Vatan Manzaralari

2015-yilgi prezident saylovlari: Xavotir, tahlil va umidlar…

I.Karimov

Tabiiyki, ko’pchilikni qiziqtirgan so’nggi o’zgarish O’zbekistonda prezident saylovlarining kechiktirilishi bo’ldi. Senatning 8-yalpi majlisida ma’qullangan bu qonun shu kuniyoq xorij axborot vositalarida tarqalgan bo’lsada, rasmiy agentlik O’zA bu haqda shanba kuni e’lon qildi.

Lekin e’tiborga molik tomoni shuki, ushbu qonun tafsilotlari noaniq, jumladan asosiy o’zgarish – prezident saylovlari 2014-yildan 2015-yilga ko’chirilgani ham. Bu xabardan so’ng prezidentlik saylovi ko’chirilishi haqida rasmiy manbalardan ham avvalroq axborot bergan saytlar o’z xabarlarini qayta tahrir qilishgani g’alati ko’rinadi.

O’zbekiston Axborot Agentligi ma’lumotida mazkur qonunga bo’lgan ehtiyoj shunday izohlanadi:

“Konstitutsiyaviy Qonunning qabul qilinishi saylovlarni tayyorlash va o‘tkazish jarayonida davlat hokimiyati tizimining mustahkamligi, barqarorligi kafolatlarini ta’minlash va kuchaytirishga, mamlakatda demokratik islohotlarni chuqurlashtirishga, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga yordam berishi ta’kidlandi”.

Nazarimda, bu izoh saylov jarayonlariga yaqinlashayotgan hukumatda qandaydir xavotirlar kechayotganidan darak bergandek. Har holda davlat hokimiyati tizimining mustahkamligi, barqarorligini ta’minlash uchun prezident saylovlari orqaga surilayotgani nazarga olinsa, o’z-o’zidan xavotir nimadan degan savol tug’iladi.

Ehtimol, rostdan ham xavotirga o’rin bordir, bu ko’proq qonun loyihasini kiritgan va uni ma’qullagan rasmiylarga ayon.

Biroq bu qonun mohiyatan nimalarni ko’zlayotgani bilan ko’pchilik tahlilchilar uchun mavhumligicha qolmoqda. “Amerika Ovozi” radiosiga bu haqda material tayyorlar ekanman, vatandagi siyosiy jarayonlarni kuzatib borayotgan uch tahlilchi – Farxod Tolipov, Tolib Yoqubov va Kamoliddin Rabbimovlar bilan gaplashdim.

Qonun tahlilining murakkabligi uni qabul qilish uchun ko’rsatilgan asoslarning ishonchsizligi bilan bog’liq edi. Farxod Tolipov ta’kidlaganidek, aynan shu sabablar bois qonun turlicha sharhlar va talqinlarga asos yaratadi. Talqinlar esa turlicha.
Ular nazarida “2015-yildagi saylovlarda Islom Karimov ishtirok etmasligi ehtimol”. Bu talqin haqiqatga yaqin ko’rilsa, siyosiy doiralarda hokimiyat uchun kurash keskinlashishini kutish mumkin. Ehtimol, qonun shu keskinliklar arafasidagi xavotirlar bois yuzaga chiqqandir.

E’tibor bersak, so’nggi yillarda demokratik islohotlarni maqsad qilgan ko’plab qonunlar qabul qilindi, prezident vakolatlari qisqarishi, bosh vazir maqomi, partiyalar uchun imkoniyatlar kengaytirilishi kabi. Ularning mavjud qonunchilik bilan ziddiyatga boruvchi tomonlari yo’q. Odatda ziddiyatga boruvchi qonunlar favqulodda o’zgarishlar inobatga olingandagina qabul qilinadi.

Masalan, 2007-yilgi saylovda Islom Karimov nomzodining ko’rsatilishi konstitutsiyaga zid edi. Prezident saylovlari haqidagi yangi qonun shunisi bilan, ya’ni prezidentlik vakolati qonunchilikda belgilangan 7 yillik muddatdan o’tib ketishi bilan ziddiyatlidir. Oradagi bu bo’shliq, prezident vakolati tugaganidan keyingi uch oylik vaqt qanday to’ldiriladi? Bu haqda ham biror izoh yo’q. Shunga qaramasdan, qonunning ma’qullanishi rostdan qandaydir favqulodda o’zgarishlar kutilayotganidan darak bergandek.

Kamoliddin Rabbimovning ishonishicha, Islom Karimov allaqachon o’z o’rindoshini tanlab bo’lgan, yangi qonun vorisni rahbarlikka keltirish uchun qo’yilgan dastlabki jiddiy qadam. O’rindoshning kimligi esa 2014-yilda kutilayotgan parlament saylovlariga borib aniqlanishi mumkin. Bungacha faqat taxminlar bilan cheklanishga to’g’ri keladi.

