Mardikorlar Kasaba Uyushmasi tuzildi

Posted January 5th, 2013 at 6:03 pm (UTC+0)
Leave a comment

Bu o’zgarishlardan darakmi?

 

2012-yil O’zbekiston hayotida sodir bo’lgan muhim voqealar sarhisobiga kirmagan bir voqea haqida to’xtalmoqchiman.

Xabaringiz bo’lsal, o’tgan yili O‘zbekistonda Mardikorlar Kasaba Uyushmasi tuzilgan.

Hali oyoqqa turmagan bu tashkilot haqida katta gapirish sizda istehzo uyg’otishi mumkin. Zotan, bizdagi turg’unlik bu kabi masalalarga bundan boshqacha munosabatda bo‘lishga  hojat ham qoldirmaydi.

Mardikorlar Kasaba Uyushmasini tuzish harakatini shu turg‘unlik chegarasidan o‘tishga bo’lgan urinish deb baholash mumkin.

Tashabbuschilar Abdulla Tojiboy og’li va Nuriddin Jumaniyozovning aytishicha,  tashkilotning ta‘sis majlisi o’tkazilganda, chetdan ularga biror bosim ko‘rsatilmagan.

Majlisda tashabbus guruhiga rais sifatida saylangan Nuriddin Jumaniyozov yangi uyushmaning rivoj topishiga ishonadi. Keling, buni uning o’zidan eshitaylik.

Nuriddin Jumaniyozov mardikorlar uyushmasi haqida (Audio)

Ta‘sis majlisining o’tkazilishiga ruxsat berilishi hukumatda mustaqil  tashkilotlarga nisbatan munosabat ijobiy tomonga o‘zgara boshladi, degani emas. Ammo bu masalani mulohaza qilib ko‘rish uchun arzigulik asos.

Mardikorlar Kasaba Uyushmasi hozirgacha 500 ga yaqin tarafdorlaridan imzo yiqqan. O‘zbekiston sharoitida bu  aholi ijtimoiy kayfiyatida kechayotgan  o’zgarishlardan darak beruvchi ko‘rsatkich.

2010-yilda advokat Ruhiddin Komilov muxolif siyosiy partiya tuzish maqsadida majlis tashkil etgan edi.

„Xalq manfaatlari“ sotsial demoktarik partiya sifatida rejalangan bu tashabbus haqida boshqa hech narsa eshitmadik. Ikki yildan uzoq davom etgan bu jimlikdan shuni anglashimiz mumkinki, partiya faoliyatini yo’lga qo’yish imkoniyati bo‘lmagan.

Shundan keyingi mavjud bo‘shliqda  Mardikorlar Kasaba Uyushmasi yuzaga chiqmoqda. So‘nggi xabarlarga ko`ra, tashkilot faollari Ichki ishlar vazirligida qabul qilingan. Vazirlik vakili bilan mardikorlar haq-huquqlarini himoya qilish yuzasidan muzokara olib borilgan. Bu umidli xabar.

Mustaqil siyosiy-ijtimoiy tashkilotlar, tashabbuslar mamlakatda keskin ta’qib ostiga olinishi haqiqat. Bu ta‘qiblar orasidan mustaqil tashkilot sizib chiqayotganini turlicha qabul qilish mumkin.

Albatta, bu iliqlikdan darak deyishga hali erta. O‘zgarishlar shamoli haqidagi xabarlar hozirgacha faqat tazyiqlarning kuchayishi bilan nihoyalanmoqda.

Nima bo‘lishidan qat‘i nazar, shu vaqtgacha bo‘lgan tajribadan kelib chiqib aytish mumkin bo`lgani yana o`sha eskilik: Uyushma faollashishi ortidan bosimlarning yangi to`lqini boshlanishi ehtimoli katta.

Shu bahonada burash lozim bo`lgan nuqtalar aniqlanadi, siqiladi. Boshqa tomondan, fuqarolar faolligi uchun berilgan izn chegarasi nisbatan ochiqlanadi.

Shart qo‘yish hukumatdan. O’zgarish qilishga intilayotgan faollarda bu shart qoidalarini qabul qilishdan boshqa chora yo`q. Navbatdagi faollik navbatdagi hibsga yetaklashi  ham isbotlangan haqiqat.  Shuning uchun bu cheklovdan o`tishga ko‘pchilikda jazm ham, xohish ham yo‘q.

Ammo qoldirilgan imkoniyatlar shu xavotirli nuqtada ekan, buning uchun  jazm va iroda topganlar shubhasiz tahsinga, qo`llab-quvvatlashga loyiq.

Malik Mansur,

Germaniya

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida:

Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi" bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi. Malik Mansur tanqidiy maqolalari uchun 2010-yilda davlat organlariga tuhmat qilganlik, haqoratlaganlik va jamoat xavfsizligiga tahdid solganlik aybi bilan Toshkentda sudga tortilgan. Jurnalist va uning reportajlarini efirga uzatgan "Amerika Ovozi" bu ayblovlarni asossiz deb hisoblab, sud ishini so'z va matbuot erkinligini cheklash uchun qilingan qadam deb atagan. Bafurja ma’lumotlar...

Ushbu blog haqida:

O'zbekiston va butun Markaziy Osiyodagi bugungi ahvol, siyosat, iqtisod, jamiyat... Yurtdoshlar nima fikrda? Ularni qanday masalalar qiynamoqda? Marhamat, shu sahifada munozara yuriting. Bu blog siz uchun ochiq. Vatandagi bugungi manzara sizga qanday ko'rinayotganini izohlab berishingiz mumkin.