Xitoylik talabalar orasida qalbaki hujjatlar bilan o’qishga kirish holatlari yuqori

Posted March 31st, 2012 at 9:39 pm (UTC-5)
Leave a comment

Photo SUNY Canton

AQShga xorijdan eng ko’p talaba jo’natayotgan mamlakat bu Xitoy. Okeanortiga ta’lim uchun kelayotgan xitoyliklar soni yildan yilga o’sib bormoqda. Ammo AQSh ta’lim dargohlariga qabul bo’yicha mutaxassislarning aytishicha, xitoylik talabalar orasida hujjatlarni qalbakilashtirish va shu yo’l bilan oliy o’quv yurtlariga kirib olish holatlari ko’p uchraydi.

Kollejlarga qabul bo’yicha Milliy Assotsiatsiya tuzgan qo’mita rahbari Filip Balingerning aytishicha, AQShda tahsil oladigan xitoylik talabalarning aksariyati qabul uchun hujjatlarni tayyorlashda va esse yozishda pulli xizmatlardan foydalangan. Ushbu xizmatlarni taklif etuvchi shaxslar talabalar o’rniga anketalarni to’ldirib, bexato ingliz tilida esse ham yozib berishadi. Ular hatto talabalikka nomzod shaxslarning maktab baholarini ham o’zgartirib bermoqda, deydi Balinger.

AQSh oliy o’quv yurtlarida bu jarayonni qo’llab quvvatlab, xitoylik talabalarga qabul bo’yicha yordam bergan vositachilarni hatto rag’batlantiradiganlar ham bor, deydi mutaxassis. Chunki iqtisodiy qiyinchiliklar oqibatida qiynalib qolgan kollej va universitetlar o’qish uchun ko’proq pul to’laydigan xalqaro talabalarni qabul qilishdan manfaatdor.

“Ayrim o’quv dargohlari xitoylik talabalarni o’qishga joylab qo’ygan vositachilarga haq ham to’lashadi”, deydi Balinger.

Xitoyda iqtisodning gurkirab o’sishi natijasida oxirgi yillarda o’qish uchun farzandini xorijga jo’natayotgan oilalar soni oshib bormoqda. Kuzatuvchilar fikricha, iqtisodiy omil sabab ko’plab AQSh universitetlari o’qish uchun salohiyat darajasi past bo’lsa ham, ko’p pul to’laydigan xorijlik talabalarni qabul qilishga majbur bo’lmoqda.

Xorijlik talabalarni faqat puli uchun qabul qilish alal-oqibat universitetlardagi ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko’rsatadi, deydi Balinger. Balinger Sietldagi Vashington Universitetida qabul bo’yicha vitse-prezident yordamchisi. Uning aytishicha, soxta hujjatlar yoki boshqalar yordamida to’ldirilgan anketa orqali o’qishga kirish holati hindistonlik va janubiy koreyalik talabalar orasida ham yuqori.

Xalqaro ta’lim institutining yaqinda e’lon qilgan hisobotida yozilishicha, o’tgan yili AQShda 158000 xitoylik talaba tahsil olgan. Xitoy bu raqam bilan AQShga eng ko’p talaba jo’natayotgan mamlakatlar ro’yxatining eng yuqorisida. AQShdagi jami xalqaro talabalarning 22 foizi xitoyliklar ekani aniqlangan.

O’zbekiston Amerikada tahsil olayotgan talabalari soni bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari orasida ikkinchi o‘rinda turadi. AQSh Davlat departamentining “Ochiq eshiklar” hisobotida yozilishicha, O’zbekiston 2010-2011-o‘quv yilida okeanortiga 560 nafar talaba yuborgan. Ularning 44,5 foizi bakalavr, 55,5 foizi magistr diplomi uchun tahsil olayotgani aytiladi.

Hisobotda Markaziy Osiyodan jami 3188 talaba Amerikada tahsil olayotgani yozilgan. Talabalari sonining ko’pligi bo’yicha birinchi o‘rinda Qozog‘iston (1890 nafar), ikkinchi o’rinda O’zbekiston (560 nafar), keyingi o‘rinlarda Qirg‘iziston (279), Tojikiston (249) va Turkmaniston (210) turadi.

“Ochiq eshiklar” hisobotiga ko‘ra, Amerika universitet va kollejlarida o‘qiyotgan xorijlik talabalar miqdori 2010-11 o‘quv yilida 723277taga yetgan. Ularning asosiy qismi Xitoy, Hindiston va Janubiy Koreyadan.

Amerika savdo vazirligi xorijlik talabalar har yili mamlakat g‘aznasiga 21 milliard dollar miqdorida daromad keltirishini aytadi.

Yuqorida xitoyliklar misolida tilga olingan muammo – xorijlik talabalarning o’qishga soxta hujjatlar va o’zgalar yordamida kirishi masalasi, albatta, boshqa davlatlardan kelgan talabalar orasida ham uchrashi tabiiy. Ammo ularda vaziyat xitoyliklardagi kabi alohida xizmat tizimi sifatida shakllanib ulgurmagani uchun mutaxassislar e’tiboriga tushgani yo’q.

Aziz o’quvchi! Bunday amaliyot O’zbekistondan AQShga o’qish uchun keluvchi talabalar orasida ham uchrab turadi, deb o’ylaysizmi? Shu mavzuga aloqador o’zingiz bilgan, eshitgan yoki ko’rgan voqea-hodisalaringiz bo’lsa yoki mavzu bo’yicha umumiy fikr-munosabatlaringiz bo’lsa, ulardan bizni voqif qilasiz, deb umid qilamiz.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.