Diqqat: AQShda o’qishni istovchilar uchun yordam beramiz! (1-maqola)

Posted June 17th, 2012 at 11:56 pm (UTC-5)
57 comments

AQSh ta’lim sohasi, asosan, magistratura va undan yuqori bo’lgan darajadagi o’quv dasturlari bilan mashhur. Dunyoning eng kuchli universitetlari ro’yxatida peshqadamlikni boy bermay kelayotgan AQSh oliy o’quv yurtlari bu mavqega to’rt yillik kollej dasturlari bilan emas, balki, asosan, magistratura yoki aspirantura kabi tadqiqotga asoslangan o’quv dasturlari bilan erishgan.

Kirish so’zini ko’p cho’zmasdan maqsadga o’tadigan bo’lsam, mana shunday sifatli oliy o’quv yurtlaridan birida tahsil olishni istaydigan vatandoshlarimizga bugundan boshlab blogimizda amaliy maslahatlar berib bormoqchiman. AQShning eng nufuzli oliy o’quv yurtlaridan birida magistratura darajasida tahsil olish imkoniyatini qo’lga kiritgan bir talaba sifatida aytadigan bo’lsam, maslahatlarim yosh yigit-qizlarimiz uchun foydadan xoli bo’lmas, deb umid qilaman.

Birinchi maqolada AQSh oliy o’quv yurtlariga o’qishga kirish jarayoni haqida umumiy ma’lumot olish bilan cheklanamiz. Keyingi maqolalarda ushbu jarayonning ichki bosqichlari haqida xos ma’lumotlar va amaliy maslahatlar beriladi.

Mavzularni raqamlar bilan alohida-alohida ajratib ko’rsatishni ma’qul topdim. Har bir yangi fikr, mavzu yoki bosqich ichki sarlavha ostida beriladi.

1. Harakatni imkon qadar erta boshlash kerak

Magistratura bosqichida o’qish uchun, avvalo, bakalavrlik darajasiga ega bo’lish kerak. Bakalavrlik darajasi uchun o’qishga qabul qilindingizmi, kelajak uchun reja tuzishni darhol boshlang. Oldinda to’rt yil bor, avval o’qishni bitirib olay, bir gap bo’lar, deb o’ylash katta xato! O’qishni bitirib nima qilmoqchisiz? O’z sohangizda ishlamoqchimisiz yoki magistraturada o’qishni davom ettirishni istaysizmi? Agar magistratura darajangizni xorijda, masalan, AQShda olishni istasangiz, buning rejasini imkon qadar erta tuzishingiz va shu reja bo’yicha ish olib borishingiz kerak. Chunki AQShdan siz o’qimoqchi bo’lgan universitet topish va unga topshirish lozim bo’lgan hujjatlarni tayyorlash va o’zingizni AQShda o’qish salohiyatiga ega bilimli va iqtidorli talabaga aylantirishingiz uchun oylar emas, balki yillar kerak bo’ladi.

2. Harakatni nimadan boshlash kerak?

O’qishni AQShda davom ettirishga qaror qildingizmi, avvalo, bunga erishish uchun nimalar qilish lozimligini aniqlang va rejangizni shu asosda tuzing. Bakalavrni tugatiboq magistraturada o’qishni davom ettirishni istaysizmi yoki o’rtada 1-2 yil o’z sohangizda ishlab tajriba orttirmoqchimisiz? Bakalavrni bitiriboq o’qishni davom ettirishingiz mumkin. Ammo bir-ikki yil o’z sohangizda ishlab tajriba orttirsangiz, magistratura uchun hujjat topshirganingizda ushbu ish tajribangiz sizning qabul qilinish ehtimolingizni oshiradigan muhim omil bo’lishini ham hisobga oling.

