London Olimpiadasidagi sharafsiz ishtirok!

Posted August 14th, 2012 at 1:59 am (UTC+0)
Leave a comment

Londonda Yozgi Olimpiya o’yinlari yakunlandi. Shubhasiz, Olimpiada sport musobaqalarining cho’qqisi, shuning uchun bu tantana qoldirgan hayrat ham, alam ham ancha kuchli. Qolaversa, bu ulkan musobaqa har bir davlat uchun o’z imkoniyatlarini sarhisob qiladigan jiddiy sinov. Afsus, sinov O’zbekiston uchun sharafsiz kechdi.

Hali Olimpiya saralash bahsidan o’tayotgan  futbolchilarimizning jamoa sobiq murabbiyi Vadim Abramov ta’biri bilan aytganda “Londonga uchayotgan samolyot bortidan tushib qolishlari”, asosiy musobqada dzyudo bo’yicha chempionlikka bosh da’vogar Rishod Sobirovning bronza bilan kifoyalanishi delegatsiya hozirligi haqida xavotir uyg’otgandi.

Va bu davom etdi. Musobaqani birin-ketin tark etgan Sobirovning jamoadoshlari dzyudo bo’yicha umidlarni yo’qqa chiqardi. Mutlaq chempion Abdulla Tangriyev bilan bog’liq mojaro endi tasalli o’rnida o’tishi mumkin, har holda uning mag’lubiyatiga guvoh bo’lmadik.

Bu, albatta, istehzo tariqasida. Haqiqatda esa ko’pchilikka vaziyat oydin – Olimpiadadagi mag’lubiyat jismoniy, ruhiy, tashkiliy tayyorgarlik yetishmasligining natijasi bo’ldi.  Xullas, qo’lga kiritilgan litsenziyalardan qat’iy nazar, mamlakat Olimpiya jamoasi London o’yinlariga tayyor emas edi!

O’zbekiston Milliy Olimpiya qo’mitasi Pekin Olimpiadasidan Londongacha bo’lgan davr mobaynida uyquda bo’lgan tashkilotdek taassurot uyg’otadi.

Albatta, sportda omad ancha muhim narsa, biroq omadsizlik birvarakayiga 50 dan ortiq sportchining hammasiga tegishli deyish… Bu muffaqiyatsizlik sababini yashirish bo’ladi.

Bokschilarimizning finalga bir qadam qolganda  tutdek to’kilishini omadsizlikka yo’yish mumkin emas. G’oyibnazarov, Rahmonov, Latipov, Rasulovlar o’tkazgan so’nggi janglarning hammasi shundan darak beradi.

Final bosqichi uchun yetishmayotgan bir-ikki ochkoga erishish g’alabani belgilovchi irodani taqozo etadi. Buning esa jismoniy tayyorgarlikka daxli yo’q.

O’zbekiston sportchilari bellashuvda, ayniqsa, o’ta muhim so’nggi daqiqalarda o’zlarini qanday tutishlari… Bundan ular jismoniy, ruhiy va oddiy texnik jihatdan zarur tayyorgarlikdan o’tmagani seziladi.

Bokschi Abbos Otayev butun jang davomida texnik jihatdan ustunligini ko’rsatib turdi, lekin bellashuvning so’nggi daqiqalarida u taqdirga tan berganday taassurot uyg’otdi. Hisob ham alam qiladigan 12:13, vaholanki, ikkinchi raund Abbos foydasiga tugagan edi.

O’zbek sportchilarining aksariyati finalga bir qadam qolganda musobaqani tark etishi ko’proq ulardagi imkoniyat to’laligicha ochilmagani bilan bog’liq, yolg’iz raqibning kuchliligi bilan emas. Hal qiluvchi uchrashuvlarni kuzatib, bu narsani sezmaslik mumkin emas. Olimpiya o’yinlari boshidanoq kuzatilgan bu holat musobaqa oxirigacha davom etganiga qaraganda jamoada buni bartaraf etuvchi mutaxassisning o’zi yo’q.

