Obama AQSH ta’lim tizimiga nima bera oladi?

Posted February 6th, 2012 at 10:15 pm (UTC-5)
Leave a comment

Official_portrait_of_Barack_Obama

© Oq Uy surati

AQSH prezidenti Barak Obama e’tiboridagi muhim masalalardan biri ta’lim ekani shubhasiz. Agar sifatli ta’lim berish bo’yicha yetakchilikni qo’ldan boy bersak, Amerikaning buyukligi xavf ostida qolishi mumkin, deb prezident ko’p ta’kidlaydi. Yaqinda AQSH Kongressida qilgan nutqida ham Obama mamlakat ta’lim tizimidagi ayrim maummolarga to’xtalib o’tib, ularni bartaraf etish bo’yicha o’z fikrlarini ilgari surdi.

Mamlakat ta’lim tizimining hozirgi ahvolidan Obamaning ko’ngli to’ladimi? Tizimdagi muammolarni bartaraf qilish uchun nimalarni taklif qilmoqchi? Keling, Obama nutqidan ana shu savollarga javob bo’lishi mumkin bo’lgan muhim nuqtalarni qidirib topib, ularni tahlil qilaylik.

Amerikaning ta’limga ajratadigan mablag’i mamlakat jami xarajatlarining 1 foizini ham tashkil etmaydi. Prezident nutqida ayni shu masalani tilga olib o’tdi. Uning fikricha, ta’lim uchun ajratilayotgan mablag’ miqdorini oshirish kerak. Bu boradagi real raqamlarga qaraydigan bo’lsak, vaziyat Obama aytayotgan gapning butunlay aksini ko’rsatmoqda. So’nggi yillarda AQSh shtatlarining aksariyatida ta’limga ajratilayotgan byudjet keskin qisqarishlarga yuz tutgan.

Obama, shuningdek, maktablardagi ta’lim uchun sharoitarni yaxshilash, yaxshi o’qituvchilarni rag’batlantirib, aksincha, sifatsiz muallimlar bahridan o’tish kerakligini ham ta’kidladi. U o’quvchilar ongidagi faqat imtihon uchun o’qish tushunchasi noto’g'ri ekanini alohida tilga oldi. O‘quvchilarni testga emas, balki yangilik yaratishga o‘rgataylik, dedi u.

AQSH ta’lim tizimidagi eng katta muammolardan biri bu talabalarning o’quv yurtlarini bitirmasdan erta tark etishidir. AQSHda har to’rt tababaning bittasi o’quv yurtini turli sabablarga ko’ra bitira olmaydi. Prezident ayni shu holatni ta’limdagi jiddiy muammolar qatorida sanadi.

“O‘quvchilar darslarni qoldirmasliklari kerak, – dedi Obama. – Bu ularning hayotda to‘g‘ri yo‘ldan ketishining muhim omili. Shu bois men har bir shtat o‘quvchi 18 yoshga to‘lgunga qadar maktabga to‘liq qatnashishini talab qilishini taklif qilaman”.

Prezident o’z nutqida oliy ta’limga alohida to’xtaldi. Oliy ta’lim olishga har bir amerikalikning qurbi yetishi kerak, dedi u. Uning fikricha, Oliy ta’lim bu dabdaba emas, balki har bir Amerika oilasi o‘ziga ep ko‘rishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy talabdir”.

Afsuski, mamlakatda ta’lim olish yildan yilga qimmatlashib bormoqda. So’nggi yillarda yuz bergan iqtisodiy inqiroz sababli shtatlar davlat universitetlariga ajratiladigna yillik byudjetni qisqartirib, aksincha, o’qish uchun to’lov pullarini oshirmoqda. Natijada ta’lim olish imkoniyatiga ega bo’lgan talabalar soni kamaymoqda. Mamlakat iqtisodining inqirozga kirishi va oqibatda ko’plab ish o’rinlarining boy berilishi ta’lim tizimiga ham salbiy ta’sir etdi. Oquv yurtlarini bitirayotgan yosh kadrlar uchun bugun mehnat bozoridagi vaziyat mavhum.

Ekspertlar fikriga ko‘ra, AQSHning navbatdagi moliya bo‘hroniga ta’lim bozoridagi qarzlar sabab bo‘lishi mumkin.  Mamlakatda to‘lanmagan ta’lim kreditlari miqdori 500 milliard dollarga yaqinlashgan.  Ishsizlik darajasining ortishi oqibatida ishsiz bitiruvchilar olingan qarzlarni qaytara olmayaptilar.  AQSH kollejlarini tamomlagan bitiruvchilarning yarmidan ko‘pi o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ishsiz.