AQShda magistratura yoki undan yuqori bo’lgan darajalarda o’qish uchun, odatda, quyidagi bilim va malakalarda ega bo’lishingiz kerak:

1. Tan olingan oliy o’quv yurtidan bakalavrlik darajasiga ega bo’lish;

2. Ingliz tilini mukammal bilish. Buning isboti sifatida TOEFL yoki IELTS testlarini topshirgan bo’lishingiz kerak. Bakalavr darajasini o’qish tili ingliz tili bo’lgan oliy o’quv yurtidan olgan xalqaro talabalar TOEFL yoki IELTS imtihonidan ozod qilinishi mumkin.

3.”Bitiruv ko’rsatkichlari imtihonlari” (GRE — Graduate Record Examinations) deya nomlanuvchi AQShning kollej bitiruvchilari uchun chiqarilgan maxsus testini topshirishingiz lozim. GRE imtihonini topshirish bakalavrlik darajasidan keyingi o’quv bosqichlari uchun barchadan, xususan, amerikalik talabalardan ham talab etiladi. Bir marta topshirilgan GRE imtihoni natijasi besh yilgacha yaroqli hisoblanadi. Huquqshunoslik kabi ayrim sohalar uchun GRE imtihonini topshirish shart emas. Ba’zi ixtisoslashgan sohalarda GREning fanlar bo’yicha chiqarilgan maxsus testlarini topshirishingiz talab etilishi mumkin. Shuningdek, Biznes boshqaruvi (MBA) kabi sohalarda GRE o’rniga GMAT (Graduate Management Admission Test – Boshqaruv sohasi bitiruvchilari uchun qabul testi) imtihonini topshirish kerak bo’ladi.

Yuqoridagi umumiy shartlardan tashqari, har bir oliy o’quv yurti yoki o’quv dasturining o’ziga xos talablari bo’lishi mumkin. Masalan, ingliz tilida o’zingiz yozgan biror ilmiy ishni yuborishingiz so’ralishi mumkin. Bu narsa sizning ingliz tilida yozish malakangizni tekshirishlari uchun kerak bo’ladi.

Yuqorida alohida raqamlar bilan tilga olingan shartlar, qayerda o’qishingizdan qat’i nazar, sizdan talab qilinadi. Shu bois TOEFL va/yoki GRE/GMAT testlariga tayyorlanish va ularni topshirish ustida ishlashni imkon qadar erta boshlashingiz kerak.

3. Qayerda o’qimoqchisiz?

O’zingizga va sohangizga mos o’quv dasturini topish bo’yicha izlanishlaringizni ham imkon qadar erta boshlaganingiz ma’qul. Shunda universitet va o’quv dasturlarining o’ziga xos talablarini ham bajarishingiz uchun yetarli vaqtga ega bo’lasiz.

Unutmang, magistratura – bu ilmiy izlanish va boshlang’ich tadqiqotlar olib boriladigan o’quv darajasidir. O’zingiz qiziqqan yoki kelajakda ishlamoqchi yoxud ilmiy ish olib bormoqchi bo’lgan mavzularingizning siz tanlamoqchi bo’lgan universitetlarda mavjudligiga diqqat qiling. Buning uchun universitet va o’quv dasturlarining veb-saytlariga tashrif buyurib, u yerdagi tadqiqot (Research) bo’limini hamda professorlarning shaxsiy sahifalarini ko’zdan kechirib chiqish lozim. Talabalar olib borayotgan ilmiy tadqiqot mavzulariga ko’z yugurtirib chiqish ham foydadan xoli emas. Siz qiziqqan sohada ilmiy ish olib boruvchi professorlarga maktub yo’llab (aloqaga chiqish yo’llari veb-saytda berilgan bo’ladi), ularga shu dasturga topshirmoqchi ekaningizni va bu borada yo’l-yo’riqqa muhtojligingizni aytishdan tortinmang. Hujjat topshirguningizgacha, universitetdagi professorlar bilan aloqa bog’lash va ularning imkon qadar qo’llab-quvvatlashiga erishish sizning qabul qilinish imkoniyatlaringizni oshiradi.

Imkon qadar ko’proq o’quv yurtlariga topshirishga harakat qiling. Chunki qaysi biri sizni qabul qilishini bilmaysiz.

