AQSHda diplomni pulga sotib olish mumkinmi?

Posted February 13th, 2012 at 7:09 pm (UTC-5)
Leave a comment

Dikenson universiteti joylashgan hududning umumiy ko'rinishi. © Surat universitet saytiga tegishli.

AQSH korrupsiya va poraxo’rlik darajasi juda past bo’lgan mamlakatlar ro’yxatida yetakchilik qiladi. Mamlakat ta’lim tizimi bu illatlardan xoli bo’lgani bois dunyoning eng kuchli universitetlari shu yerda joylashgan.

AQSHda ehtimol diplomni pulga sotib olish yoki imtihonlardan pora orqali o’tish holatlari biror universitetda hali uchramagandir. Ammo bakalavrlik kabi universitet darajasini barcha talab qilingan kurslarni bitirmasdan yoki ingliz tilini yaxshi bilmasdan turib olish mumkin bo’lgan universitetlar Amerikada ham bor ekan. Yaqinda Shimoliy Dakotadagi Dikenson Davlat universiteti ana shunday o’quv yurti ekani aniqlandi.

Ingliz tilini umuman bilmaydigan yoki majburiy bo’lgan kurslarni tugatmagan yuzlab xalqaro talabalar so’nggi yillarda Dikenson Davlat universiteti diplomlarini osonlikcha qo’lga kiritgan. Bu haqda “AP” axboroti asosida “Huffington Post” internet nashri xabar tarqatdi.

Universitetda o’tkazilgan tekshiruv natijasiga ko’ra, 2003-yildan beri universitetda to’rt yillik universitet darajasini olgan 410 xorijlik talabaning 400 nafari bitirish talablarini bajarmasdan turib diplom olgan. Ushbu tabalarning 95 foizi xitoylik, qolgani esa rossiyalik ekani aniqlangan.

So’nggi yillarda Shimoliy Dakotada neft sanoati gurkirab o’sayotgani bois, maktabni bitirayotgan o’smirlarning aksariyati o’qish uchun kollejga emas, pul topish uchun ishga joylashyapti. Natijada universitetga hujjat topshirayotgan abiturientlar soni ozayib bormoqda. Davlat tomonidan moddiy yordam miqdori kamayib borayotgan bir paytda o’qish pulini amerikaliklardan ko’ra ko’proq to’laydigan xalqaro talabalarni qabul qilish ayrim davlat universitetlari uchun yo’qotilgan mablag’ o’rnini qoplashning  eng maqbul usuli sifatida ko’rilmoqda. Dikenson universiteti ham shu yo’ldan borib, Amerika universitetida o’qish talablariga javob bermaydigan xalqaro talabalarni o’qishga qabul qilgan va layoqatsiz bo’la turib, bu talabalarning aksariyati to’rt yillik universitet darajasini olgan.

AQSH Davlat Departamenti, Ta’lim Departamenti hamda Mamlakat Xavsizligi Departamenti Dikenson universitetiga akademik tizimdagi intizomsizligi va yo’l qo’ygan qo’pol xatolari tufayli jazo choralarini qo’llashi kutilmoqda. O’qish uchun layoqatsiz talabalarni qabul qilishi natijasida Xalqaro talaba viza dasrturi talablarini buzgani bois universitetga nisbatan xalqaro talabalarni qabul qilish bo’yicha cheklovlar joriy etilishi mumkin.

Dikenson Universitetida ro’y bergan bu g’irromliklarni AQSH oliy ta’lim tizimi uchun istisnoli holat deb atash mumkin. AQSH universitetlarida bu kabi ishlar kam uchrashi bois ham masala tezda OAV nazariga tushgan.

Umuman olganda, reytingi past bo’lgan universitetlarning ko’proq talaba va natijada ko’proq mablag’ yig’ish maqsadida akademik saviyasi past bo’lgan talabalarni ham o’qishga qabul qilishi tez-tez uchrab turadi. Shunda ham, universitetlarning talabalarni qabul qilish bo’yicha qo’yadigan minimum talablari mavjud va bu AQShning ta’lim bo’yicha qonunchiligi talablaridan kelib chiqib belgilanadi. Dikenson universiteti misolida esa universitet diplomini taqdim olish uchun lozim bo’lgan qonuniy talablar qo’pol ravishda buzilgan.

AQSHdagi oliy ta’lim tizimi, o’qishga kirish uchun hujjatlarni qabul qilish, o’qish jarayoni va universitetlardagi imtihonlar haqida sizning fikringiz qanday? AQSH oliy o’quv yurtlarida noqonuniy yoki g’ayriintizomiy holatlar guvohi bo’lganmisiz? Ana shu jarayonlarni boshidan o’tkazgan, AQSHda o’qigan yoki o’qiyotgan vatandoshlarimizdan bu haqda o’z fikr-mulohazalarini biz bilan baham ko’rishlarini iltimos qilamiz.

Leave a Reply

Muallif haqida



Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida

Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.