Stiv Jobs: “Men har kuni o’limni eslayman”

Posted October 8th, 2011 at 7:28 am (UTC-5)
4 comments

“Apple” korporatsiyasi asoschisi va sobiq rahbari, Obama ta’biri bilan aytganda, bugungi kunning eng katta kashfiyotchilaridan biri Stiv Jobs shu hafta olamdan o’tdi. Bu xabar hanuz ommaviy axborot vositalarining og’zidan tushmay kelyapti. “Apple” rasmiy sayti bosh sahifasi Stiv Jobs xotirasi uchun o’zgartirilib, uning rasmi va u haqdagi qisqacha ma’lumot bilan to’ldirilgan. Mutaxassislar Jobsning o’limi “Apple”ning kelajagiga qanday ta’sir etishi haqida bahslashmoqda. “Apple” kompaniyasi axborot texnologiyalari sohasidagi ilg’orligini saqlab qola oladimi?

Yaqinda Stiv Jobs uni kashfiyotlar qilishga undaydigan eng katta kuch o’limni eslash ekani haqida gapirgandi:

“17 yoshimda shunday bir iqtibos o’qidim: “Agar sen har kuningni xuddi bu sening so’nggi kuning deb o’ylab o’tkazsang, bir kun kelib sen yaxshi odam bo’lasan.” Bu menga qattiq ta’sir qildi va o’shandan beri, o’tgan 33 yil davomida har kuni ertalab oynaga qarab, o’zimdan shuni so’rayman:

“Agar bugun umrimning oxirgi kuni bo’lsa, bugun qilmoqchi bo’lgan ishlarimni qilarmidim? Agar javob “Yo’q” bo’lsa, ketma-ket ko’p kunlarda shunday bo’lardi, nimanidir o’zgartirishim kerakligini bilardim.”

Stiv Jobs bu gaplarni bundan 6 yil muqaddam AQSHning Stanford Universiteti bitiruvchilari oldida aytgan edi. Qizig’i, bu daho o’zi hech qachon universitetni bitirishga muvaffaq bo’lmagan. Bundan ham qizig’i, o’zi asos solgan kompaniyadan, u 2 mlrd. dollarlik biznesga aylanganda, ishdan haydalgan.

“Agar men o’sha payt “Apple”dan quvilmaganimda bugungi “Apple” dunyo yuzini ko’rmagan bo’lardi”, deya xotirlaydi Stiv Jobs. Chunki uning “Apple”dan ketgandan so’ng yaratgan “NeXT” kompaniyasi va “Pixar” animatsion studiyasi va ularda ishlatilgan yangi texnologiya keyinroq uning yana “Apple”ga qaytishiga sabab bo’ladi va bu yangi texnologiyalar bugungi “Apple” mahsulotlarining yuragiga aylanadi.

Zamonaviy axborot texnologiyalari dunyosining eng daho kishisi o’z o’limi bilan bizlarga bir necha dars berib ketdi.

Birinchidan, vaqtning g’animatligi va uni foydali ishlarga sarflash kerakligi. Stiv Jobs umrining so’nggi yillarini saraton xastaligiga qarshi kurashib o’tkazdi. Ammo unga o’limni eslatgan voqea faqat bu emas edi. Yuqorida aytganimizdek, u 17 yoshidan beri har kuni o’limni eslagan va hayotni shunga yarasha o’tkazish kerakligi haqida qayg’urgan edi. U ushbu nasihatga o’zi amal qilib yashadi, deyish mumkin.

“Yaqinda o’lik bo’lishim haqida o’ylash menga hayotda katta qarorlar qabul qilishimda yordamchi bo’lgan eng muhim vositadir”, degan edi u.

Ikkinchidan, Stiv Jobsning o’limi ham uning ijodi bo’lgan “Apple” targ’iboti uchun xizmat qilmoqda. Uning hayoti va o’limi haqida gapirayotgan har bir ommaviy axborot vositasi tinimsiz “Apple” mahsulotlarini reklama qilmoqda. Telereportajlar “Macintosh” kompyuterlarining turli modellaridan tortib, telefon sanoatida inqilobiy o’zgarishlar yasagan iPhone turlari haqidagi tasvirlar bilan to’la. Ishonchim komilki, bu “Apple” bozorining yanada chaqqonlashishiga xizmat qiladi.

Jobs o’zidan 8 mlrd. dollar va to’rt farzand meros qoldirdi. Uning dafn marosimi 7-oktabr kuni o’tkazilgan.

Stiv Job haqida o’zbek o’quvchilari ham “onlayn” maydonlarda ko’p gapirishmoqda. Muhimi, hamma u haqda ijobiy fikrda va uni vatandoshlarimiz orasida deyarli hamma yaxshi taniydi. “Apple”ning qaysidir mahsulotini ishlatib ko’rmagan yoki uni ishlatishga qiziqib ko’rmagan odamni topish qiyin.

Siz ham “Apple” muxlisimisiz? “Apple”ning qaysi mahsulotlarini ishlatasiz? Qaysi “Apple” mahsulotlari sizga ko’proq yoqadi? Nima uchun?

Aziz o’quvchi! Shu haqdagi fikr-mulohazalaringizni biz bilan o’rtoqlashasiz, degan umiddamiz.

4 responses to “Stiv Jobs: “Men har kuni o’limni eslayman””

  1. atabek devonov says:

    Jobsning hayot falsafasini o’qib o’ylanib qolasan. Har kun g’animat, undan imkon boricha tezroq foydalanib qoliw, uni mazmunli o’tkaziw zarur!

  2. Ali Asror says:

    Stiv davrimizni Enshteyini deyish mumkin. U qilgan kashfiyotlar hayotimizni o’zgartirib yubordi. Stivni o’limini u yaratgan texnikadan bilishimiz ham uni daxoligidan dalolat. Uni hayoti kelajakka ishonchi bor insonni ruxlantirishi tabiiy.

  3. Nilufar says:

    Stivning hayoti va uning hayotda qanday qilib mazmunli “yashash” haqidagi nuqtai nazari barchamizni teran o’yga botishi shubhasiz. Shu bois, butun dunyo ahli ana shunday “buyuk qudrat” ning oramizda endi yo’qligiga, bandasining Alloh oldida qanday ojizigiga ishonishdan boshqa chorasi bulmasa kerak. Har bir daqiqa g’animat, undan unumli foydalanish esa har kimga ham nasib etmas ekan.

  4. kamiillll says:

    Agar hamma ham shunaqa yashaganida dunyoda bironta vaqtini bekorga sarflaydigan odam bolmasdi by meni fikrim

Leave a Reply to atabek devonov Cancel reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.