Yozgi ish va sayohat dasturiga o’zgartirishlar kiritildi

Posted May 28th, 2012 at 9:50 pm (UTC-5)
11 comments

Har yili 100 mingdan ortiq xorijlik talaba  yozgi ta’til mavsumida AQShga tashrif buyurib, bu yerda to’rt oygacha bo’lgan muddat davomida ishlash va madaniy hordiq chiqarish imkoniyatiga ega bo’ladi. Ular orasida o’zbekistonlik talabalar ham bor. O’zbekistonlik talabalar uchun dastur, odatda, 15-iyundan 31-avgustgacha davom etadi.

AQSh Davlat departamenti shu oy boshida ushbu dasturga doir bir qancha o’zgarishlarni e’lon qildi. O’zgarishlar, asosan, talabalar ishlashi mumkin bo’lgan sohalar va ish sharoitlariga bog’liq. AQSh ommaviy axborot vositalarining xabar berishiga ko’ra, o’zgarishlar o’tgan yili “AP” axborot agentligi tomonidan dasturga doir bir qancha noqonuniy holatlar fosh etilishi ortidan qabul qilingan. “AP” surishtiruvida aniqlanishicha, dasturning ayrim ishtirokchilari tungi klublarda majburlab ishlatilgan, ba’zilari esa og’ir ish va yashash sharoitlarida kun kechirgan.

J-1 yozgi ish va sayohat dasturi (J-1 Summer Work and Travel Program) 1961-yilgi Fulbrayt Heys qonuni doirasida qabul qilingan. Dasturdan ko’zlangan asosiy maqsad xorijlik oliy o’quv yurti talabalariga AQShda to’rt oygacha bo’lgan ish dasturida ishtirok etish imkoniyatini berib, ularni Amerika madaniyati bilan tanishtirish.

“So’nggi yillarda dasturning madaniy almashinuv jihati ishlash imkoniyatining soyasi ostida qolib ketgandek, — deyiladi AQSh Davlat departamentining yangi o’zgartirishlar haqidagi e’loni kirish qismida. – Shuningdek, jinoiy tashkilotlar dastur ishtirokchilarini noqonuniy pul jo’natish, soxta bizneslar yaratish hamda immigratsiya qonunini buzish kabi ishlarga tortgani haqida ma’lumotlarga egamiz”.

Dastur bo’yicha e’lon qilingan yangi qoidalar talabalarni ana shunday noqonuniy faoliyatlardan himoya qilish maqsadida qabul qilindi, deyiladi AQSh Daplat departamenti e’lon qilgan axborotda.

Yangi tartibga ko’ra, yozgi ish va sayohat dasturi bo’yicha AQShga kelgan xalqaro talabalar bundan buyon ishlab chiqarish, qurilish va qishloq xo’jaligi kabi sohalarda, shuningdek, soat 22:00 dan ertalab 6:00 gacha bo’lgan tungi ishlarda ishlashlari mumkin emas.

“Dastur yuzasidan yangi islohot ishtirokchilarning farovonligi, xavfsizligi va sog’ligini himoyalash hamda dasturni o’zining haqiqiy maqsadiga, ya’ni xalqaro talabalarni Amerika madaniyati bilan tanishtirishga yo’naltirish”, deydi Davlat departamentining yordamchi kotibi o’rinbosari Robin Lerner.

Yana uning aytishicha, o’zgarishlar dasturning o’ziga xos sifatlarini yaxshilashga xizmat qilib, dastur ishtirokchilari, ularning homiylari hamda ish beruvchilarga dastur doirasida nima qilish to’g’ri yoki noto’g’ri ekani haqida yanada aniqroq ma’lumot beradi.

Shu paytgacha AQShga yozgi ish va sayohat dasturi bo’yicha 1 milliondan ortiq xorijlik talaba tashrif buyurgani aytiladi. Ularning aksariyati AQShdan unutilmas esdaliklar bilan va yangi do’stlar orttirib qaytadi. Ammo ular orasida AQShdan yomon taassurot va tajriba bilan qaytayotganlar ham yo’q emas.

Masalan, “AP”ning xabar berishicha, dastur ishtirokchisi bo’lgan bir ayol AQShda zo’rlangan va Detroitdagi tungi klubda stripper bo’lib ishlashga majburlangan. Shuningdek, o’tgan yili Nyu Yorkda Gambino va Bonnano mafiya oilalari hamda rus jinoiy guruhlari sharqiy yevropalik talaba qizlarni yozgi ish va sayohat dasturi bo’yicha AQShga olib kelib, strip klublarida ishlashga majburlayotgani fosh etildi.

Fohisha bo’lib ishlashga majburlash holatlaridan tashqari, talabalarni yaxshi yashash sharoitlari bilan ta’minlamaslik, ish uchun kam haq to’lash kabi vaziyatlar ham uchrab turadi. Masalan, o’tgan yili Pensilvaniyada Hershey shokoladlarini qog’ozga o’rovchi fabrikada 400 xorijlik talaba og’ir ish sharoitlaridan shikoyat qilib norozilik namoyishi uyushtirgan edi. Natijada Davlat departamenti ushbu talabalarning AQShga kelishiga homiylik qilgan kompaniyalarni dasturda ishtirok etish huquqidan mahrum etdi.

