Parijda asoslangan “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti O’zbekistonda qamoqda o’tirgan barcha jurnalistlar ozod etilishini so’ramoqda.  Tashkilot  Yevropa davlatlari Islom Karimovni qabul qilishga rozilik berishdan avval bu talab inobatga olinadi degan umidda.

Albatta bunday shart birinchi navbatda o’zbek jamoatchiligi va ayniqsa jurnalistlari tomonidan ko’tarilishi kerak edi. Biroq vaziyat hammamizga ayon – mamlakatda hech kim hukumatga bunday talab qo’ya olmaydi.

O’zbekistonda jurnalistlarga bosimning yangi to’lqini boshlangan. Viktor Krimzalov va Yelena Bondar yozilmagan maqola uchun jarimaga tortildi.  Xorij jurnalistlari O’zbekistonga kiritilmadi.

Voqealar rivojiga nazar tashlasak , nazorat bir daqiqa bo’lsa-da bo’shamagan. O’zbekiston haqida, xususan Andijon fojealari xususida taniqiy materiallar bitgan jurnalistlar “qora ro’yxati”  amalda, deydi “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining  Yevropa va Markaziy Osiyo bo’limi rahbari Yoxan Bir:

Johann Bihr

“2005 yil Andijon fojealaridan keyin mustaqil  matbuotni keskin bo’g’ishga kirishildi va hozirgacha bu siyosat o’zgarishsiz qolmoqda.  Buni jurnalistlarga belgilangan yangi jarimalar, BBC muxbiri Natalya Antelava, rossiyalik jurnalist Viktoriya Ivlevaning O’zbekistondan badarg’a qilinishi misolida ham  ko’rish mumkin.

Bilasizmi, bir gap bor “Odam yo’qmi, muammo ham yo’q ” degan. Bu bilan aytmoqchimanki, O’zbekistonda mustaqil jurnalistika deyarli tugatilgan. Bu vaqt mobaynida xalqaro jurnalistlarni ham O’zbekistondagi muammolarni yortishdagi faolligi unchalik kuzatilmagan. Shunday urunish bo’lishi bilanoq yana muammolar yuzaga chiqmoqda. Bu esa hukumatni so’z erkinligi bo’yicha pozitsiyasida biron o’zgarish  yo’qligidan darak.

So’nggi voqealar o’zbek hukumatida qandaydir asabiylik boshlanganini ko’rsatmoqda. Buni aniq bir sabab bilan izohlash qiyin.  O’zbekistonda vaziyat og’ir. Bizning hisobimizga ko’ra, 10 jurnalist qamoqda qolmoqda. Xalqaro miqyosda bu haqda juda kam gapiriladi. Biz vaziyatdan xalqaro jamoatchilik xabardor etilishi kerak deb hisoblaymiz “.

“Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti O’zbekistondagi vaziyatning  og’irligini inobatga olgan Germaniya kansleri Angela Merkelni qo’llab quvvatlamoqda.  Nemis matbuotiga ko’ra, Islom Karimov Germaniyaga safar qilishni istaydi, lekin Merkel ma’muriyati bu tashrif amalga oshishini siyosiy islohotlar bilan bo’glagan.  Ya’ni, O’zbekistonda ijobiy o’zgarish bo’lmasa, Karimov Berlinda xushlanmaydi.

Yoxan Bir deydiki,  Angela Merkel bu harakati bilan  Yevropa davlatlari inson huquqlariga befarq emasligini bildirmoqda.

“Albatta, bu qaror  Yevropa Ittifoqining umumiy pozitsiyasini belgilamaydi. Biroq Yevropadagi yirik davlatlardan birining rahbari tomonidan surilmoqda. Chunki Yevropa Ittifoqi yetakchilari ancha yillardan buyon O’zbekistondagi inson huquqlari masalasida qat’iy bir pozitsiya bildirmasdan kelayotgan edi.

To’g’ri, avvaliga Yevropa Ittifoqi Andijon voqealaridan keyin sanksiyalar joriy etdi. Biroq bu sanksiyalar, uning asosiy sharti – Andijon voqealari bo’yicha mustaqil tergov o’tkazilmasdan, olib tashlandi. Ayni paytda Germaniya siyosiy islohotlar talabini qo’yayaotgan ekan, bu talablarda qat’iy turadi, Islom Karimov bilan so’zlashuvlar faqat ma’lum shartlarga ko’ra amalga oshadi  degan umiddamiz. Biz bu shartlar qatorida O’zbekistonda qamoqda o’tirgan 10 jurnalistning ozod etish talabi bo’lishini xohlaymiz”, – deydi Yoxan Bir.

Bu 10 jurnalist ko’pchiligimizga tanish, bizning hamkasblarimiz va do’stlarimiz. Fursatdan foydalanib ularning ism-shariflarini keltirib o’taman.

Xayrulla Hamidov, Dilmurod Sayid, Rustam Ibragimov, Davron Qobilov, Ravshanbek Vafoyev, Abdulaziz Dadaxonov, Botirbek Eshqo‘ziyev, Solijon Abdurahmonov, Yusuf Ro‘zimurodov va Muhammad Bekjon.

Solijon Abdurahmonov va Dilmurod Sayidni yaqindan taniyman.

Solijon Abdurahmonovning narkotik savdosiga aloqadorligiga qanchalik ishonmasam, Dilmurod Sayidni pora olgani haqidagi da’volarni shunchalik asossiz hisoblayman.

Solijon Abdurahmonov 63 yoshga yaqinlashayapti, Dilmurod Sayyid esa shu oy o’zining 50 yoshini qamoqxonda qarshilaydi.

Solijon Abdurahmonovning farzandlari bor, ehtimol hozir nevaralari ham iziga termulyotgandir. Dilmurod Sayyidning oilasidagi fojeadan esa hammamiz xabardormiz. Xotini va qizchasi halok bo’lgani  panjara ortidagi jurnalistni qanchalik  dahshatga solgani va umidsizlantirganini tasavur qilish qiyin.

Qolgan hamkasblarimiz haqida ham aytish mumkin bo’lgan haqiqat shuki, ular hammasi jurnalist, jurnalist bo’lganda ham hukumat xohlagan so’zni emas,  xohlamagan so’zni yozgan, jasur va mas’uliyatli jurnalistlar.

Malik Mansur,  Germaniya