AQShda o’qishdan so’ng ishga qolish imkoniyatlari kengaytirildi

Posted May 21st, 2012 at 1:08 am (UTC-5)
Leave a comment

Ma’lumki, Ixtiyoriy amaliyot o’tash (OPT – Optional Practical Training) dasturi bo’yicha F-1 vizasi bilan ta’lim olgan xalqaro talabalar o’qishlari bitgandan so’ng AQShda yana 12 oygacha qolib ishlashlari mumkin. Buning uchun amaliyot maosh to’lanadigan va o’z sohalariga aloqador bo’lishi lozim.

Mamlakat Xavfsizligi Departamenti yaqinda e’lon qilgan ma’lumotga ko’ra, OPT bo’yicha o’qishdan so’ng AQShda qolib ishlash mumkin  bo’lgan sohalar soni oshirilgan.

Yangi qo’shilgan o’qish sohalari, asosan, ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika yo’nalishlarini qamrab oladi. OPT uchun ruxsat olish mumkin bo’lgan sohalarning to’liq ro’yxati bilan quyidagi manzil orqali tanishishingiz mumkin:

O’qishdan so’ng bir yilgacha AQShda qolib ishlash mumkin bo’lgan sohalarning toliq ro’yxati (PDF).

Ro’yxatda yangi qo’shilgan sohalar nomi qora bilan ko’rsatilgan. Agar siz o’qigan soha STEM (Aniq fanlar, Texnologiya, Muhandislik  va Matematika) dasturidagi yo’nalishlardan birida bo’lsa, o’qishdan so’ng ishlash muddati jami 29 oygacha berilishi mumkin.

OPT dasturi bo’yicha ishlash davomida talabalarning F-1 vizasi amalda bo’ladi. Chunki bir yillik ish o’qishning amaliyot qismi sifatida ro’yxatga olinadi.

OPT dasturiga topshirish uchun talaba AQSh oliy o’quv yurtida kamida ikki semest davomida bakalavrlik, magistratura yoki aspirantura darajalaridan birida o’qigan bo’lishi kerak. O’qish muddatining tugashiga 90 kun qolganda OPT uchun ariza topshirish mumkin. Buning uchun, avvalo, o’qish joyidan OPT I-20 hujjatini olish kerak. So’ng ushbu hujjat va boshqa qo’shimcha ma’lumotlar jamlangan hujjatlar to’plami AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmatlari idorasiga yuboriladi. OPT uchun anketa o’qish tugagandan so’ng 60 kundan kechiktirmasdan jo’natilishi kerak. O’qish tugagungacha bo’lgan uch oy davomida ham OPTga hujjat topshirish mumkin.

Ish AQShning istalgan shtatida bo’lishi mumkin. Faqat ish talaba o’qigan sohaga aloqador hamda haq to’lanadigan bo’lishi lozim. OPT davrida talaba o’z ishini o’zgartirishi mumkin. Faqat bu haqda o’qish joyini xabardor qilishi kerak. Shuningdek, talabaning amaliyot davomida 90 kungacha ishsiz qolishiga ruxsat beriladi. Bu muddat davomida talaba  yangi ish topmasa, uning amaliyot muddati tugatilib, AQShni tark etishi talab etiladi.

Yuqorida tilga olingan STEM yo’nalishidagi sohalarda amaliyot o’tayotgan talabalar bir yillik muddatlarini qo’shimcha 17 oyga uzayitirishlari mumkin. Aniq fanlar, texnologiya, muhandislik hamda matematika sohalaridagi mutaxassislarni mamlakatda ko’proq ishlashlarini ta’minlash maqsadida ushbu soha talabalariga AQShda ko’proq qolishga ruxsat berilgan.

AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmatlari idorasi axborotiga ko’ra, har yili 70 mingdan ziyod xalqaro talabaga OPT bo’yicha AQShda qolib ishlashga ruxsat beriladi. Ularning 20 mingdan ziyodi STEM yo’nalishi bo’yicha o’qigan talabalardir. OPT amaliyotini o’tayotgan talabalar, agar ish beruvchi ushbu mutaxassisni doimiy ishga olishni istasa, H-1B ish vizasiga topshirishlari mumkin. H-1B vizasini qo’lga kiritgan xorijliklar, ish shartnomasida ko’rsatilgan va viza berilgan muddatgacha AQShda qolib ishlash imkoniyatini qo’lga kiritadi.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.