordamida kurs materiallari qisqa muddat ichida dunyoning 44 tiliga tarjima ham qilindi. Ishtirokchilarning 23 ming nafari kurs materiallarini to’liq tamomlab, imtihonlardan muvaffaqiyatli o’tdi hamda ushbu kursni bitirganlik to’g'risidagi guvohnomaga ega bo’ldi.

Davomi »

Dushanba, 16 Aprel 2012Xalqaro talabalar ro’yxatida Xitoy hanuz peshqadam

Ammo Meksika va Braziliyalik talabgorlar sonida ham bu yil katta o’sish kuzatilgan

Vittenburg universiteti xalqaro talabalari ©Foto Matt Cline

AQSh universitetlariga magistratura va undan yuqori darajalar uchun o’qishga hujjat topshirayotgan xalqaro talabalar soni bu yil 9 foizga o’sgan. Bu o’tgan yilgi o’sishdan ikki foiz kam.

Xitoy, Meksika va Braziliya davlatlaridan kelgan hujjatlar sonida bu yil eng katta o’sish kuzatilgan.

Xalqaro talabalarni o’ziga eng ko’p jalb etayotgan soha injenerlik. Undan keyingi o’rinlarda fizika va geologiya fanlari turibdi. Tabiiy fanlarda o’zgarish yo’q. Ushbu raqamlar Oliy ta’lim dargohlari Kengashining yaqinda e’lon qilingan hisobotida keltiriladi.

AQShga eng ko’p talaba yuboradigan besh davlat Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya, Tayvan hamda Kanada hisoblanadi. Hisobotda ana shu besh davlat hamda Meksika va Braziliya qamrab olingan. So’nggi yillarda Meksika va Braziliyadan ham o’qishga hujjat topshirayotganlar soni oshgan.

Xitoydan o’qish uchun jo’natilayotgan hujjatlar soni bu yil 18 foizga o’sgan. Hindistonliklar soni esa bu yil ikki foizga ko’p. Janubiy Koreya va Tayvandan kelayotgan arizalar soni esa 1-2 foizga kamaygan.

Afrikadan kelayotgan arizalar soni ham besh foizga kamaygan bo’lsa, Yaqin Sharq va Yevropalik talabalar hujjatlari sonida ham o’sish kuzatilmoqda.

Oliy ta’lim dargohlari Kengashi prezidenti Debra Styuartning aytishica, hujjat jo’natayotgan talabalar soni hamda o’qishga qabul qilinayotgan haqiqiy talabalar soni orasida, albatta, katta farq bor.

“Unutmang, arizalar soni o’qishga kiruvchilar miqdorini belgilamaydi. AQSh oliy o’quv yurtlariga xorijdan kelayotgan arizalarning 47 foizi Xitoyga tegishli. Ammo ularning qabul qilinish darajasi ancha past”, deydi u.

Davomi »

Dushanba, 09 Aprel 2012AQSh musulmonlari orasida uy maktablari ko’paymoqda

Foto Washington Post

AQShda ota-onalar farzandlarini davlat yoki xususiy maktablarga bermasdan, balki uylarida o’qitishlari mumkin. Uy maktabi o’quvchilari davlat talab qiladigan imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirsa kifoya. Oliy o’quv yurtlariga kirishda ham ular uchun hech qanday to’siq yoki cheklov yo’q. Ular xohlasa, universitet darajasini ham masofali ta’lim dasturlari asosida uyda o’qib olishlari mumkin.

Bolalarni uyda o’qitishning bu usulidan asosan dindor amerikaliklar foydalanishadi. Prezidentlik uchun nomzod Rik Santorumning yetti nafar farzandini uyida o’qitgani ma’lum. Bu amaliyotning Amerika musulmon oilalari orasida ham yoyilib borayotgani bugungi maqolamiz mavzusi.

Jiliya Nadiya farzandlarini uyda o’qitadigan musulmon onalardan biri. Diniy e’tiqodim bois maktabda ko’p aziyat chekkanim esimda, deya u yoshlik davrini eslaydi. O’sha paytlar sinfdagi o’quvchilar musulmonligim bois meni tahqirlashardi, ba’zan hijobimni tortishardi, deydi u.

Nadiyaning ota-onasi 1987-yili uni maktabdan chiqarib, uyda o’qitishga qaror qiladi. Bu o’sha payt uchun ahmoqona ish hisoblanardi, deydi u. Chunki maktabda bormaslik bolaning ijtimoiy faolligiga putur yetkazadi, degan qarash jamiyatda kuchli edi.

Lekin uy maktabida o’qish Nadiya uchun zararli bo’lmadi. Uy maktabi bitiruvchisi bo’lgan Nadiya hozir o’zining bir yarim yoshdan 12 yoshgacha bo’lgan 6 nafar farzandini uyida o’qitmoqda. Bunda o’zining ham uy maktabi bitiruvchisi ekani qo’l kelmoqda.

Bugun farzandlarini uyida o’qitayotganlar soni musulmonlar orasida oshib bormoqda. Ularni qo’llab-quvvatlovchi tashkilotlar va ular uchun yaratilayotgan maxsus darslik va dasturlar soni ham ko’paymoqda. AQSh Davlat departamenti ma’lumotlariga ko’ra, 2007-yilda uyda o’qitilgan o’rta va yuqori sinf o’quvchilari soni mamlakatda bir yarim millionni tashkil etgan.