Eng muhimi, o’qish va yashash xarajatlarini to’liq qoplovchi universitetlarni topishga harakat qiling. AQShda ko’plab oliy o’quv yurtlari magistratura va undan yuqori bo’lgan darajadagi o’qish dasturlarida talabalarga turli manbalardan grantlar ajratadi. Buni bilish uchun o’zingiz qiziqqan oliy o’quv yurti saytlarining “Moliyaviy yordam” (Financial Aid) bo’limini ko’zdan kechirib chiqishingiz kerak. Moliyaviy yordam berish bo’yicha xalqaro talabalar uchun alohida yoki qo’shimcha shart-sharoitlar bo’lishi mumkin. Grant yoki boshqa istalgan mavzuda tug’ilgan savollarni ularga bog’lanib so’rashdan tortinmang. Bundan oldin saytdagi qabul jarayoniga oid barcha ma’lumotlarni o’qib chiqing. Chunki siz istagan ma’lumot saytda bo’lishi mumkin.

3. Qabul uchun qanday hujjatlar topshirish kerak?

Ayrim o’quv yurtlarining qabul bo’yicha o’zlariga xos talablari bo’lishi mumkin. Ammo aksariyati talab qiladigan umumiy shartlarni quyida qisqacha sanab o’taman.

1. Bakalavr darajasida o’qigan fanlaringizning (Diplom ilovasi) notarial tasdiqdan o’tgan ingliz tilidagi rasmiy tarjimasi. Ayrim o’quv dasturlari ushbu hujjatning asl nusxasini o’qigan universitetingizdan to’g’ridan to’g’ri jo’natilishini so’rashi mumkin. Aksariyati uchun norasmiy nusxasini (kserokopiya) yuborishingiz kifoya. Agar o’qishga qabul qilinsangiz, asl nusxasini yuborishingiz talab etiladi.

2. TOEFL/IELTS hamda GRE yoki GMAT imtihonlari natijalarining asl nusxalari. Test natijalari haqidagi asl hujjatlar test o’tkazuvchi tashkilot/markaz tomonidan o’quv yurtlariga to’g’ridan to’g’ri yuborilishi kerak. Siz imtihonlarni topshirish paytida natijalarni o’zingiz istagan universitetlarga yuborilishini so’rashingiz yoki buni imtihondan so’ng istalgan paytda qo’shimcha haq evaziga amalga oshirishingiz mumkin.

3. Ikki yoki uch dona akademik tavsiyanoma. Ushbu xatlarni oliy o’quv yurtida sizni yaxshi tanigan professorlardan olganingiz yaxshi. Ish joyingizdan yozib berilgan tavsiyanomalar hisobga olinmasligi mumkin.

4. Qabul to’lovi. Hujjat topshirayotgan har bir talaba o’quv yurtiga ma’lum miqdorda to’lov puli yuborishi kerak. To’lov miqdori $25-$30dan $100 gacha bo’lishi mumkin.

Hozir deyarli barcha oliy o’quv yurtlarida qabul uchun hujjatlar internet orqali qabul qilinmoqda. Shu bois qabul jarayoni juda osonlashgan bo’lib, siz hujjatingizni pochta orqali yuborishingizga hojat yo’q. Faqat qabul qilingan taqdiringizda, hujjatlaringizning asl nusxalarini pochta orqali yuborishingiz talab etiladi.

Har bir o’quv yurtida hujjatlarni yuborishning so’nggi kuni belgilangan bo’ladi. Shu vaqtdan kechikmasligingiz kerak.

4. AQShda o’qishning eng oson yo’li

Yuqoridagi ma’lumotlar, asosan, o’qishga mustaqil hujjat topshirib kirishni istovchilar uchun. AQShda o’qish huquqini qo’lga kiritishning bundan oson yo’llari ham bor.

Siz xalqaro talabalar uchun e’lon qilingan maxsus grant dasturlarini topishga harakat qiling. Bunday dasturlarning afzal tomoni shundaki, siz hujjatlarni faqat grant beruvchi tashkilotga yuborasiz. Hujjatlaringizni universitetlarga yuborish kabi tashkiliy ishlar grant tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.

