Xorijda magistratura uchun o’qish topish yo’llari (Bir talaba tajribasidan)

Posted January 23rd, 2013 at 11:56 am (UTC-5)
Leave a comment

© Lawschoolplan.com

Oxirgi paytlar mendan tez-tez qanday qilib chet elda magistratura programmasini topganim va stipendiyaga oʻqiyotganim haqida soʻrashyapti. Boshida, bu narsa juda qiyin, amalga oshirib boʻlmaydigan narsadek tuyulishi mumkin.

Toʻgri, bu oson ish emas, sizdan ancha harakat, qunt va sabr talab qilinadi. Lekin bu dunyoda iloji yoʻq narsaning oʻzi yoʻq. Harakat bilan hamma narsaga erishish mumkin. Xohish boʻlsa, bas!

Insonga biron ishni boshlash uchun ilhom kerak boʻlar ekan. Mening bakalavr bosqichimni muvaffaqiyatli tamomlab, chet elda magistratura uchun o’qishga topshirishimga ikki doʻstim sababchi boʻlgan. Ularni koʻrib, menda ham chet elda oʻqish ishtiyoqi paydo boʻlgan. Endi esa mening ham qarzimni qaytarish vaqti keldi. Ushbu maqolada men oʻzim shu yo’lda bosib oʻtgan bosqichlarim haqida ma’lumot beraman. Buning sizga foydasi tegadi, deb umid qilaman.

1-bosqich:Harakatni kamida bir yil oldin boshlang

Harakatni oʻqishga kirish uchun moʻljallagan vaqtingizdan bir-ikki yil oldin boshlashingiz kerak. Avvalo, oʻzingizni qiziqtirgan o’quv dasturlarini internetdan qidirib topib, ularning roʻyxatini tuzishingiz lozim. Programmalarni qidirayotganda stipendiya olish imkoniyati bor yoki yoʻqligiga ahamiyat bering. Men institutni tamomlashimga bir yarim yil qolganda, bitta daftar olib, har bir sahifasini u yoki bu magistratura programmasi nomi bilan nomlaganman. Keyin oʻsha sahifada programmaga qabul qilinish uchun talablar, grant olish imkoniyatlari, qoʻshimcha maʼlumotlarni yozib borganman. Avvaliga turli davlatlarda boʻlgan 15 ga yaqin magistratura programmasi haqida maʼlumot toʻpladim. Maʼlumotlarni toʻplash juda muhim, chunki har bir programmaning talablariga sinchkovlik bilan eʼtibor berib, ularga javob berish kerak.

2-bosqich: Ingliz tili imtihoniga tayyorlanish

Bu bosqich ham oʻqishga kirishga moʻljallagan vaqtingizdan 1-2 yil yil oldin boshlanadi. Qancha erta boshlasangiz, shuncha yaxshi. Bu ingliz tili imtihoni uchun tayyorlanish. Chet elda magistratura dasturlari, asosan, ingliz tilida boʻladi. Tabiiyki, ingliz tilini yaxshi darajada bilishingiz zarur. Universitetlar ingliz tilini bilish darajasi yaxshiligiga ishonch hosil qilish uchun sizdan IELTS yoki TOEFL nomli ingliz tili boʻyicha test sertifikatlarini talan etishadi. Men oʻzim IELTS testini topshirganman. Bu testni Oʻzbekistondagi Britaniya kengashi (British Council)da topshirish mumkin. Test pulli boʻlib, narxini http://www.britishcouncil.org/uzbekistan-learning-exams-ielts-register.htm saytidan koʻrishingiz mumkin. Bu testni baholash shkalasi 0 dan 9 gacha boʻlib, 0 — test topshirishga umuman kelmagan odamlarga, 1 — ingliz tilini bilish darajasi juda sayoz boʻlganlarga, 9 esa ingliz tilini ona tilisiga yaqin darajada oʻzlashtirganlarga beriladi.

Magistratura programmalari odatda IELTSdan 6 yoki 7 ballni talab etadi. Mening umumiy IELTS ballim 7 boʻlgan. Stipendiya olishga imkoniyatlaringizni koʻpaytirish uchun iloji boricha yuqoriroq ball olishga harakat qiling. Ingliz tiliga tayyorlanish jarayonim esa quyidagicha kechgan:

Maxsus tayyorlov kurslariga bormadim. Oʻzim — uyda va ingliz tili kutubxonalarida mustaqil tayyorlandim. Ingliz tilini va umuman, barcha tillarni tez oʻrganishning siri — bu tilni oxirgi maqsad emas, balki boshqa narsalarni oʻrganishda vosita deb bilishdir.

Ingliz tilini kitobdan grammatikasini oʻrganib oʻtirsangiz, juda koʻp vaqtingiz ketadi. Ingliz tilida kitoblar oʻqisangiz, tarjimalar bilan shugʻullansangiz, soʻzlashuv klublariga borsangiz esa, tilni qanday tez va yaxshi oʻrganib olganingizni sezmay qolasiz. IELTS testini oʻqish boshlanishi moʻljallangan muddatdan 1 yil avval topshirish maqsadga muvofiqdir.

