AQShda o’qish sari ilk odimlar: Viza turlari va ularni qo’lga kiritish sir-sinoatlari haqida

Posted March 31st, 2011 at 2:35 pm (UTC-5)
2 comments

Eslatma: Quyida berilayotgan maslahatlar AQShda o’qish imkoniyatini qo’lga kiritgan va shu yo’lda viza olish jarayonini o’z boshidan o’tkazgan bir talabanining rasmiy manbalar asosida tayyorlagan ma’lumotlaridir. Rasmiy axborot uchun AQSh hukumati va elchixonasi saytlariga murojaat etishingizni tavsiya qilamiz.

AQShda o’qish istagida bo’lgan vatadoshlarimiz uchun foydali bo’lgan ma’lumotlarni berishda davom etamiz. Bugungi maqolada AQShda talaba sifatida o’qish uchun lozim bo’ladigan viza turlari va ularni qo’lga kiritish yo’l-yo’riqlari haqida ma’lumot bermoqchimiz.

Agar siz AQShga, asosan, turizm yoki boshqa qisqa muddatli maqsadlar bilan tashrif buyurishni istasangiz, lekin bu safaringiz davomida haftasiga 18 soatdan kam bo’lgan qisqa muddatli ta’lim kurslarida ham o’qishni istasangiz, buning uchun talaba vizasi olishingiz shart emas. Oz muddatga tashrif buyuruvchilar uchun beriladigan Tashrif vizasi (Visitor (B) Visa) bilan shunday kurslarda o’qib qaytishingiz mumkin. Lekin o’qish soati haftasiga 18 soat yoki undan ortiq bo’lsa, bu holatda talaba vizasi olishingiz kerak bo’ladi. Shuningdek, o’quv seminarlari yoki ilmiy konferensiyalarga qatnashish uchun keluvchilardan ham talaba vizasini olish talab etiladi.

Talabalarga beriladigan uch xil viza turi mavjud: F, M va J.

F-1 vizasi AQShda ingliz tili kurslarida yoki kollej va universitetlarda o’qishni istovchi xorijliklarga beriladi. Bu viza sohiblari o’qishlari davomida haftasiga 20 soatgacha ishlashlari ham mumkin. F-1 vizasi bilan o’quvchi talaba o’ziga qaram bo’lgan oila a’zolarini AQShga olib kelmoqchi bo’lsa, uning oila a’zolariga F-2 vizasi beriladi. F-2 vizasidagi odam AQShda ishlashi va o’qishi mumkin emas. Agar F-2 sohibi maktabga qatnashi lozim bo’lgan yosh bola bo’lsa, bunday holatda unga o’qish uchun ruxsat beriladi.

M-1 vizasi akademik bo’lmagan, ishga va malaka oshirishga oid kurslarga keluvchi xorijliklarga beriladi. Bunday viza ko’pi bilan bir yilgacha beriladi va uning sohiblari bu muddat davomida AQShda ishlashlari mumkin emas. M-1 vizasini AQShda turib F-1 vizasiga amashtirib ham bo’lmaydi. M-1 vizasi sohiblarining qaram bo’lgan oila a’zolariga M-2 vizasi beriladi. Shu viza turiga aloqador M-3 vizasi ham mavjud bo’lib, bu viza AQShga har kuni o’z davlatlaridan qatnab o’quvchi Meksika va Kanada fuqarolariga beriladi.

J-1 vizasi ta’lim almashinuv dasturlarida ishtirok etuvchi xorijlik fuqarolarga beriladi. Bunday dasturda ishtirok etuvchi talabalar, odatda, o’qish bitgandan so’ng 30 kun ichida vatanlariga qaytishlari va AQShga yana qaytib kela olishlari uchun o’z mamalakatlarida kamida ikki yil yashashlari lozim. AQSh hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan “Fulbright” va “Muskie” dasturlari ishtirokchlari shunday viza olishadi. Ushbu viza egalarining AQShga keluvchi oila a’zolariga J-2 vizasi beriladi.

Talaba vizasini olish uchun AQShning O’zbekistondagi elchixonasida shaxsiy suhbatdan o’tish kerak. Buning uchun, avvalo, uchrashuv kunini va soatini belgilash lozim. Buni elchixona sayti orqali amalga oshirishingiz mumkin. Kerakli ko’rsatmalar o’zbek, rus va ingliz tillarida bayon qilingan. Buning uchun, avvalo, DS-156 formasini to’ldirish lozim. Unutmang, suhbat kuni to’ldirilgan DS-156 formasini o’zingiz bilan birga elchixonaga olib borishingiz kerak. Bundan tashqari, immigratsion bo’lmagan barcha viza turlari uchun DS-160 formasini to’ldirish talab etiladi.