Ana shunday dasturlarining, shak-shubhasiz, eng a’losi bu AQSh Davlat departamenti Ta’lim bo’limining xalqaro talabalar uchun e’lon qilgan turli grantlaridir. Ular orasida magistratura darajasi uchun grant beruvchi ikkita dastur bor: Bular “Edmund S. Muskie” hamda “Fullbright” o’quv dasturlaridir. Bu grant dasturlarining eng qulay tomoni shundaki, siz hamma hujjatlarni O’zbekistondagi AQSh elchixonasiga topshirasiz va qabul jarayonidagi barcha xarajatlar AQSh davlati tomonidan to’liq qoplanadi. Sodda qilib aytganda, agar siz birinchi bosqichdan o’tib, TOEFL va GRE imtihonlarini topshirmoqchi bo’lsangiz, ushbu imtihonlar uchun to’lov to’liq  qoplanishidan tashqari, agar viloyatdan test uchun poytaxtga kelgan bo’lsangiz, yo’l xarajatlaringiz uchun ham haq olasiz. So’nggi bosqichdan muvaffaqiyatli o’tib, o’qishga qabul qilinish yoki qilinmasligingizdan qat’i nazar, ungacha bo’lgan bosqichlardagi barcha xarajatlar grant dasturi tomonidan to’liq qoplanadi.

Vatandoshlarimizni, avvalo, ana shu dasturlarda ishtirok etishlarini qattiq tavsiya etamiz. Kamina ham “Muskie” dasturidan muvaffaqiyatli o’tib, AQShda o’qish imkoniyatini qo’lga kiritgan baxtli talabalardan biri ekanini shu o’rinda aytib qo’yishim joiz.

Bitta maqolada AQShda o’qish uchun lozim bo’lgan barcha ish va masalalarni to’liq qamrab olish qiyin. Dastlabki maqolada ushbu murakkab jarayon haqida umumiy tushuncha berishga harakat qildim, xolos. Nasib qilsa, kelgusi maqolalarimda yuqorida tilga olingan har bir bosqichga alohida to’xtalib, ushbu talablarni muvaffaqiyatli bajarish uchun nimalar qilish lozimligi haqida amaliy maslahatlar berishga harakat qilaman.

Hozircha sizga bitta gapim bor: Siz AQShda, albatta, o’qiysiz. Agar xohish bilan birga harakatingiz ham bo’lsa. Qanday harakat qilish kerak? Bu haqda kelgusida gaplashamiz.

57 responses to “Diqqat: AQShda o’qishni istovchilar uchun yordam beramiz! (1-maqola)”

  1. sarvar says:

    Assalomeleykum, menda savol bor edi, AQSHda o’qib O’zbekistonga qaytgandan so’ng, davlat ishlariga kirsa bo’ladimi. Oldindan rahmat.

    • Behzod says:

      Albatta, bo’ladi. Davlat ishida ishlash uchun siz xorijdan olgan diplom yoki ilmiy daraja O’zbekistonda nostrifikatsiya qilinishi, ya’ni tasdiqlanishi kerak.

  2. Gulmera says:

    Salom
    AQSHda uqishni hohliyman faqat bakalavrda uqigan sohamnimas boshqa sohani tanlab magistraturaga topshirsam bularmikin??
    Yani sohamni uzgartirsam buladimi magistraturada

    • Behzod says:

      Bu haqda AQShda ta’lim: Qayerda va nima o’qimoqchisiz? (2-maqola) deb nomlanga oldingi maqolamizda aytib o’tgan edik. Agar siz tanlamoqchi bo’lgan soha bakavrlik darajasidan tubdan farq qilmasa, boshqa sohani o’qishingiz mumkin. Masalan, ijtimoiy yo’nalishdagi sohada o’qigan bo’lsangiz, shu yo’nalishdagi istalgan boshqa sohada magistratura qilishingiz mumkin. Lekin, masalan, sotsiologiya o’qib magistraturani iqtisodda qilishning imkoni yo’q.

