“EducationUSA” maslahat markazini bilasizmi?

Posted August 29th, 2013 at 10:16 am (UTC-5)
1 comment

EducationUSAQo‘shma Shtatlarda ta’lim olish haqida maslahat va ma’lumot beruvchi manbalar ko’p. Interneta bu haqda ko’plab ma’lumotlar topishingiz mumkin. Ayni shu maqsadga xizmat qiladigan foydali resurslar bilan to’la ta’lim markazini O’zbekistondan ham topishingiz mumkin.

Toshkentdagi AQSh elchixonasining “EducationUSA” maslahat markazi AQSh kollej va universitetlarida o‘qish uchun hujjat topshirish bilan bog‘liq aniq, keng qamrovli va kundalik ma’lumotlarni taklif etish bilan sizga yordam beradi. Ushbu markazdagi mavjud xizmatlar va ulardan foydalanish tartibi haqida quyida qisqacha ma’lumot beramiz.

Taqdimotlar/Guruh seanslari

Haftaning har payshanba kuni “EducationUSA” maslahat markazi guruhlarga BEPUL maslahat seanslarini tashkil etadi. Ushbu haftalik taqdimotlar va ulardan so‘ng o‘tkaziladigan savol-javob seanslari AQShda ta’lim olishning turli jihatlarini qamrab oladi va odatda ingliz tilida o‘tkaziladi. Seanslar talabalarga ariza berish jarayonini tushunib olish, universitetlar vakillari bilan uchrashish, standartlashtirilgan testlarga yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rish, O‘zbekistondan borib Amerika universitetlarida o‘qib kelgan kishilar tajribasini o‘rganish kabi masalalarda yordam beradi. “EducationUSA”ning oylik kalendari va kelgusi payshanba kungi taqdimot eslatmalarini elektron pochtangizga olish uchun mana bu yerni bosing va formani to‘ldiring.

Individual maslahat olish

AQShda ta’lim bo‘yicha o‘zingizni qiziqtirgan shaxsiy savollaringizni muhokama qilish uchun markazning ta’lim masalalari bo‘yicha maslahatchisi bilan shaxsiy uchrashuv belgilashingiz mumkin. Shaxsiy maslahat olish uchun dushanbadan jumagacha soat 10.00 dan 17.00 gacha uchrashuv belgilash kerak bo‘ladi. Talabalar maslahatchi bilan uchrashishdan oldin “AQShda o‘qish sari besh qadam” deb nomlangan guruh seanslarida ishtirok etishi shartligini esdan chiqarmang. (Toshkent shahriga qisqa muddatga viloyatlardan kelgan talabalarga istisno tariqasida seanslarda qatnashmasa ham ruxsat beriladi.) Uchrashuv belgilash uchun EducationUSA maslahat markaziga qo‘ng‘iroq qiling yoki elektron pochta xabari yuboring (Manzil va aloqa qilish yo’llari maqolaning oxirida).

AQShda o‘qish sari besh qadam

“EducationUSA”  Amerika Qo‘shma Shtatlarida ta’lim olmoqchi bo‘lgan chet ellik talabaning maqsadiga erishish yo‘lini osonlashtirish uchun “AQShda o‘qish sari 5 qadam” dasturini taqdim etadi. Ushbu besh qadam quyidagilardan iborat:

1. Ta’lim variantlaringizni o‘rganib chiqing;
2. O‘qishga topshirish uchun arizalarni to‘ldiring;
3. Ta’lim olishni moliyalashtiring;
4. Talaba vizasi olish uchun ariza bering;
5. Jo‘nab ketish uchun tayyorgarlik ko‘ring.

Toshkent shahridagi “EducationUSA” maslahat markazi “AQShda o‘qish sari besh qadam” seanslarini doimiy tarzda tashkil etadi. Yo‘nalish beruvchi seans (talabga qarab) oyiga yoki ikki oyda bir marta hali ingliz tilida bemalol gaplasha olmaydigan kishilar uchun o‘zbek yoki rus tillarida o‘tkaziladi. Markazning oylik ish jadvalini kuzatib boring. Biror seans bo‘lishini ko‘rishingiz bilan unda qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘ting.

“EducationUSA”ning haftalik yangiliklari

“EducationUSA” maslahat markazi universitet grantlari va tadbirlariga oid yangiliklarni haftasiga bir marta elektron pochta orqali yuborib turadi. Agar “EducationUSA”ning elektron pochta manzillari ro‘yxatiga qo’shilmoqchi bo‘lsangiz, mavzu yoziladigan qatorga “MENI RO‘YXATGA OLING” degan yozuv bilan Tashkent-Advising@state.gov elektron pochta manziliga xabar yuboring yoki mana bu yerni bosib, formani to‘ldiring.

O’zbekistondagi talabalarni ushbu markazdagi manbalardan va mavjud maslahatlardan unumli foydalanishga chaqiramiz. Qo’shimcha savollaringiz bo’lsa, ularni Tashkent-Advising@state.gov elektron pochtasiga yo’llashingiz mumkin.

Manzil:  “EducationUSA” masalahat markazi
Amerika Qo‘shma Shtatlari elchixonasi
Moyqo‘rg‘on ko‘chasi,  5-kvartal,  Yunusobod tumani,  100093 Toshkent

Telefon:  (+998 71) 140-2447
Elektron pochta manzili:  Tashkent-Advising@state.gov

Qabul soatlari:  Dushanbadan jumagacha 10: 00-17: 00

One response to ““EducationUSA” maslahat markazini bilasizmi?”

  1. Malika says:

    Meni royxatga oling

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.