Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Polsha poytaxti Varshavada o’tgan uchrashuvlarda Markaziy Osiyoda korrupsiya muammosi muhokama qilindi

Huquq himoyachilari Stiv Sverdlov, Mo’tabar Tojiboyeva va Dmitriy Tixonov, YXHT tashkil etgan yillik anjumanda, Varshava, 26-sentabr, 2012

 Huquq himoyachilari Stiv Sverdlov, Mo’tabar Tojiboyeva va Dmitriy Tixonov, YXHT tashkil etgan yillik anjumanda, Varshava, 26-sentabr, 2012 

O’zbekistonda yaqinda yopilgan va mulki musodara qilingan MTS uyali aloqa kompaniyasi millionlab dollar mablag’ yo’qotganini da’vo qilar ekan, Varshava uchrashuvlarida iqtisodiy farovonlik bilan chambarchas bog’liq inson huquqlari mavzusiga e’tibor qaratildi.

YXHT anjumani doirasida “Human Rights Watch” huquq tashkiloti va MTS-O’zbekiston kompaniyasi hamkorlikda inson huquqlari toptalayotgan mamlakatda biznes kafolati va imkoniyatlari mavzusida munozara uyushtirdi. Aniqrog’i, respublikada ishlash bugun qanchalik qiyin ekani xususida gap ketdi.

Varshava anjumanida

Varshava anjumanida

MTS rahbariyatining bildirishicha, O’zbekiston huquq tartibot organlari kompaniyani tekshirar ekan, xodimlarga nisbatan keskin bosim o’tkazgan.

MTS vitse-prezidenti Maykl Xekker (Michael Hecker)  deydiki,  bizneslarga tazyiq masalasini huquq tashkilotlari bilan muhokama qilish, faollar bilan fikr almashish umumiy vaziyatni oydinlashtirishda yordam beradi. 

Human Rights Watch xalqaro tashkilotining O’zbekiston bo’yicha bosh mutaxassisi Stiv Sverdlov (Steve Swerdlow) nazarida O’zbekistonda vaziyat og’irligicha qolmoqda va MTS qanday yopilgani bunga yana bir misol. 

“Britaniyaga qarashli “Oxus Gold” kompaniyasi ham MTSgacha xuddi shunday muammoga uchragan edi. Umumiy xulosa shuki, inson huquqlari toptalayotgan mamlakatda biznes yuritsh ham xafvli”, – deydi Sverdlov.

O’zbekiston hukumati kompaniyani firibgarlik va boshqa moliyaviy jinoyatlarda aybladi. Toshkentda o’tgan sudda MTSning bir necha xodimi shartli qamoq jazosiga mahkum etildi, mol-mulki davlat foydasiga musodara qilindi.

MTS esa ayblovlarni inkor etib, xodimlari ularga qiynoq ostida iqror bo’lganini aytadi. 

Xo’sh, 9,5 million kishini uyali aloqa bilan ta’minlagan kompaniya yopilishidan kim manfaatdor? 

MTS vakillari

Kompaniya vitse-prezidenti Maykl Xekkerning aytishicha, MTS kompaniyasida prezident Karimovning oilasiga tegishli aksiyalar bo’lmagan.

Xekker raqib “Ucell” kompaniyasining shvetsiyalik ta’sischisi TeliaSoneraning O’zbekistonda pora berib ishlagani haqidagi xabarlardan voqif ekanini, ammo bu haqda izoh berishni istamasligini ta’kidlaydi. Xekker MTSga qilingan hujum ortida “Ucell” yoki boshqa bir kompaniya turishi ehtimolini ham rad etdi.

Shvetsiya matbuotiga ko’ra, TeliaSonera 2007-yilda Gulnora Karimovaga aloqador kompaniyaga 335 million dollar miqdorda pora berib, o’zbek uyali aloqa bozoriga kirgan. Ayni damda bu ish bo’yicha tergov ketmoqda.

Maykl Xekker MTS O’zbekistonda reyderlik hujumiga uchragan, kompaniya aksiyalarini o’zlashtirmoqchi bo’lgan shaxslar bor, biroq ularning kimligi noma’lum, deydi.

MTS vakili “Human Rights Watch” bilan hamkorlikda davra suhbati uyushtirishdan maqsad O’zbekistonda inson huquqlari va biznesga doir og’ir vaziyatdan jamoatchilikni xabardor etish ekanligini aytadi.

Ayrim tahlilchilarga ko’ra, O`zbekiston xususiy manfaatlarini himoya qiluvchi kichik bir doiraning qattiq nazoratidagi, iqtisodiy tajovuzlarga asoslangan mamlakat bo’lib qolmoqda. MTS mavjud bosimlardan qat’iy nazar o’z aktivlari uchun kurashni davom ettirmoqchi. 

Malik Mansur,  Varshava, Polsha