  3. Eshboyev bakhodir says:

    Siz bilan to’g’ridan to’g’ri bog’lanmoqchiman iloji bormi

  4. Ulugbek says:

    Salom. Man hozirda O’zDJTUda 4 bosqich talabsiman. bu yil “Work & travel” programmasi orqali AQSHda ishlab ingliz tilida gaplashish salohiyatimni oshirib qaytmoqchiman.
    buning uchun 4 kurs talabalarini ham muammosiz qabul qilib AQSHga chiqish imkonini berishadimi? javobingiz uchun oldindan rahmat.

    • Behzod says:

      To’rtinchi kursni bitirib keyin topshirmoqchimisiz “Work & Travel”ga? Programmaga topshirgan paytingizda hanuz o’qiyotgan bo’lishingiz kerak.

  5. Nasib says:

    Salom! Avvalo katta rahmat malumotlar uchun! Meni savolim bor. Men xozirda Turkiyada o’qiman o’z xohishim bilan kelib o’qishga kirganman Universitetda o’qiman 2chi kursman, o’qishimi Amerikada davom ettirmoqchiman buni iloji bormi agar bo’lsa qanday? RAHMAT.

  6. Nur says:

    Salom men kolejda oqiyman oqishni Amerikada davom etirsam boladimi

  7. Sanjarbek says:

    Salom Man TaTU FFda o’qiyman savolim AQSH da o’qish uchun O’zimi mutaxassisligimni ham zo’r o’rganishim kerakmi yoki ingiz tilini yaxshi bilsam va TOEFL/IELTS va GRE ni imtihonlaridan o’tsam qabul qilinamanmi

    • Behzod says:

      Salom, Sanjarbek.

      Albatta, biror daraja uchun o’qishni istasangiz, o’z sohangizda ham yaxshi o’qishigiz lozim. Chunki o’qish uchun hujjat topshirilganda, doplomingiz nusxasi yoki o’qish joyingizdan olgan baholaringizni ham topshirishingiz kerak.

  8. Zohiddin says:

    Uzr. hali ko’p maqolalarni o’qiganim yo. Lekin AQSH ga o’qishga kirishga pul toladim deylik. keyin yana dalshe toliymanmi? Keyin yotoq joy, yeyish ichish nima boladi shu narsalarga tushunmadim uzr etvoring kutaman.

    • Behzod says:

      Zohiddin,

      Agar o’z hisobingizdan o’qiydigan bo’lsangiz, o’qish uchun pul to’laysiz, bundan tashqari viza olish uchun yashash xarajatlarini ham qoplaydigan miqdorda mablag’ingiz borligini ko’rsata olishingiz kerak.

      Behzod.

  9. Gulshoda says:

    hi… I study at national university(1year student) and I want to proceed my studies overseas mainly in the US… unforrunately I can’t accept fees… can u find grant programms??? thanx beforehand…

    • Behzod says:

      Gulshoda,

      I recommend you read through all articles in these series first. We have tried t compile all necessary information relevant to the topic. Then, please let us know if you have any specific questions.

      Thanks,
      Behzod

  10. Jamila says:

    salom, Amerikada o`qish uchun IELTS imtihonidan eng kamida necha ball olish kerak? javob uchun oldindan raxmat.

    • Behzod says:

      Salom, Jamila.

      TOEFL va IELTS ballari bo’yicha talablar turli o’qish joylari uchun turlicha bo’ladi. Sizga o’zingiz o’qishga topshirmoqchi bo’lgan joyning saytiga kirib bu haqdagi talablar bilan tanishib chiqishingizni tavsiya etaman.

  11. Azamat says:

    O’zimizda IELTS va TOEFL dasturlarini o’rgatuvchi o’quv markazlari qayerda bor?