Tolib Yoqubov ham shunday qarashlar haqiqatga yaqin deb hisoblaydi – 2015-yilga borib 80 yoshga yaqinlashgan Islom Karimov davlat rahbari lavozimiga yana da’vogarlik qilishi qiyin. Xohishdan qat’iy nazar, tabiat qonuniyatlari bilan ham hisoblashish kerak. Albatta, yosh masalasi bir qadar bahsli tushuncha, ammo tajribadan ko’rayapmizki, 80 ga yaqinlashgan siyosiy yetakchilar ham topiladi.

Islom Karimov shaxsiyati bilan tanish odamlar uning voris haqida jiddiy o’ylanayotganiga shubha qilishadi. Bu shubhalar bilan hisoblashilsa, u 2015-yilda 5 yillik muddatga nomzod sifatida chiqishi mumkin. Shunday bo’lgan taqdirda, Islom Karimov tashabbusidagi demokratik konsepsiyaga muvofiq, o’zgartirilgan yangi qonunchilik asosida 5 yillik muddat uchun yana Karimov nomzodini ko’rsatish nazarda tutilayotgandir.

Ammo prezidentlik saylovini parlament shakllanib bo’lganidan keyingi davrga ko’chirishdan nima maqsad? Yangi parlament prezident uchun qo’shimcha vakolatlar bermoqchimi yoki prezidentlik maqomiga o’zgartirish kiritib, vakolatlarni olmoqchimi? O’zbekistonda parlament boshqaruviga o’tish haqidagi gap-so’zlar haqiqatdan ham jiddiymi? Shakliy o’zgarishlar mohiyatda yangilik bo’lishini bildiradimi? Hozircha bu savollar ochiq qolmoqda.

Yana bir diqqatli tomoni – men suhbatlashgan tahlilchilardagi ichki ohang. Bu ohang qonun ortidan favqulodda o’zgarishlarga ishonch kuchliligini ifoda etgandek. So’nggi 10 yil davomida turli demokratik islohotlar haqida bildirilgan fikrlardagi umidsiz ohanglardan farqli o’laroq, vatanda mohiyati mavhum qolayotgan shakliy o’zgarishlar muqarrar ekanini belgilovchi bir ohangga o’xshaydi.

26-mart, 2012, Berlin

Navro’z muborak, yurtdoshlar!

Vashingtonda bahor. Foto AP

Dunyoga bahor ifori to’ldi. Sovuq kunlar ortda qolib, bahor tengkunligi – Navro’z keldi.  U nafaqat ko’chalarga, balki qalblarga ham iliqlik kirdi.

Navro’z – yangi kun, yangilanish davri. Ushbu yangi kunda siz azizlarni, barcha yurtdoshlarimizni yangi minbardan turib Navro’z bayrami bilan qutlashga jazm etdik.

Vatan manzaralari – “Amerika Ovozi” axborot xizmatining yangi blogi. Bu yerda siz vatanga, vatandoshlarga, vatan manzaralariga oid sharhlar bilan tanishasiz. 

Umid qilamizki, axborot asrida hanuz axborotga chanqoq yashayotgan o’quvchilarimiz uchun bu yangi minbar o’ziga xos ma’lumot manbai sifatida xizmat qiladi.

Saytimizning nafaqat oddiy o’quvchisi, balki faol ishtirokchisi bo’ling. Buning uchun o’z fikr-munosabatlaringizni bildiring va o’qiganlaringizni “Facebook”, “Twitter” kabi ijtimoiy tarmoqlar orqali do’stlaringiz bilan baham ko’ring.

Yangi kuningiz, Navro’zingiz muborak bo’lsin, aziz yurtdoshlar!

Sanjar Umarov: “O’zbekistonda ijtimoiy portlash xavfi yuqori”

2006-yilda iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib 14 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Sanjar Umarov Vashington va Toshkent o`rtasidagi muzokaralar natijasida 2009-yilda ozod etilgan edi.

Ozodlikka chiqqach AQShga ketgan Umarov ancha vaqt jamoatchilik e`tiboridan uzoqda bo`ldi, siyosiy faoliyatdan chetladi. Yaqinda Berlinda O`zbekistondagi vaziyat muhokama qilingan xalqaro konferensiyada ishtirok etgan muxolifatchi O`zbekistonda ijtimoiy portlash yaqinligini bashorat qiladi. Umarov bilan suhbatimiz O`zbekistonda ijtimoiy portlashga yetaklayovchi sabablar haqidagi savol bilan boshlandi.

Umarov

S.Umarov va Biritanyaning sobiq elchisi G.Murrey

– O`zbekistondagi bugungi vaziyat albatta Andijon voqealarilaridan va oxirgi hodisalar bir yil avval arab davlatlarida yuz bergan inqiloblar, yaqinda Rossiyada kuzatilgan namoyishlar, shuningdek, Qozog`istonda kechgan voqealardan kelib chiqayapti. Xabaringiz bor, O`zbekiston bu hodisalardan keyin “ga”ykalarni yanada qattiqroq buradi.

