“Fulbright” granti magistratura uchun arizalar qabulini boshladi

Posted February 5th, 2013 at 1:47 pm (UTC-5)
4 comments

Fulbrayt xorijiy talaba dasturi (Fulbright Foreign Student Program) ikki yilgacha bo’lgan magistrlik darajasi uchun 2014-2015-o’quv yiliga ishtirokchilardan arizalar qabul qilishni boshladi. Tanlovda muvaffaqiyatli ishtirok etib, AQSh universitetlaridan biriga qabul qilingan talabalar ikki yilgacha AQShda o’qish imkoniyatini qo’lga kiritadi. O’qish, yashash va safar bilan bog’liq barcha xarajatlar AQSh hukumatining Ta’lim va madaniyat ishlari  byurosi tomonidan ta’minlanadi.

Xabaringiz bo’lsa, AQShda magistratura o’qish uchun grant ajratuvchi “Muskie” dasturi moliyaviy yetishmovchiliklar bois o’tgan yili faoliyatini to’xtatdi. Shundan beri Fulbrayt dasturi AQSh hukumatining magistratura uchun xorijlik talabalar uchun ajratayotgan yagona granti bo’lib turibdi.

Xorijda, xususan, AQShda o’qish imkoniyatini qidirayotgan vatandoshlarimiz uchun ushbu dastur ayni muddao. Dastur talablariga javob beruvchi  barcha vatandoshlarimizni unda ishtirok etishga chaqiramiz.

Dastur haqida qisqacha ma’lumot:

Fulbrayt Xorijiy Talaba Dasturi gumanitar yo‘nalishlar, tabiiy fanlar, jumladan, muhandislik va ijtimoiy fanlar bo‘yicha o‘qish uchun ariza va hujjatlarni qabul qiladi. O’zbekistondagi AQSh elchixonasi veb saytining dastur haqidagi ma’lumotlar sahifasida Edmund Maski Bitiruvchilar Stipendiyasi dasturida  ko‘zda tutilgan akademik yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qishni istagan nomzodlar Fulbrayt Xorijiy Talaba Dasturiga ariza topshirishi mumkin. Bu yo’nalishlar quyidagilardan iborat:

  • Biznes Boshqaruvi;
  • Iqtisodiyot;
  • Huquqshunoslik;
  • Davlat Boshqaruvi;
  • Davlat Siyosati;
  • Maorif;
  • Atrof-muhitni asrashni boshqarish;
  • Xalqaro Munosabatlar;
  • Kutubxona va Axborotlar Fani;
  • Jurnalistika/Kommunikatsiya;
  • Sog‘liqni Saqlash.

Qatnashuvchilar ochiq raqobat sharoitida, bilim va tajribalari asosida tanlab olinadi. Tanlovda qatnashuvchilarning yetakchilik qobiliyati, a’lo baholarga o‘qishi, AQShdagi hayotga muvaffaqiyatli moslasha olish qobiliyati, amerikaliklar bilan muloqotga kirishish ishtiyoqi, Amerika Qo‘shma Shtatlari va O‘rta Osiyo mamlakatlari o‘rtasida o‘zaro anglashuvni olg‘a surish salohiyatiga katta e’tibor beriladi.

Dastur Talablari:

Nomzodlar O‘zbekiston fuqarolari yoki mamlakat tomonidan beriladigan haqiqiy pasport olish huquqiga ega doimiy istiqomat qiluvchi bo‘lishi lozim.
Nomzodlar grant muddati boshlanish paytida AQSH ta’lim darajasi bo‘yicha bakalavr unvoniga tenglashtirilgan ma’lumot sohibi bo‘lishlari lozim.
Qaysi universitetdan bo‘lishidan qat’i nazar, magistr ma’lumotiga ega bo‘lgan nomzodlar ushbu dasturda ishtirok eta olmaydi.

Nomzodlar AQShdagi o‘qishlarini muvaffaqiyatli yakunlashlari uchun ingliz tilini yetarli darajada o‘zlashtirgan bo‘lishlari zarur. Ularning qog‘oz-asosidagi TOEFL baholari kamida 550 ga yoki uning kompyuter  yoki internet asosidagi ekvivalentiga teng bo‘lishi kerak.

Dastur haqidagi ma’lumotnomada AQShda bo’lmagan ishtirokchilarning yutish imkoniyatlari ko’proq ekani aytilgan. Hozirgi kunda AQShda bo‘lgan nomzodlar ishtirok eta olmaydi. Tanlov jarayonida nomzodning moliyaviy ehtiyojlari yoki holatiga e’tibor berilmaydi.