  12. Zarnigor says:

    Salom. Men Buxoroda ingliz adabiyotshunosligi boyicha magistraturani tugatdim. Endi AQSH ga aspiranturaga topshirsam bo’ladimi. Oldindan rahmat.

    • Behzod says:

      Zarnigor, albatta bo’ladi. Maqolalarimizda aytganimizdek, internet orqali o’z yo’nalishingizdagi o’quv dasturlarini qidiring. Odatda, aspirantura uchun grant toish osonroq bo’ladi. Maxsus savollaringiz bo’lsa, yordam berishga harakat qilamiz.

  13. Dilmurod says:

    Salom
    Man hozir TTYeSI 3-bosqich talabasiman texnika yo’nalishida o’qiyman, AQSHda iqtisod yo’nalishiga topshirsam bo’ladimi

  14. ahadjon says:

    salom man kollej bitiruvchisiman shu istitutni chet elda oqisam diyman yol korsatsez oldindan kaaaaatta raxmat

  15. Humoyun says:

    Assalomu-aleykum Behzod aka! Man hamma maqolalar bilan tanishib chiqdim! Man UKni LSC degan, Malaysida joylashgan branch ida (bachelor degree) oqiyman, yarim yil demay bitiraman, diplomni University of Cardiff beradi. Ota-onam AQSH da yashashadi. (They are citizens of US) Magistraturani Americada oqimoqchiman, scholarship qidirvomman, Inglis tilini mukammal bilaman, lekin voxtimni GRE yoki GMAT ni preparation iga ketqazgim kemayabdi, eshitishimcha Americada bir xil universitetla without GRE and GMAT siz accept qilisharkan!
    Shu gap rostmi? Agar iloji bo’sa manga e-mail ingizni bersangiz, siz bilan bo’glanmoqchi edim, ko’p savollarim bor edi! Javobingiz uchun oldindan rahmat!

    • Behzod says:

      Salom, Humoyun.

      AQShda magistratura sohasi bo’yicha deyarli barcha universitetlar yo’nalishga qarab GRE yoki GMAT so’rashadi. Siz bu testlarning qiyinligidan xavotir olmasdan, ularni topshirishga harakat qiling. Odatda, universitetlar xorijlik talabalarni GRE balli kamroq bo’lsa ham qabul qilishadi.
      GRE/GMAT qabul qilmaydigan universitetlar haqida xabarim yo’q, balki bordir. Agar ular bu testlarni so’ramasa, demak, ular u qadar reytingi baland o’qishlar emas. Yaxshiroq universitetda o’qishingizni maslahat beraman.

      Behzod.

  16. Ogabek says:

    Assalomu Aleykum Behzod aka.Men kollejning 2-kurs talabasiman kompyuter sohasiga qattiq qiziqaman qaysi universitetga topshirishni maslahat berasiz keyin Amerikada o’qishni bolaligimdan beri orzu qilaman buni iloji bormi?Ingliz tilini endigina o’rganishni boshladim nima deb o’ylaysiz kech qolmadimmikan.Agar javob bersangiz hursand bo’lardim

  17. shaxzod says:

    Salom behzod aka men hozir kollejda o`qiyman, ingliz tilini yaxshi bilaman. Hozirda men o`z tibbiyot soham bo`yicha xorijda o`qimoqchiman buning uchuun qanday hujjat va oldindan qanday tayyorgarlik ko`rishim zarur. iltimos bu haqida ma`lumot bilsangaiz, aytib yuboring, sizdan juda minaddor bo`lardim. JAVOBI UCHUN OLDINDAN RAHMAT.

  18. Jasur says:

    Salom Behzod aka. Men Filologiya sohasini ingliztili yo’nalishini bitirganman 2013-yilda. hoz staj uchun experience uchun maktabda ishlab turibman. yo’nalishim til bo’yicha bo’sayam Xalqaro munosabatlar Siyosiy sohalarga, komputer sohalariga juda qiziqaman. AQSHda mani yo’nalishim bo’yicha Political science, inter. relations, yoki MBA, Computer science gachi?