Davomi »

Shanba, 31 Mart 2012Xitoylik talabalar orasida qalbaki hujjatlar bilan o’qishga kirish holatlari yuqori

Photo SUNY Canton

AQShga xorijdan eng ko’p talaba jo’natayotgan mamlakat bu Xitoy. Okeanortiga ta’lim uchun kelayotgan xitoyliklar soni yildan yilga o’sib bormoqda. Ammo AQSh ta’lim dargohlariga qabul bo’yicha mutaxassislarning aytishicha, xitoylik talabalar orasida hujjatlarni qalbakilashtirish va shu yo’l bilan oliy o’quv yurtlariga kirib olish holatlari ko’p uchraydi.

Kollejlarga qabul bo’yicha Milliy Assotsiatsiya tuzgan qo’mita rahbari Filip Balingerning aytishicha, AQShda tahsil oladigan xitoylik talabalarning aksariyati qabul uchun hujjatlarni tayyorlashda va esse yozishda pulli xizmatlardan foydalangan. Ushbu xizmatlarni taklif etuvchi shaxslar talabalar o’rniga anketalarni to’ldirib, bexato ingliz tilida esse ham yozib berishadi. Ular hatto talabalikka nomzod shaxslarning maktab baholarini ham o’zgartirib bermoqda, deydi Balinger.

AQSh oliy o’quv yurtlarida bu jarayonni qo’llab quvvatlab, xitoylik talabalarga qabul bo’yicha yordam bergan vositachilarni hatto rag’batlantiradiganlar ham bor, deydi mutaxassis. Chunki iqtisodiy qiyinchiliklar oqibatida qiynalib qolgan kollej va universitetlar o’qish uchun ko’proq pul to’laydigan xalqaro talabalarni qabul qilishdan manfaatdor.

“Ayrim o’quv dargohlari xitoylik talabalarni o’qishga joylab qo’ygan vositachilarga haq ham to’lashadi”, deydi Balinger.

Xitoyda iqtisodning gurkirab o’sishi natijasida oxirgi yillarda o’qish uchun farzandini xorijga jo’natayotgan oilalar soni oshib bormoqda. Kuzatuvchilar fikricha, iqtisodiy omil sabab ko’plab AQSh universitetlari o’qish uchun salohiyat darajasi past bo’lsa ham, ko’p pul to’laydigan xorijlik talabalarni qabul qilishga majbur bo’lmoqda.

Xorijlik talabalarni faqat puli uchun qabul qilish alal-oqibat universitetlardagi ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko’rsatadi, deydi Balinger. Balinger Sietldagi Vashington Universitetida qabul bo’yicha vitse-prezident yordamchisi. Uning aytishicha, soxta hujjatlar yoki boshqalar yordamida to’ldirilgan anketa orqali o’qishga kirish holati hindistonlik va janubiy koreyalik talabalar orasida ham yuqori.

Davomi »

Dushanba, 26 Mart 2012O’rta maktab o’qituvchilari AQShda malaka oshirishdi

Foto IREX

Kuni kecha AQSh Davlat Departamentining Ta’lim va Madaniyat masalalari byurosi xorijlik 88 nafar o’rta maktab o’qituvchisiga AQShda malaka oshirganlik to’g'risidagi sertifikatlarni topshirdi.

Ushbu o’qituvchilar dunyoning 29 mamlakatidan kelgan. Ular “Muallimlik fazilatlari va yutuqlari” (Teaching Excellence and Achievement (TEA) Program) nomli dastur doirasida AQShning turli oliy o’quv yurtlarida olti hafta davomida malaka oshirdilar.

“TEA” dasturi AQSh Davlat departamenti tomonidan 2006-yilda tashkil etilgan. Shu kungacha ushbu dastur doirasida 650 nafar ingliz tili, matematika hamda aniq va ijtimoiy fanlar o’qituvchilari AQShda tahsil olish imkoniyatiga ega bo’ldi.

Bu yilgi dastur ishtirokchilari 19-22 mart kunlari poytaxt Vashingtonda yig’ilib, ikki oy davomida o’rgangan bilim va ko’nikmalarini o’zaro bir-birlari bilan baham ko’rdilar. Ular bu bilimlarni o’z yurtlariga qaytgach maktablarga qanday tatbiq etish borasida ham o’zaro fikr almashdilar.

Davomi »

Shanba, 17 Mart 2012AQShda nogironlar uchun maxsus ta’lim qachon boshlangan?

Stockbyte/Getty Images

Jenifer autizm kasalligi bilan og’riydi. Ammo bu uni ta’lim olishdan, sog’lom do’stlari qatori universitetda o’qib, o’z sohasida ishlashdan to’xtata olmadi. Agar “Nogiron shaxslar uchun ta’lim qonuni” (Individuals with Disabilities Education Act (IDEA) bo’lmaganida, ehtimol, Jenifer bu kunlarga yetmagan bo’lardi. Uning ta’lim olishi aynan shu qonun ta’minlab bergan shart-sharoitlar bois yuzaga chiqdi.

30 yildirki, nogironligi bois maxsus e’tiborga muhtoj millionlab amerikaliklar “Nogiron shaxslar uchun ta’lim qonuni” doirasida to’liq ta’lim olish imkoniyatiga ega bo’lib kelmoqda.

1975-yil 29-noyabr kuni qabul qilingan dastlabki qonun “Barcha nogiron bolalar uchun ta’lim” (Education for All Handicapped Children Act (Public Law 94-142) deya nomlangan edi. Qonun shtatlardagi maxsus e’tiborga muhtoj nogiron yoshlarning ta’lim olishga bo’lgan huquqini himoyalash va buning uchun shart-sharoit yaratib berish maqsadini ko’zda tutgan.

Davomi »

Muallif haqida

Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida

Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.