Muhim eslatma:

J-viza talablariga binoan hamda o‘zaro anglashuvni olg‘a surish maqsadida barcha grant oluvchilar dastur tugashi bilan o‘z mamlakatlariga qaytib, unda kamida ikki yil yashashlari lozim.

Dastur tomonidan ta’minlanadigan grant miqdori:

Barcha grant sohiblari o‘qish to‘lovi, 24 oygacha bo‘lgan oylik stipendiyalar, kasallik va baxtsiz hodisalarga qarshi sug‘urta xarajatlari, kitob va jihozlar uchun ajratiladigan mablag‘lar, safar xarajatlari uchun moddiy yordam hamda Fulbrayt tomonidan uyushtiriladigan tadbirlarda ishtirok etish imkoniyatlari bilan ta’minlanadi.

Ariza topshirish sanasi:

2014-2015-o’quv yili uchun arizalar 2013-yil 20-iyungacha qabul qilinadi.

Hujjatlarni topshirish tartibi:

Hujjat va arizalarni  topshirish yo’l-yo’riqlari haqida batafsil ma’lumot (ingliz tilida): Application Instructions (PDF-163kB)

Hujjatlarni internet orqali to’gridan to’g’ri topshirishingiz mumkin. Buning uchun “Fulbright” dasturi rsamiy veb-sahifasida ro’yxatdan o’tishingiz va elektron anketani to’ldirishingiz kerak.

Fulbright Foreign Student Program Online Application

Qo’shimcha savollaringiz bo’lsa, Toshkentdagi AQSH elchixonasiga murojaat etishingiz mumkin. Murojaat uchun manzil:

U.S. Embassy Tashkent
3 Moyqorgon Street,
Yunusabad 5th District, Tashkent
(998 71) 120-5450

Savollarni elektron pochta orqali quyidagi e-mail manziliga ham yuborishingiz mumkin:  Tashkent-program@state.gov

Maktub nomi yoziladigan joyga “Fulbright Foreign Student Program” deb yozishni unutmang.

Shoshiling va ushbu imkoniyatni qo’ldan boy bermang!

4 responses to ““Fulbright” granti magistratura uchun arizalar qabulini boshladi”

  1. Alex says:

    Hurmatli Behzod Muhammadiy,

    Sizdan iltimos, qaysi universitetlardan grant topsa bo’ladi. Kutubxona va Axborotlar Fani, yoki Tishununoslik, yoki Social Media Studies, Hospitality Mangement bo’yicha grant Bakalavr dasturi uchun.IELTS overall 5, lekin Speaking 5,5 yaqinda topshirdim.

    Sizdan iltimos, va sizning maslahatraingizni, kutub qolaman.

    Hurmat bilan,

    Alex

    • Behzod says:

      Alex,
      Bakalavr darajasi uchun grant topish ancha mushkul. Hatto amerikaliklarning o’zi ham bu masalada qiynaladi. Ko’pi qarzga kredit olib o’qiydi. O’qish joylari beradigan grantlar, asosan, magistrlik darajalari yoki undan yuqori darajalar uchun bo’ladi.
      Lekin Amerikada ayrim bepul o’quv yurtlari ham bor. Lekin ularda ham yotoq va yashash xarajatlarini talabalarning o’zi qoplashi kerak yoki ularning ayrimlari faqat AQShlik yoki o’quv yurti yurti joylashgan shtat aholisi uchun. Shunday bo’lsa ham, ularni o’rganib chiqishingizni tavsiya etaman. Ularning ro’yxatini blogimizda e’lon qildik:

      O’qish bepul bo’lgan kollejlar

  2. sarvinoz says:

    Assalomu alekum Begzod aka.sizga beradgan sovollarm juda ko’p.masalan man xorijiy ilmiy kanferenssyalada qatnashishnu hohlayman.bunibg u.n nima qilishim jerak? Javobingiz u.n oldindan raxmat. Xurmat bilan SARVINOZ.

    • Behzod says:

      Salom, Sarvinoz.

      Aynan qanday soha yoki yo’nalishda ilmiy konferensiyaga qatnashmoqchisiz? Shu haqda ma’lumot besangiz, sizga mos konferensiyalar chiqib qolsa, xabar beramiz.

      Ammo shuni unutmangki, ko’plab ilmiy konferensiyalarda qatnashish xarajatlari odatda ishtirokchilarning o’zlari tomonidan qoplanadi.

Leave a Reply to Behzod Cancel reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.