Ikkinchidan, hukumatda asosan faqat o`z cho`ntagini o`ylaydigan odamlar o`tirishibdi. Masalan, Karimovdan, uning katta qizidan boshlab hammasi shunaqa. Xullas, O`zbekiston rostdan ham kleptokratik davlat, ya’ni butun respublikani bitta oila nazorat qiladi. Albatta, bu oila ichiga ko`pchilik kiradi, lekin bu oilani boshqarayotgan odam prezidentning katta qizi, hamma yoqqa burnini tiqadi, xohlagan odamdan biznesini tortib oladi, sud qiladi, xullas, hamma joyda uning tegishli odamlari bor .

– O`zbekistondagi ijtimoiy portlash ehtimolini bir qator davlatlarda kechgan inqiloblar, norozilik namoyishlari misolida izohladingiz. Bu ehtimol yaqin orada yuz berishini taxmin qilayapsizmi, umuman bu narsani qanday tasavvur qilayapsiz?

(more…)

Artur Grigoryan: “O’zbekistonda professional boks maktabi ochmoqchiman”

Professional boks bo`yicha O`zbekistondan chiqqan birinchi jahon chempioni, “Mehnat shuhrati” ordeni sovrindori Artur Grigoryan O`zbekistonda professional boksni rivojlantirmoqchi, faqat sarmoya va imkoniyat berilgan taqdirda.

Artur GrigaryanArtur Grigoryan bilan o`zbekistonlik yana bir sobiq jahon chempioni Ruslan Chagayev mashg`ulot o`tkazayotgan klubda tasodifan uchrashdim. Keyin bilishimcha, Grigoryan ham shu kompaniyada ishlayapti, Chagayevning jamoasida ikkinchi trener vazifasini ham bajaradi.

Artur Grigoryan O`zbekistonda professional boks maktabi ochishga hozirlik ko`rayotgani haqidagi ma`lumotni avval qayerdadir o`qigan edim.  Tabiiyki, Arturdan shu haqda so`radim.

Grigoryan bu qarorini hukumatdagilar bilan maslahat qilganmi yo`qmi, bunisini aniq bilmayman, har holda o`zining aytishiga qaraganda, bunday emas.

Biroq chempion O`zbekiston hukumatidagilarni juda yaxshi tanishini, Islom Karimov tomonidan iliq qabul qilinganini maroq bilan eslaydi. Hatto Islom Karimovga jahan chempionligini qo`lga kiritgan charm qo`lqopini  sovg`a qilgani, prezident bilan o`tgan qisqa suhbatini ham.

Artur Grigoryan: Islom Abdug`aniyevich menga birinchi orden -“Mehnat shuhrati”ni topshirganda, barcha taqdirlangan ishtirokchilar o`tirishgandan keyin, o`zini minnatdorchiligini aytmoqchi bo`lgan kishilarga so`z berishdi. Men chiqdim, oltin chopondaman,  qo`llarim orqamda. Men aytdim, Islom Abdug`niyevich, sizga katta rahmat, hamma xursand, nafaqat mukofot uchun, balki siz bilan ko`rishgani, shaxsan sizdan turli mukofot olishgani uchun ham. Katta rahmat sizga. Men juda uzoq o`yladim, sizga nima sovg`a qilish haqida. Qo`llarimda orqada ushlab turgandim, shu payt charmqo`lqopni chiqardim. (Grigoryan qo`llarini orqaga berkitib, voqea qanday bo`lganini ko`rsatishga urinadi). Men aytdim, Islom Abdug`niyevich, mana bu  qo`lqop, meni to`gri tushuning, siz otamizsiz, prezidentimiz, lekin bu q`olqoplarda men brinchi marta jahon chempionligini qo`lga kiritganman. Shuning uchun ham, uni chin ko`ngildan sizga sovg`a qilayapman. Agar kimdir yo`lingizda tursa shu qo`lqoplarni kiying,  g`ov bo`lganalarni yo`lingizdan uloqtirishga  juda zo`r yordam beradi dedim. Shu payt taqdirlash marosimiga yig`ilganlar olqishlashni boshlab yuborishdi. Hamma olqishlayapti, Islom Abdug`niyevich bir  qaradi-da ,(Artur menga shipshiydi – bu o`zi maxfiy sir, lekin ancha vaqt o`tgani uchun bu haqda gapirish  mumkin) menga, keyin bularni qanday kiyishni ko`rsatasanmi, deb hazillashdi. Men esa Islom Abdug`niyevich, menga sizni boks bilan shu`gullanganingizni aytishgandi dedim. U ha, ha, dedi. Demak, rostdan ham to`g`ri ekan deb o`yladim.

(more…)