2015-yilgi prezident saylovlari: Xavotir, tahlil va umidlar…

Posted March 26th, 2012 at 6:49 pm (UTC+0)
Leave a comment

I.Karimov

Tabiiyki, ko’pchilikni qiziqtirgan so’nggi o’zgarish O’zbekistonda prezident saylovlarining kechiktirilishi bo’ldi. Senatning 8-yalpi majlisida ma’qullangan bu qonun shu kuniyoq xorij axborot vositalarida tarqalgan bo’lsada, rasmiy agentlik O’zA bu haqda shanba kuni e’lon qildi.

Lekin e’tiborga molik tomoni shuki, ushbu qonun tafsilotlari noaniq, jumladan asosiy o’zgarish – prezident saylovlari 2014-yildan 2015-yilga ko’chirilgani ham. Bu xabardan so’ng prezidentlik saylovi ko’chirilishi haqida rasmiy manbalardan ham avvalroq axborot bergan saytlar o’z xabarlarini qayta tahrir qilishgani g’alati ko’rinadi.

O’zbekiston Axborot Agentligi ma’lumotida mazkur qonunga bo’lgan ehtiyoj shunday izohlanadi:

“Konstitutsiyaviy Qonunning qabul qilinishi saylovlarni tayyorlash va o‘tkazish jarayonida davlat hokimiyati tizimining mustahkamligi, barqarorligi kafolatlarini ta’minlash va kuchaytirishga, mamlakatda demokratik islohotlarni chuqurlashtirishga, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga yordam berishi ta’kidlandi”.

Nazarimda, bu izoh saylov jarayonlariga yaqinlashayotgan hukumatda qandaydir xavotirlar kechayotganidan darak bergandek. Har holda davlat hokimiyati tizimining mustahkamligi, barqarorligini ta’minlash uchun prezident saylovlari orqaga surilayotgani nazarga olinsa, o’z-o’zidan xavotir nimadan degan savol tug’iladi.

Ehtimol, rostdan ham xavotirga o’rin bordir, bu ko’proq qonun loyihasini kiritgan va uni ma’qullagan rasmiylarga ayon.

Biroq bu qonun mohiyatan nimalarni ko’zlayotgani bilan ko’pchilik tahlilchilar uchun mavhumligicha qolmoqda. “Amerika Ovozi” radiosiga bu haqda material tayyorlar ekanman, vatandagi siyosiy jarayonlarni kuzatib borayotgan uch tahlilchi – Farxod Tolipov, Tolib Yoqubov va Kamoliddin Rabbimovlar bilan gaplashdim.

Qonun tahlilining murakkabligi uni qabul qilish uchun ko’rsatilgan asoslarning ishonchsizligi bilan bog’liq edi. Farxod Tolipov ta’kidlaganidek, aynan shu sabablar bois qonun turlicha sharhlar va talqinlarga asos yaratadi. Talqinlar esa turlicha.
Ular nazarida “2015-yildagi saylovlarda Islom Karimov ishtirok etmasligi ehtimol”. Bu talqin haqiqatga yaqin ko’rilsa, siyosiy doiralarda hokimiyat uchun kurash keskinlashishini kutish mumkin. Ehtimol, qonun shu keskinliklar arafasidagi xavotirlar bois yuzaga chiqqandir.

E’tibor bersak, so’nggi yillarda demokratik islohotlarni maqsad qilgan ko’plab qonunlar qabul qilindi, prezident vakolatlari qisqarishi, bosh vazir maqomi, partiyalar uchun imkoniyatlar kengaytirilishi kabi. Ularning mavjud qonunchilik bilan ziddiyatga boruvchi tomonlari yo’q. Odatda ziddiyatga boruvchi qonunlar favqulodda o’zgarishlar inobatga olingandagina qabul qilinadi.