  19. Jasur says:

    shu sohalarga topshirsam bo’ladimi? demoqchiydim
    Thanks

  20. Jasur says:

    topshirsam bo’ladimi demoqchiydim?
    Thanks.

    • Behzod says:

      Jasur,

      Siz sanab chiqqan sohalarga topshirsangiz bo’ladi. Kompyuter sohasi sizdan shu sohada bakalavr darajasiga ega bo’lishingizni talab qilishi mumkin, ammo Siyosatshunoslik, Biznes boshqaruvi kabi yo’nalishlarga, albatta, topshirishingiz mumkin.

      • Jasur says:

        Tushundim. Behzod aka erinmay meni savolimga javob yozganiz uchun katta raxmat. yana bir ikki narsalarni so’rasam, bitta iltimosim ham bor, javob bersaiz mamnun bo’lardim. 1) Akredidatsiyadan o’tgan universitetlar bo’larkan. biz UZBga qaytib davlat ishida ishlamoqchi bo’sak anashunaqa akredidatsiyadan o’tgan davlat tasarufidagi universitetlarda o’qishimiz kk ekan. Univer.larni akredidatsiyadan o’tgan yoki o’tmaganini Univer.t saytidan bilsa bo’ladimi? 2)Fellowship bilan Scholarshipni farqi nima? 3) Men hozirda maktabda ingliz tili o’qituvchisiman. CV to’ldirayotganda work experience yozishim kk. agar MBA ga yoki Political science ga topshirsam (master), o’qituvchi ekanligim host universitylar uchun past nazar bilan qaralmaydimi yani ular nimaga filolog bo’pturib siyosiy sohani ( yoki MBA) tanladi ekan deb o’ylashmasmikan. Motivation letterga yordam (idea) kk. shunga pochtaizni bersaiz batafsil gaplashardik. pochtamga drujba tashab qo’ying, please! Thanks a lot. 🙂

        • Behzod says:

          Jasur,

          Savollaringizga qisqa javob bersam:

          1. O’z davlatida tan olingan, ya’ni akkreditatsiyadan o’tgan universitetlar, odatda, O’zbekistonda ham tan olinadi. Faqat O’zbekistonda o’sha diplomni nostrifikatsiyadan o’tkazish kerak bo’ladi. Buning tartibi haqida quyidagi manzilda o’qishingiz mumkin: http://www.tashabbus.uz/xorijda-olingan-diplom-qanday-nostrifikatsiya-qilinadi/

          2. Fellowship, odatda, tadqiqotchilarga beriladi. Scholarship talabalarga. Ma’nosida jiddiy farq yo’q, ikkalasida ham moliyaviy yordam beriladi, odatda.

          3. Albatta, motivation letter yozganda nega sohangizni yoki yo’nalishingizni o’zgartirmoqchi ekaningizni tushuntirib berganingiz yaxshi. Lekin MBAga aynan moliya yoki iqtisod sohasida o’qigan yoki ishlaganlar topshira oladi, xolos, degan qoida yo’q. Istalgan sohada turib topshirish mumkin.

  21. Jasurbek says:

    salom, man IELTS dan 6.5 ball oldim. Hozirda litseyni 2 kurs talabasiman. Litseyni tamomlagach amerikaga o’qishimni davom ettirishni xoxlayman. Lekin ilojini topa olmayapman iltimos menga yordam bering. Oldindan rahmat sizga

  22. soba says:

    Salom, 9- sinfdan keyin aqshda o’qisa bo’ladimi va qayerda ? Oldindan raxmat.

  23. Laziz says:

    Salom Behzod aka. men Amerika yoki Yevropada tibbiyot yo’nalishida o’qimoqchiman. iltimos qaysi institut yoki universitetlarga bakalavriyatiga grantlar bor yoki faqat magistraturani o’qisa bo’ladimi???