Yangi o’zgarishlar Davlat departamentida ro’yxatdan o’tgan 49 rasmiy tashkilotga tegishli. Talabalarning viza va boshqa kerakli hujjatlarni olishiga hamda ish topishiga ko’mak beruvchi bu tashkilotlar bundan buyon talabalarning ish joylarida yaxshi sharoitlarda ishlashini va yashashini ta’minlashga mas’ul.

“Asosiy maqsad dasturning madaniy almashinuv qismiga diqqat qaratish, – deyiladi Davlat departamenti axborotida. – Ishdan tashqari paytda talabalarning Amerika madaniy hayoti bilan yaqindan tanishishini ko’rsatib bera olmagan homiylar dasturdan chetlatiladi”.

Iqtisodiy siyosat instituti huquqshunosi Daniel Kostaning aytishicha, talabalarni noqonuniy faoliyatlardan himoyalash bo’yicha qilinishi lozim bo’lgan ishlar ko’p.

“Menimcha, yanada qattiqroq turish kerak. Homiylar J-1 vizali ishchilarni bitta ishda oxirigacha ishlashga majburlamasliklari kerak. Agar jiddiy shikoyatlari bo’lsa, talabalar ishlarini o’zgartirish imkoniga ega bo’lishlari kerak. Bu ko’p kuzatiladigan holat”, deydi u.

Yana uning aytishicha, Davlat departamenti dastur qoidalarini buzgan ish beruvchilarni “qora ro’yxat”ga kiritib, ular bilan kelajakda boshqa ishlamasligi kerak.

“Ish beruvchilar yangi qoidalarga amal qiladi, deb umid qilish va qoidalarni buzganlarga qarshi hech qanday chora ko’rmaslik ish beruvchilar uchun ayni muddao. Ular noqoqnuniy ish sodir etganda bir homiyni tark etib, boshqasi bilan ishlashga o’tishi mumkin”, deydi Kosta.

Kostaning aytishicha, AQShda ishsizlik yuqori bo’lgan paytda ishchi bo’lib kelayotgan xorijlik talabalarning soni qisqartirilishi kerak. Davlat Departamenti e’lon qilgan yangi qoidalarda AQShlik ishchilarni himoyalash ham ko’zda tutilgan. Masalan, so’nggi 120 kun ichida ishchilarini ishdan bo’shatgan yoki ishchilari ish tashlashda ishtirok etayotgan kompaniyalarning dasturda ishtirok etishlari taqiqlanadi. Davlat departamentiga ko’ra, xalqari talabalar faqat mavsumiy hamda vaqtinchalik ishlarda ishlashlari mumkin.

11 responses to “Yozgi ish va sayohat dasturiga o’zgartirishlar kiritildi”

  1. feruza says:

    O’zbekistonlik talabalar uchun dastur, odatda, 15-iyundan 31-avgustgacha davom etadi.
    – Bu degani usha vaqt oraligida usha vaqt oraligida talaba AQSH da bulaoladi deganimi?

    – Fuqarologi o’zbek bulib boshqa chet mamlakatda ta’lim olayaotgan bo’lsa masalan, South Koreada, bu dastur qay tartibda davom etadi?

    -Bu dasturga qanday applicationni topshirish mumkin?

    javoblar uchun oldindan raxmat.

    • Behzod says:

      O’zbekistonlik talabalar uchun dastur, odatda, 15-iyundan 31-avgustgacha davom etadi.
      – Bu degani usha vaqt oraligida usha vaqt oraligida talaba AQSH da bulaoladi deganimi?

      Xuddi shunday.

      – Fuqarologi o’zbek bulib boshqa chet mamlakatda ta’lim olayaotgan bo’lsa masalan, South Koreada, bu dastur qay tartibda davom etadi?

      Dasturda qatnashish uchun O’zbekistonda tahsil olayotgan bo’lishingiz kerak.

      -Bu dasturga qanday applicationni topshirish mumkin?

      Bu haqda elchixonadan to’liq ma’lumot olishingiz mumkin: http://uzbekistan.usembassy.gov/non-immigrant_visas/swt.html

      Savollaringizni tog’ridan-to’g’ri elchixonaga yo’llashingiz ham mumkin:
      tashkentswt@state.gov

  2. Mehroj says:

    Avval Green Card o’ynagan talabalar ham ushbu work and travel programmasida qatnashsa bo’ladimi?

  3. SaidAsror says:

    Meni yoshim 17 da keyngi yilni 20-avgust oyida 18 ga kiraman , ingliz tilini bilaman keyingi yilda
    Work & Travel dasturida qatnashsam boladimi
    oldindan rahmat javob uchun

  4. elbek says:

    agar xotinim ham talaba bo’lsa va men ham talaba bo’lsam ikkalamiz ham work and travel ga qatnasha olamizmi

  5. Daler says:

    Men kolejda o”qiyman 2 kurs talabasi man yoshim 17 men ham Work & Travel ha qatnashsam bo”ladimi

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.