3-bosqich: Kerakli hujjatlarni yigʻish

Agar oʻqishni tugatgan boʻlsangiz, diplom va baholar sahifasini ingliz tiliga tarjima qilish kerak boʻladi. Odatda, universitetlar notariusda yoki dekanatda tasdiqlangan (yaʼni, ularning muhri qoʻyilgan) hujjatlarni talab qiladi. Agar 4-kursda oʻqiyotgan boʻlsangiz, unda reyting daftarchangizni ingliz tiliga tarjima qilib, dekanat yoki notariusda muhrlab olishingiz zarur. Dastlabki bosqichda universitetlarga hujjatlarning skanerda olingan nusxasini yuborish kifoya qiladi. Lekin baʼzi universitetlar asl nusxalarni pochta orqali yuborishingizni soʻrashlari mumkin. Shuning uchun, iloji boricha,  hujjatlarni bir necha nusxada tayyorlab qo’yishingiz kerak.

4-bosqich: Maqsadlaringiz haqida insho yozish

Hujjatlaringizga qo’shib “Essay” deya ataladigan insho ham yuborishingiz kerak. Bu juda muhim. Universitetlar nima uchun aynan sizni tanlashlari kerak? Ular sizning inshoingizni o’qiganda shu savolga javob qidirishadi. Bakalavr paytida olgan baholaringiz a’lo bo’lishi mumkin. Hujjatlaringiz, ingliz tili imtihoningiz talab darajasida. Boshqa nomzodlarda ham xuddi shunday bo’lishi mumin. Ular orasidan qaysi birini tanlash masalasini, odatda, mana shu “essay”lar hal qiladi. Bunday xat odatda bir yoki ikki sahifadan iborat boʻladi. Bunda siz oʻzingiz va qiziqishlaringiz, nima uchun aynan shu sohada va shu universitetda  o’qimoqchi ekaningiz haqida yozishingiz kerak.

Bunday xat uchun namunalarni internetdan ko’plab topishingiz mumkin. “Motivation letter” yoki “Statement of purpose” deb qidirsangiz, yuzlab misollar chiqadi. Lekin aslo xatlarni internetdan koʻchirmang, chunki tanlov jarayonida xatingizning plagiat yoki plagiat emasligini tekshirishlari mumkin. Bu xatni yozganingizdan soʻng, uni 2-3 doʻstingizga oʻqishga bering. Ular xatolaringizni tuzatib, qoʻshimcha tavsiyalarni berishlari mumkin.

5-bosqich: Rezyume (CV) yozish

Hujjatlarga qo’shib jo’natiladigan rezyumeda siz o’zingiz oʻqigan va ishlagan joylaringizni, qanday tillarni bilishingizni, olgan sertifikatlaringiz, mukofotlaringizni sanab oʻtasiz. Ilmiy maqolalaringiz chop etilgan bo’lsa, ularni ham yozishingiz kerak. Rezyumelarni qanday yozish haqida ma’lumotlarni va namunalarni internetdan topishingiz mumkin.

6-bosqich: Tavsiyanomalar

Universitetlar odatda 2 yoki 3 ta tavsiyanoma soʻraydi. Bu tavsiyanomalar sizni yaxshi tanigan oʻqituvchilar yoki ish joyingizdagi rahbarlaringiz tomonidan yozilishi lozim. Tavsiyanoma oxirida ushbu tavsiyanomani bergan inson bilan bogʻlanish maʼlumotlari — telefon va e-mail manzillari berilishi kerak. Tavsiyanomalarni ish joyingizdan emas, sizni universitetda o’qitgan o’qituvchilaringizdan olganingiz ma’qul.

7-bosqich: Hujjatlarni jo’natish

Nihoyat, universitetlarga hujjatlarni topshirish bosqichi keldi. Endilikda barcha hujjatlaringizni skan qilib, universitetlarning hujjatlar qabul qilish uchun e’lon qilgan e-mail manzillariga yuborasiz. Hozir ko’plab universitetlar qabul jarayonini internert orqali amalga oshirmoqda. Ya’ni, siz internetdagi universitetning qabulllar uchun ochilgan maxsus veb-sahifasiga kirib, u yerda “onlayn” anketa to’ldirasiz va hujjatlaringizni ilova qilib, barchasini internet orqali jo’natasiz. Hujjat topshirishning soʻnggi muddatini (deadline) o’tkazib yubormang. “Deadline” muddati tugagandan soʻng hujjatlar qabul qilinmaydi.

Doʻstlar, sizlarga omad tilagan holda maqolamni shu yerda tugataman. Shuni unutmangki, harakat qilsa, hamma narsaga erishsa boʻladi.

Hurmat bilan,

Qamarniso

Leave a Reply

Muallif haqida



Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida

Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.