Agar vizani zudlik bilan olish majburiyatida bo’lsangiz, suhbat kunini ertaroq o’tkazishni iltimos qilib, bunga asos bo’lgan sabablarni va o’zingiz haqingizdagi shaxsiy va passport ma’lumotlarini consulartashkent@state.gov elektron pochtasiga yoki faks orqali (998-71) 120-5448 raqamiga yuborishingiz kerak.

Talaba vizasini muvaffaqiyatli qo’lga kiritish jarayonidagi eng muhim bosqich bu siz topshiradigan hujjatlardir. Viza olish uchun talab qilinadigan va qo’shimcha tavsiya qilinadigan hujjat turlari mavjud. Ularning to’liq ro’yxatini bu yerda keltirmoqchi emasmiz. Bu haqda shu maqola ichiga tirkalgan elchixona sayti manzili orqali batafsil ma’lumot olishingiz mumkin. Agar biror hujjat yoki ularga oid biror masala bo’yicha sizda savollar tug’ilsa, maqola ostida fikringizni qoldirish yo’li bilan bizdan so’rashingiz mumkin. Huquqshunos yoki elchixona xodimi sifatida emas, balki shu jarayonni boshidan o’tkazgan bir talaba sifatida sizga amaliy javob berishga harakat qilamiz. Rasmiy javoblar uchun doimo elchixonaga murojaat qilishingizni tavsiya qilamiz.

Topshirish talab etiladigan hujjatlar orasida eng muhimi bu I-20 va DS-2019 formalaridir. I-20 formasi F-1, M-1, F-2 va M-2 vizalari bilan o’qishga bormoqchi bo’lganlarga AQShdagi o’qish joylari tomonidan beriladi. DS-2019 formasi esa almashinuv dasturi ishtirokchilari bo’lgan J-1 vizasi talabgorlariga homiy tashkilot yoki dasturlar tomonidan beriladi. Odatda I-20 formasi o’quv puli to’la yoki qisman to’langan hollarda yoki o’quv pulini borgandan so’ng to’lay olishini isbotlagan talabalarga beriladi. Shuning uchun ham, Amerikada o’qish va yashash uchun yetarli mablag’ning borligiga isbot hisoblanuvchi bank guvohnomasini olib kelish majburiy emas, tavsiya qilinadigan hujjatlar qatorida ko’rsatilgan. Lekin biz suhbatga kiruvchilarga o’qish va yashash uchun yetarli mablag’lari borligini isbotlovchi bank qog’ozlarini, albatta, o’zlari bilan olib kirishlarini tavsiya etamiz. Vizani qo’lga kiritishda bu juda muhim. Bunday mablag’ o’z hisob raqamingizdan yoki biror odam yoki tashkilot sizga homiylik qilmoqchi bo’lsa, shu homiy nomidan ko’rsatilishi mumkin. I-20 hujjatini qo’lga kiritishda ham AQShdagi o’quv dargohiga ana shunday moliyaviy hujjatlarni taqdim etish lozim bo’ladi.

Ushbu maqolada talaba vizasi turlari va uni olish uchun lozim bo’ladigan hujjatlar va bu jarayondagi muhim bosqichlar haqida umumiy ma’lumot berishga harakat qildik. Xos holatlar va o’qish joylarini qanday topish va ularga muvaffaqiyatli qabul qilinish yo’llari haqida kelgusi maqolalarimizda batafsil ma’lumot berishga harakat qilamiz. Shu mavzuda savollaringiz bo’lsa, mamnuniyat bilan qabul qilamiz va ularning javobini topishingizga bajonidil yordam beramiz.

Bundan tashqari, AQShda o’qiyotgan talabalarimizdan, ularda viza olish jarayoni qanday kechgani haqida o’z boshlaridan o’tkazgan tajribalarini  biz bilab o’toqlashishlarini so’rab qolardik. Siz AQShda o’qish orzusiga qanday erishdingiz? Qanday qilib hujjatlaringizning qabul qilinishiga va talaba vizasini qo’lga kiritishga muvaffaq bo’ldingiz? Ishonchimiz komilki, bu savollarga beradigan javobingiz talaba bo’lish orzusida yurgan ko’plab vatandoshlarimiz uchun qiziqarli va foydali bo’ladi.

Qo’shimcha ma’lumot uchun video (Ingliz tilida):

 

 

2 responses to “AQShda o’qish sari ilk odimlar: Viza turlari va ularni qo’lga kiritish sir-sinoatlari haqida”

  1. Dilshod says:

    Me needful visitor visa

  2. Gennady says:

    Oqishga ketish uchun Mablag miqdori maksimal qancha bolishi kerak?
    Agarda menda maglab forma uchun yetarli bolmasa osha yerda ishlab tolashim mumkinmi (ish soati boyicha)
    Javobingiz uchun raxmat

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.