Masalan, 2007-yilgi saylovda Islom Karimov nomzodining ko’rsatilishi konstitutsiyaga zid edi. Prezident saylovlari haqidagi yangi qonun shunisi bilan, ya’ni prezidentlik vakolati qonunchilikda belgilangan 7 yillik muddatdan o’tib ketishi bilan ziddiyatlidir. Oradagi bu bo’shliq, prezident vakolati tugaganidan keyingi uch oylik vaqt qanday to’ldiriladi? Bu haqda ham biror izoh yo’q. Shunga qaramasdan, qonunning ma’qullanishi rostdan qandaydir favqulodda o’zgarishlar kutilayotganidan darak bergandek.

Kamoliddin Rabbimovning ishonishicha, Islom Karimov allaqachon o’z o’rindoshini tanlab bo’lgan, yangi qonun vorisni rahbarlikka keltirish uchun qo’yilgan dastlabki jiddiy qadam. O’rindoshning kimligi esa 2014-yilda kutilayotgan parlament saylovlariga borib aniqlanishi mumkin. Bungacha faqat taxminlar bilan cheklanishga to’g’ri keladi.

Tolib Yoqubov ham shunday qarashlar haqiqatga yaqin deb hisoblaydi – 2015-yilga borib 80 yoshga yaqinlashgan Islom Karimov davlat rahbari lavozimiga yana da’vogarlik qilishi qiyin. Xohishdan qat’iy nazar, tabiat qonuniyatlari bilan ham hisoblashish kerak. Albatta, yosh masalasi bir qadar bahsli tushuncha, ammo tajribadan ko’rayapmizki, 80 ga yaqinlashgan siyosiy yetakchilar ham topiladi.

Islom Karimov shaxsiyati bilan tanish odamlar uning voris haqida jiddiy o’ylanayotganiga shubha qilishadi. Bu shubhalar bilan hisoblashilsa, u 2015-yilda 5 yillik muddatga nomzod sifatida chiqishi mumkin. Shunday bo’lgan taqdirda, Islom Karimov tashabbusidagi demokratik konsepsiyaga muvofiq, o’zgartirilgan yangi qonunchilik asosida 5 yillik muddat uchun yana Karimov nomzodini ko’rsatish nazarda tutilayotgandir.

Ammo prezidentlik saylovini parlament shakllanib bo’lganidan keyingi davrga ko’chirishdan nima maqsad? Yangi parlament prezident uchun qo’shimcha vakolatlar bermoqchimi yoki prezidentlik maqomiga o’zgartirish kiritib, vakolatlarni olmoqchimi? O’zbekistonda parlament boshqaruviga o’tish haqidagi gap-so’zlar haqiqatdan ham jiddiymi? Shakliy o’zgarishlar mohiyatda yangilik bo’lishini bildiradimi? Hozircha bu savollar ochiq qolmoqda.

Yana bir diqqatli tomoni – men suhbatlashgan tahlilchilardagi ichki ohang. Bu ohang qonun ortidan favqulodda o’zgarishlarga ishonch kuchliligini ifoda etgandek. So’nggi 10 yil davomida turli demokratik islohotlar haqida bildirilgan fikrlardagi umidsiz ohanglardan farqli o’laroq, vatanda mohiyati mavhum qolayotgan shakliy o’zgarishlar muqarrar ekanini belgilovchi bir ohangga o’xshaydi.

26-mart, 2012, Berlin

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida:

Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi" bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi. Malik Mansur tanqidiy maqolalari uchun 2010-yilda davlat organlariga tuhmat qilganlik, haqoratlaganlik va jamoat xavfsizligiga tahdid solganlik aybi bilan Toshkentda sudga tortilgan. Jurnalist va uning reportajlarini efirga uzatgan "Amerika Ovozi" bu ayblovlarni asossiz deb hisoblab, sud ishini so'z va matbuot erkinligini cheklash uchun qilingan qadam deb atagan. Bafurja ma’lumotlar...

Ushbu blog haqida:

O'zbekiston va butun Markaziy Osiyodagi bugungi ahvol, siyosat, iqtisod, jamiyat... Yurtdoshlar nima fikrda? Ularni qanday masalalar qiynamoqda? Marhamat, shu sahifada munozara yuriting. Bu blog siz uchun ochiq. Vatandagi bugungi manzara sizga qanday ko'rinayotganini izohlab berishingiz mumkin.