O’zbekistonda so’z va matbuot erkinligi – eng og’ir masalalar

Posted April 30th, 2012 at 5:16 pm (UTC+0)
1 comment

AQSh Navoiydagi qamoqxonada 12,5 yarim yillik jazo muddatini o’tayotgan mustaqil jurnalist Dilmurod Sayid ozod etilishini so’ramoqda.

Davlat departamentining bu chaqirig’i 3- may Xalqaro so’z erkinligi kuni munosabati bilan bildirilmoqda. Dilmurod Sayid tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan, kasbiy faoliyati uchun O’zbekistonda qamoq jazosini o’tayotgan mustaqil jurnalistlardan biri.

Dilmurod Sayid 2009-yilda tovlamachilik va ta’magirlikda ayblanib hibsga olingan edi. AQS nazarida tergov va sud jarayoni xalqaro me’yorlarja javob bermagan.

Korrupsiyani yoritgan Dilmurod Sayidning “Advokat press” nashrida e’lon qilingan “Yo’q haqida badiha” maqolasi nafaqat gazetaning sotuvdan olib qo’yilishi, balki jurnalistning ham ishdan haydalishi bilan yakunlangan.

Rahbarlarni yorqin kelajak to’g’risidagi  va’dalarni shubha ostiga olgan va 2005- yilda e’lon qilingan bu maqola hozirgacha o’zbek matbuotidagi so’nggi tanqidiy chiqish  bo’lib qolmoqda.

Bu vaqt mobaynida mustaqil jurnalist va nashrlarga nisbatan tazyiqlar kuchaydi.  2000-yillardan boshlab oyoqqa turushga harakat qilayotgan mustaqil jurnalistika repressiyalar to’lqinida yo’qqa chiqdi va tugatildi. Jurnalistlarning ayrimlari qamaldi, ayrimlari mamlakatni tark etdi.

Bugun O’zbekiston hibsdagi muxbirlar soni bo’yicha mintaqada yetakchilik qiladi. Bu qamashlarning aksariyati aynan shu davrga to’g’ri kelganini ko’rish mumkin.

2012-yilga kelib ham mamlakatdagi  so’z erkinligi  va mustaqil jurnalistlarga oid vaziyat o’zgarmagan, aksincha keskinlashgan. O’zbekiston chet el jurnalistlarini kiritmaydi, ayniqsa G’arb muxbirlarini. Ayni damda mustaqil jurnalistlar Elena Bondar va Viktor Krimzalovlarga nisbatan jinoiy ishlar qo’zg’atilgan.

Jurnalistlarga qo’yilgan ayblovlarning soxta va uydirmaligi shubha uyg’otmasa-da, ularning aybdor deb topilishi hukumat bosimni oshirayotganidan dalolat beradi.

Tazyiqlarning davomiyligi haqida mulohaza yuritayotgan mustaqil jurnalistlar uning sabablarini amaldagi hukumat  bilan uzviy bog’laydi.

Bu mulohazalarga ko’ra, so’z erkinligi bo’g’ilgan, mustaqil jurnalistlar faoliyati keskin cheklangan bir sharoitda ham ular siyosiy muxolifatni butkul siqib chiqargan, jamiyat ustidan mutlaq nazoratni qo’lga olgan rejim uchun asosiy muxolif sifatida qolmoqda.

O’zbekiston hukumati xalqaro maydonda “so’z erkinligi dushmani” deb ta’riflanadi. Tuzum erkin so’zni, haqiqatni naqafat qabul qilmaydi, balki bu so’zni aytgan, yozgan  jurnalistni qamaydi va  jazolaydi. Bu qonun va mantiq yuzasidan qanchalik g’ayritabiiy ko’rinmasin, mamlakatdagi oddiy haqiqatga aylandi. Achinarlisi esa bu haqiqatga xalqaro jamoatchilik ham ko’nikmoqda.

Dilmurod Sayid matbuot haqidagi tanqidiy shiqishlaridan birida Guantanamodagi qiynoqlarni yoritayotgan o’zbek matbuoti mamlakat qamoqxonlaridagi avholdan xabarsiz deya yozgan edi. Bu tanqidlar natijasi o’laroq  jurnalistning o’zi qamoqxonada azob-uqubatlarga mahkum etildi.

29 aprel kuni Dilmurod Sayyid 50 yoshini qarshiladi.Son’ggi xabarlarga ko’ra,  sil kasalligi bilan og’rigan jurnalistning salomatligi og’ir.

Malik Mansur,  Germaniya

One response to “O’zbekistonda so’z va matbuot erkinligi – eng og’ir masalalar”

  1. […] jamiyatdagi muammolarga, korrupsiyaga diniy islomiy nuqtai nazardan yondashishga urunishi bor edi. Xayrulla Hamidov yoki “Irmoq” gazetasi misolida buni aytish mumkin edi. Matbuotga nisbatan kuzatilgan keyingi […]

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida:

Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi" bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi. Malik Mansur tanqidiy maqolalari uchun 2010-yilda davlat organlariga tuhmat qilganlik, haqoratlaganlik va jamoat xavfsizligiga tahdid solganlik aybi bilan Toshkentda sudga tortilgan. Jurnalist va uning reportajlarini efirga uzatgan "Amerika Ovozi" bu ayblovlarni asossiz deb hisoblab, sud ishini so'z va matbuot erkinligini cheklash uchun qilingan qadam deb atagan. Bafurja ma’lumotlar...

Ushbu blog haqida:

O'zbekiston va butun Markaziy Osiyodagi bugungi ahvol, siyosat, iqtisod, jamiyat... Yurtdoshlar nima fikrda? Ularni qanday masalalar qiynamoqda? Marhamat, shu sahifada munozara yuriting. Bu blog siz uchun ochiq. Vatandagi bugungi manzara sizga qanday ko'rinayotganini izohlab berishingiz mumkin.