  24. Habibullo says:

    Assalomualeykum. Sizga savolim bor edi. Meni bo’lajak turmush o’rtog’im shu yili Toshkent Meditsina Institutiga kirdi birinchi kurs. Men Amerikaga green kart orqali bir o’zim kelganman. Hozirda New York shahridaman. Va sizdan so’ramoqchi bo’lganim Meditsina Institutini tugatmasdan turib O’qishni Amerikaga New Yorkdagi collejga yoki Institutga perevod qilishni yo’llari bormi va uning uchun men nimalar qilishim kerak? Shular haqida aytib o’tsangiz. Javobingizni kutaman. Javobingiz uchun oldindan Rahmat.

  25. sodiq says:

    salom.
    men xozirda baklavrada uqiman. baklavirlik uqishimi usha yerda davom ettirishimi iloji bormi. javob uchun oldindan rahmat

  26. Muhammadsaid says:

    salom Behzod man institutni bitirganman istagim AQSH da o’qib ISHLASH wu sababli menga qanday yordam bera olasiz? ingliz tilini zo’r bo’masaham hotirjam gaplawa olaman. oldindan rahmat

    • Behzod says:

      Salom, Muhammadsaid.

      Maqolalar bilan tanishib chiqdingizmi? Shu umumiy savolning javobi bor maqolalarda. Yana savollaringiz bo’lsa, bizga jo’nating.

  27. shohruh says:

    ketganlar ruyxatini. Qaydan bilsam buladi iltimos yordam beringlar

  28. farrux says:

    Salom Behzod aka men QarMII da Muhandis-texnika fakulteti 2-kursda uqiyman. Savolim shuki uqishni bakalavr yunalishini AQSHga uz yunalishim buyicha perevod qildirsam buladimi???
    javob uchun oldindan raxmat

  29. Mirpo'lat says:

    Salom. Man siz bilan yuzma-yuz suhbatlashmoqchi edim. Ofisingiz qayerda manzilingiz, telefon nomeringizni aytib yuborsangiz. Oldindan rahmat!!!

  30. Jahongir says:

    Salom.
    Ma’lumotlaringizni o’qib AQSHda taxsil olish bilan bog’liq ko’p ma’lumotlarga ega bo’ldim. Hayrli ishni boshlabsiz. Dadangizga rahmat.

  31. Jahongir says:

    Salom.
    Men Fulbright student programga ayni paytda xujjat topshirish haqida o’layapman. Ingliz tili yo’nalishida bakalavrlik darajasiga egaman. Fulbrightni ta’lim soxalarini ko’rdim ammo Education sohasidan bozhqa o’zimga mos program topa olmadim. Maqsadim o’z yo’nalishim bo’yichA magistrlik darajasini aqshda o’qish. Educationni tanlab study objectda ingliz tili haqida yozsam bo’ladimi? Nima maslahat berasiz.? Javob uchun tashakkur.

    • Behzod says:

      Jahongir,

      Sizga Education yo’nalishi mos keladi. Shuni tanlab, ingliz tili o’qituvchisi bo’lish niyatingizga urg’u berishingiz mumkin.

  32. Salohiddin says:

    Salom! Men hozirda TATU Unversititeda IT yõnalishi bõyicha 2 bosqich talabasiman. AQSH da õqishni unchali holamimanu lekn IT yõnalishi yani õzimni sohamni õshayerda chuqur õrganishni chin dildan hohliman.(chunki u yerda IT yõnaliwi kuchli nazarimda).
    Men õqishni aynipaytda AQSHda davom ettirsam bõladim.. . . .yoki. . . .qaysi paytda borsam boladi. . . .jb un oldindan RAHMAT!!!

  33. fazliddin says:

    Salom yaxshimisiz men amerikaga oqish niyatim bor maslahat berasizmi

  34. Jamshid says:

    Salom,
    Men Geologiya va Konchilik ishi yo’nalishlari boýicha bakalavrni ham magistraturani ham o’qiganman. Lekin AQSHda fundamental informatika yonalishlari boýicha magistraturada o’qish niyatim bor.
    Savolim: mening o’qigan yo’nalishim keyingi yo’nalishni tanlashimga asos bo’la oladimi?

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.