AQSHda ta’lim kreditlarini berish tizimi bundan 40 yil oldin yo‘lga qo‘yilgan.  Har yili talabalar banklardan o‘qish uchun 100 millliard dollardan ortiq  kredit oladi.  Bugungacha AQSHda olingan ta’lim kreditlari hajmi 1 trillion dollarga yetgan bo‘lib, ularning qariyb yarmi to‘lanmagan.

Barcha ta’lim kreditlari davlat tomonidan kafolatlangani bois,  banklardan bunday kreditlarni olish oson.  Bu esa qayta to‘lanmagan kredit qarzlari hajmining oshishiga olib kelmoqda.

So‘nggi 30 yil ichida AQShda oliy ta’lim olish xarajatlari 400 foizga oshgan.  Ayni paytda ikki milliondan ortiq kollej bitiruvchilari ishsiz.  Taxminan,  bitiruvchilarning uchdan ikki qismi universitetni qarz bilan tamomlaydi.  Butun AQSH bo‘ylab jami talabalarning qarzi esa soniyasiga 2853 dollarga ko‘paymoqda.

Ayni shu muammoga yechim topish maqsadida Prezident Barak Obama ma’muriyati talabalarning kredit qarzlaridan oson qutilishlariga yordam beruvchi yangi qonun loyihasini tayyorladi.  2014-yildan to‘liq kuchga kirishi kutilayotgan ushbu qonunga ko‘ra,  o‘qishni tamomlagan talaba qarzi uchun har oy to‘laydigan summa oylik daromadining 10 foizidan oshmasligi kerak.  Agar talaba 20 yil ichida qarzini butkul to‘lab tugatmasa,  qarzning qolgan qismidan voz kechiladi.

Obama Kongressda qilgan nutqida mamlakatdagi noqonuniy muhojirlar masalasiga ham to’xtalib o’tdi.

“Men laboratoriyalarimizda ishlamoqchi, yangi biznesni yo‘lga qo‘ymoqchi, mamlakatimizni himoya qilmoqchi bo‘lganlarni deportatsiya qilishni bekor qilishga chorlayman, – dedi u. – Zero, ular shu mamlakatda voyaga yetib, shu mamlakatda ta’lim olganlar. Bu haqdagi qonunni qabul qilib, menga jo‘nating, bugunoq imzolashga tayyorman!”

Bu bilan u saylovoldi kampaniyalarida ko’p munozara qilinayotgan bahsli masalaga o’z munosabatini bildirdi. Prezidentlik kursisi uchun saylovoldi kurashini olib borayotgan respublikachi nomzodlar ishsizlikdan norozi aksariyat amerikaliklarni o’zlariga og’dirish maqsadida mamlakatdagi soni 10 milliondan ortiq bo’lgan noqonuniy muhojirlarni deportatsiya qilish masalasini ko’p tilga olmoqda. Bu borada, albatta, Obama ham o’z qarashini ommaga ma’lum qilishni lozim topgan.

Obama noqonuniy muhojirlarning AQSHda katta bo’lgan farzandlarini deporatsiya qilishga qarshi. Shunday bo’lsa-da, uning noqonuniy immigrantlarga oid siyosatini yumshoq deb bo’lmaydi. U o‘z prezidentligining birinchi 2,5 yilligida 1 million nafardan ortiq noqonuniy immigrantlarni mamlakatdan chiqarib yubordi. Bu Jorj Bushning ikki muddati davomida chiqarib yuborilgan immigrantlar sonidan ham ko‘p.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, AQSHda bugun 11,2 million nafardan ortiq noqonuniy immigrant yashab, mehnat qiladi. Obamaning Senatda to‘xtab qolgan “DREAM” qonun loyihasiga ko‘ra,  2 milliondan ortiq noqonuniy muhojir yoshlar fuqarolikka ega bo‘lishi mumkin edi. Umuman, bu qonun AQSHga yoshligida kelib qolgan va yillar davomida bu zaminda yashayotgan o‘smirlar uchun ayni muddaodir. Ammo bu hujjat qonun ijodkorlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmadi.

Obama AQSH ta’lim tizimiga nima bera oladi? Ya’ni, o’zi tilga olgan muammolarni bartaraf etish uchun qanday amaliy ish qila oladi? Nazarimizda, bu savollarga javob topish uchun hali erta. Obama hozircha, agar ikkinchi bor meni saylasangizlar, ana shu muammolarni hal etishga tayyorman, deya va’da bermoqda. Albatta, bu va’daning ustidan chiqish oson bo’lmaydi. Buni esa vaqt ko’rsatadi.

Blogimizni kuzatishda davom eting. Biz mamlakat ta’lim tizimidagi o’zgarish va yangiliklarni sizga shu yerda ma’lum qilib boramiz.

Leave a Reply

Muallif haqida



Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.