Milliy Olimpiya qo’mitasi prezidenti Bi-Bi-Siga bergan intervyusida “sportchilarimiz harakatlarini ikki hissa oshirishlari kerak” dedi, biroq gap faqat sportchilarda emas, balki ulardagi imkoniyatni ocha bilishda, har holda Olimpiya qo’mitasi ham bu tayyorgarlik uchun mas’ul tashkilot.

Musobaqaning so’nggi kunlarida gilamga chiqqan erkin kurashchilarimiz ham shu “ta’qibdan” qutulishmadi, ikkita bronza boy berildi. Albatta, O’zbekiston uchun yagona oltin medalni keltirgan mashhur Artur Taymazov bundan istisno.

Afsuski, Taymazovning yagona oltini jamoaning Londondagi nochor ishtirokini oqlay olmaydi. O’zbekistonning davlat sifatidagi ishtiroki tushkunlik uyg’otadi. Bu tushkunlik sportchilarimizning jismoniy holati emas, balki ulardagi mavjud  imkoniyatdan foydalana olinmagani bilan bog’liq taassufdir.

O’zbekistonda sport yaqindan rivojlanayotgani yo’q. Respublika turli sport turlari bo’yicha o’z maktabiga, tarixiga, mashhur,malakali sportchilariga ega davlat. Shunday ekan, 30 millionli xalq sportchilaridan natija kutishga haqli.

2000-yilgi Sidney Olimpiadasida 1 oltin, 1 kumush, 2 bronza, 2004-yilgi Afina Olimpiadasida 2 oltin, 1 kumush, 1 bronza,  2008-yil Pekin Olimpiadasida 1 oltin, 2 kumush, 3 bronza. Londonda esa 1 oltin, 3 bronza, kumush medal yo’q, ya’ni sportchilar finalda bellashishgacha bormadi.

Olimpiya musobaqasidagi sport turlarining aksariyati bo’yicha O’zbekistonda federatsiyalar mavjud, ularning prezidentlari mamlakatdagi qudratli odamlar.

Masalan, Tennis federatsiyasining prezidenti – Milliy xavfsizlik xizmati raisi Rustam Inoyatov. Voleyboll federatsiyasining rahbari –  Tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Elyor G’aniev. Badiiy gimnastika federatsiyasi prezidenti – Lola Karimova. Bosh vazir o’rinbosari bo’lib ishlagan Svetlana Inomova – ikki federatsiyaga rahbar,  stol tennisi va sinxron suzish bo’yicha. Xullas, ro’yxatni yana davom ettirish mumkin.

Amaldorlarning federatsiyalarga mas’ulligini sportni rivojlantirish maqsadida qilingan ish deyish mumkin. O’zbekistondagi byurokratik sharoit, iqtisodiy muammolarning mavjudligi inobatga olinsa, bu, balki to’g’ri qarordir.

Har holda Futbol federatsiyasining prezidenti Mirabror Usmonovning faoliyati ancha sezilarli, lekin boshqa sport turlari yuzasidan buni aytish qiyin.

O’zbek sportining so’nggi natijalaridan shu narsa ayonki, federatsiya boshida qudratli amaldorning turishi bu sohada rivojlanish kechayotganidan dalolat emas.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida:

Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi" bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi. Malik Mansur tanqidiy maqolalari uchun 2010-yilda davlat organlariga tuhmat qilganlik, haqoratlaganlik va jamoat xavfsizligiga tahdid solganlik aybi bilan Toshkentda sudga tortilgan. Jurnalist va uning reportajlarini efirga uzatgan "Amerika Ovozi" bu ayblovlarni asossiz deb hisoblab, sud ishini so'z va matbuot erkinligini cheklash uchun qilingan qadam deb atagan. Bafurja ma’lumotlar...

Ushbu blog haqida:

O'zbekiston va butun Markaziy Osiyodagi bugungi ahvol, siyosat, iqtisod, jamiyat... Yurtdoshlar nima fikrda? Ularni qanday masalalar qiynamoqda? Marhamat, shu sahifada munozara yuriting. Bu blog siz uchun ochiq. Vatandagi bugungi manzara sizga qanday ko'rinayotganini izohlab berishingiz mumkin.